
"Buxoro" bosh murabbiyi: Xomyakovning jamoamizga katta foydasi tegishiga ishonaman
Yaqinda saytimiz orqali xabar berganimizdek, Aleksandr Xomyakov “Buxoro” klubida maslahatchi murabbiy lavozimida ishga kirishdi. Albatta, rossiyalik mutaxassisning buxoroliklar jamoasiga taklif etilishi bejiz emas. Boisi, klub bosh murabbiyi Jamshid Saidovning Xomyakov bilan iliq munosabatda ekanligi ham o‘z ta’sirini ko‘rsatgan bo‘lsa ajab emas.
Negaki, Saidov-Xomyakov tandemi bunga qadar “Mash’al”da va “Andijon”da faoliyat olib borganini yaxshi bilamiz. Endi esa ular “Buxoro”da ham birgalikda ishlashadi. Shu o‘rinda Jamshid Saidov Xomyakovni klubda ish boshlashiga doir masalaga to‘xtalib o‘tdi.
- Bilasiz-ku, men Aleksandr Xomyakov bilan ko‘p yillardan buyon birga ishlab kelaman, - deydi Saidov. - Agar u qaerga borsa, meni etaklaydi, men biror klubda ish boshlasam, uni chaqiraman. Bir-birimizni yaxshi bilamiz, uzoq yillik qadrdonmiz va u bilan oilaviy bordi-keldilarimiz ham bor. “Buxoro” klubiga bosh murabbiy etib tayinlanganimdan keyin darhol Xomyakovni ishga taklif qildim. Ammo u dam olishim kerak, hozir biroz erta degandi. Lekin shuni alohida aytishim kerakki, Aleksandr Andreevichning tajribasi katta. Men ko‘ra olmagan jihatlarni u ko‘rishi mumkin. Shu bois Xomyakov o‘z maslahatlari bilan menga yordam berib tursa, albatta jamoamizga katta foydasi tegadi. Nima bo‘lganda ham Xomyakovni “Buxoro”da ishlashga ko‘ndirdim. Nasib bo‘lsa, endi klubimizda ishni boshlaydi.
Bizning birinchi galdagi vazifamiz “Buxoro”ni Superligada saqlab qolish. O‘zingiz ham jamoamizning turnir jadvalidagi holatini ko‘rib turibsiz. Hozirgi vaziyatdan kelib chiqib “Buxoro”ni kuchlilar orasida qoldirish o‘z-o‘zidan asosiy vazifamizga aylangan. Bu yo‘lda Xomyakov bilan birga ishlab, qo‘limizdan kelganicha bor kuch va imkoniyatlarimizni ishga solishga harakat qilamiz.
Shunday qilib, “Buxoro” klubining murabbiylar shtabi butunlay yangilandi. Sobiq bosh murabbiy Muhsin Muhammadiev boshchiligidagi shtab iste’foga chiqarilgach, jamoada yangi shakllangan murabbiylar jamoasi ish boshladi. Jamshid Saidov esa klubda aynan qaysi mutaxassislar ishlayotganini ochiqladi.
- Murabbiylar shtabiga jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha Augustin Chiritsani oldim. Aleksey Roshchin esa darvozabonlar murabbiyi sifatida faoliyat olib boradi. Bundan tashqari, yana bir mutaxassis Nikolay Minchev ham jamoamizda ish boshladi. U texnik direktor lavozimini egalladi. Ko‘rib turganingizdek, murabbiylar shtabi hartugul yaxshi ko‘rinishga keltirildi. Ularning tajribalari katta. Barchamiz birgalashib, og‘ir vaziyatdan chiqishga harakat qilamiz. Qisqasi, yonimdagi murabbiylardan ko‘nglim to‘ldi. Bungacha ham yaxshi klublarda ishlashgan, terma jamoalarda ham faoliyat ko‘rsatishgan. Etarli bilimga ega mutaxassislar. O‘zim ham ulardan ko‘p narsani o‘rganaman. Barcha murabbiylarning “Buxoro”ga yordami tegishiga ishonaman.
Ayni paytda chempionatda yuzaga kelgan navbatdagi tanaffus tufayli klublar ham qisqa muddatli ta’tilga chiqishgandi. “Buxoro” ustozi esa jamoasi bilan qachondan mashg‘ulotlarni boshlashini aytdi.
- 3 avgustdan mashg‘ulotlarga kirishamiz. Bungacha Qurbon Hayiti bayrami munosabati bilan yigitlarga dam bergandik. 14 avgust kuni “Bunyodkor”ga qarshi qoldirilgan o‘yinni o‘ynashimiz kerak. Agar reja o‘zgarmasa, o‘sha kuni rasmiy uchrashuvda ishtirok etishimiz kerak, qolganini vaqt ko‘rsatadi.
Darvoqe, yaqinda klubda bir nechta o‘yinchilarda koronavirus holati aniqlangandi. O‘z o‘rnida Jamshid Saidov bugungi kunda o‘yinchilarning holati qandayligi borasida xabar berdi.
- Futbolchilarimizda koronavirus chiqqanidan keyin barchalari karantinga olingani haqida aytgandim. Shifokorlar bilan gaplashib turibmiz, ularning aytishicha, futbolchilarimizning holati yaxshi, temperaturasi yo‘q. Baribir ularning o‘ziga kelishi va oyoqqa turishi uchun yana biroz vaqt kerak bo‘ladi. Ularga birdaniga “nagruzka” berib bo‘lmaydi. 3-4 kundan keyin yana bir bor test topshirib ko‘ramiz. Keyin shunga qarab ishimizni yana davom ettiramiz.
Fikrlar