
"Bunyodkor" - "Dinamo" uchrashuvida hakamning bahsli qarorlari to‘g‘ri deb topildi - O‘FA
O‘FA Hakamlar bo‘limi O‘zbekiston Superligasining 4-turidan o‘rin olgan “Bunyodkor” — “Dinamo” (2:1) uchrashuvidagi hakamlar qarorlari bo‘yicha xulosalarini taqim etdi.
Unga ko‘ra, o‘yinning 30 va 79-daqiqalarida “Bunyodkor” jamoasi hujum tashkil qilganida to‘p raqibning qo‘liga tegdi. Jarima maydonchasi ichida sodir bo‘lgan vaziyat ehtimoliy penalti sababli VAR hakamlari tomonidan ko‘rib chiqildi va bosh hakamga holatni takroran ko‘rish tavsiya qilindi. Vaziyatlarni qayta ko‘rilgach, ikkala holatda ham penalti belgilandi. Mutaxassislar fikriga ko‘ra, penaltilarning har ikkisi to‘g‘ri belgilandi.
O‘yinning 60-daqiqasida “Dinamo” futbolchisi to‘psiz vaziyatda raqibiga nisbatan o‘ta qo‘pol tarzda zarba berdi. Bosh hakam ushbu holatni ko‘rmay qolgan. Vaziyat ehtimoliy qizil kartochkaga sabab bo‘lgani uchun VAR hakamlari bosh hakamni maxsus ekranga taklif qilishdi. Vaziyat ko‘rib chiqilgach, “Dinamo” futbolchisiga qizil kartochka ko‘rsatildi. Mutaxassislar fikriga ko‘ra, yakuniy qaror to‘g‘ri chiqarildi.
Shuningdek, 67-daqiqada jarima zarbasidan uzatilgan to‘pni “Bunyodkor” futbolchisi darvozaga kiritdi. Ammo to‘p uzatilgan vaqtda “qaldirg‘ochlar”ning 4-raqamli futbolchisi raqibiga nisbatan qo‘pollik ishlatgan. Bosh hakam hujumda fol qayd etdi va kiritilgan golni bekor qildi. Ushbu holatda VAR hakamlari ham bosh hakam qarorini ma’qullashdi. Mutaxassislar fikriga ko‘ra, hakam qarori to‘g‘ri bo‘ldi.
O‘yinning 90+4-daqiqasida “Dinamo” futbolchisi raqibiga nisbatan keskin tarzda qo‘pollik ishlatgani uchun jarima to‘pi belgilandi, futbolchi esa sariq kartochka bilan ogohlantirildi. Mutaxassislar fikriga ko‘ra, ushbu holatda bosh hakamning qarori to‘g‘ri bo‘lgan.
O‘FA tegishli qo‘mitasi hakamga nisbatan muxlislar tomonidan sodir etilgan vaziyat bo‘yicha o‘z xulosasini beradi. Shuni ta’kidlash joizki, o‘yindagi vaziyatlarda hakamlar tomonidan qabul qilingan yakuniy qarorlar to‘g‘ri bo‘ldi.
Izoh: Uchrashuv bosh hakami mazkur o‘yinda 3 marotaba VAR yordamida qaror qabul qilganligi sababli tegishli tartibda ogohlantiriladi.
O‘FA matbuot xizmati
Fikrlar