
Buni o‘qishingiz kerak: u nega "Andijon"ni tanladi? Agenti bilan aloqani uzdimi? Nima uchun rus matbuotiga boshqa intervyu bermaydi? Jasur Jaloliddinov bilan katta suhbat
Jasur Jaloliddinovning “Andijon” bilan shartnoma tuzgani hamma uchun kutilmagan yangilik bo‘ldi-a? Albatta, buni ko‘pchilik kutmagandi.
Ammo futbolchi o‘zi uchun qulay tanlovni qabul qildi. Kuni kecha sports.uz muxbiri futbolchi bilan klub bazasida uchrashib katta suhbat uyushtirdi.
- Jasurbek, “Andijon” jamoasiga o‘tishingizni hech kim kutmagandi, shu sababli futbol jamoatchiligi orasida o‘ziga yarasha reaktsiya keltirib chiqardi. Sizning bu erga kelishingiz fonida top-transferlar orasida peshqadam bo‘lsangiz ajab emas...
- Bu unchalik ham kutilmagan bo‘lmadi. Qaysidir ma’noda kutilgandi ham. Boshqa qiziqarli chempionatlarda transfer oynasi yopiq va boshqa takliflar o‘rtamiyona darajada. Taklif bo‘ldi deganda sen u erga borib, o‘ynab ketasan, degani emas. Shuning uchun shoshilmaslikka qaror qildim. Ko‘p narsa sport formaga ham bog‘liq. “Andijon”da o‘ynab, o‘yin amaliyotimni oshiraman. Rahbarlar va muxlislarning ishonchini oqlamoqchiman. Har taraflama o‘zimga kelib, keyinchalik boshqa rejalar haqida o‘ylashim mumkin. Hozir u yoqdan bu yoqqa ko‘chib yuradigan payt emas. Birinchi navbatda fikrimni bir joyga yig‘ib, o‘yinim haqida o‘ylashim kerak. Chet klublari bilan kelishuv qiyin bo‘ladi, ular baribir o‘zining shartlarini qo‘yadi. “Andijon”da esa vaziyat boshqacharoq. Muhimi, ular meni eshitishyapti. Istaklarimni hurmat qilishyapti. Aniq ayta olamanki, “Andijon”dan turib Superliganing boshqa jamoasiga o‘tmayman. “Andijon” menga shuni va’da berganki, agar menga xorijdan yaxshi taklif tushsa, besh kun ichida qo‘yib yuboradi.
- Demak, klub bilan kelishuv shunday bo‘ldi-a?
- Ha, kelishuv shunaqa. Qachon va qanaqa jamoadan taklif bo‘lishining farqi yo‘q, meni majburlab olib kelishmagan. Biz hammasini aniq-tiniq kelishib olganmiz. Aka-ukachilik, ustoz va shogird tushunchasidagi o‘zaro hurmat yuqori. Biz bir-birimizga ishonib shartnoma tuzdik. Agar chetdan yaxshi taklif bo‘lsa va ketishni istasam, klub meni qo‘yib yuboradi.
- Yaqinda Vadim Abramovdan siz haqingizda intervyu olgandim. U sizning “Andijon”ga o‘tishingizni unchalik oqlamagandek bo‘ldi va chetga ketishingizni istaganini aytdi. Bunga munosabatingizni bilmoqchiman.
- Abramov meni ko‘targan murabbiy. Har qanaqa gap aytishga haqqi bor. Men uning fikrlarini har doim eshitaman va har bir maslahatini hurmat qilaman. O‘zim ham Evropada o‘ynashni xohlayman. Kim ham buni xohlamas ekan? Lekin chetga ketishim kerak, deb har qanaqa taklif bo‘lsa ham ketavermayman. Kimlarnidir maslahatiga qaramadim. “Andijon”ga o‘tish qarorini o‘zim obdon o‘ylab, keyin hal qildim. Uyimdagilar ham bu safar shoshilmasligimni tayinlashdi. Shuning uchun uzoq o‘ylandim. E’tibor bersangiz, men uch oy oldin ham “Andijon”ga kelib mashg‘ulotlarida qatnashishni boshlashim mumkin edi. Ammo o‘tgan uch oy davomida shug‘ullanib, hammasini yaxshilab o‘ylab, keyin bir qarorga keldim. “Andijon”ga o‘zidan-o‘zi kelib qolganim yo‘q. To‘g‘ri, mening bu erga kelishim muxlislar uchun syurpriz bo‘lsa kerak, lekin o‘zim uchun bunday emas.
- Siz haqingizdagi oxirgi voqealardan so‘ng, ko‘pchilik o‘z fikrlarini aytdilar. Ayniqsa, “Lokomotiv” Moskvaga o‘tishingiz omadsiz transfer sifatida baholandi. Bunday vaziyatda sizga ham oson bo‘lgani yo‘q. Bo‘lib o‘tgan ishlardan qanday xulosa chiqardingiz?
- To‘g‘ri, chekkadan qaraganda xunuk holat. Lekin ichkaridan qaraganda sabablar bor. Ammo men sabab qidirmadim. 18 yoshdaman. 6 oy davomida shu ishlar bo‘lgan bo‘lsa, “Lokomotiv”da faqat minusga ishladim, deya olmayman. O‘ziga yarasha plyus taraflari ham ko‘p. Buni faqat o‘zim bilaman. Chunki men ichkarida klub bilan birga bo‘ldim, mashg‘ulotlarida va jamoa hayotida hamnafas edim. Ko‘rgan-kechirganlarim va ichimdagilarni kimgadir aytib ham etkaza olmayman. Hammasini faqat o‘zim his qilganman. To‘g‘ri, nimanidir yo‘qotgandirman, ammo shu bilan birga topganlarim ham bo‘ldi. O‘zbekistonda o‘ynab biroz tajriba to‘plagan bo‘lsam, u erda zaxirada o‘tirganda qanaqa xis-tuyg‘ular o‘tishi, ayniqsa, legioner sifatida maydon va uning tashqarisida ichki kechinmalarni his qildim. Evropalik tajribali futbolchilarning ishga bo‘lgan munosabati qanaqa, top-o‘yinchilar – Lovren, Malkom, Shomurodov va boshqalarga qarshi uchrashuvlarda zaxirada o‘tirib, ularning o‘yinlarini ko‘rib nimalarnidir o‘zim uchun oldim. Baribir bundaylarning o‘yinlarini o‘z ko‘zi bilan ko‘rish boshqacha. “Lokomotiv”dagi barcha futbolchilar bilan esa, deyarli har kuni birga bo‘ldim. Ular bilan o‘tirib birga ovqatlandik, birga suhbatlashdik. Shularning o‘zi ham mendek yosh o‘yinchiga katta narsa beradi. Muxlislar bir yarim soat futbol ko‘rishadi. Lekin o‘yinchi uchun maydon tashqarisida o‘rganishi mumkin bo‘lgan jihatlar ham ko‘p. Maydondagi o‘yin birinchi navbatda uning tashqarisida boshlanishini ko‘rdim. Tartib-intizom, ishga bo‘lgan munosabat, ovqatlanish, mashg‘ulotlar jarayonlari, umuman barchasini ko‘rib o‘rgandim.
- “Lokomotiv” futbolchilaridan kimlar bilan aloqani saqlab qolgansiz?
- Ko‘p insonlar bilan aloqam bor. Hujumchi Lisakovich hozir “Lokomotiv”da “ochilib” ketdi. U bilan bir xonada yashardim...
- Ha, u belaruslik edi. “Shaxtyor”dan olib kelingandi...
- To‘g‘ri. Jasur Yaxshiboev uning o‘rniga “Shaxtyor”ga borgandi. “Lokomotiv” uni 1,5 millionga sotib olgandi. Unga ishonishardi va ishonchni oqlayapti. Lisakovichdan misol qiladigan bo‘lsam, u etim bola. Bolalar uyida katta bo‘lgan ekan. Hammasini menga aytib bergandi. Keyin u biroz telbaroq bola. Uning o‘zi klub oshpazlariga agar gol urmasam, menga ovqat bermanglar, bundan xafa bo‘lmayman, deydi. Shu gaplarning o‘ziyoq menga katta tajriba maktabidir. Uni qanday kuchli ekanligini ko‘rdim. Garchi etim o‘sgan bo‘lsa ham “sinib” qolmagan. Lisakovichda hayotga bo‘lgan yondashuv boshqacha. Shuningdek, u kompyuter o‘yinlarini ko‘p o‘ynardi va menga ham o‘rgatib qo‘ygan. Lisakovich bilan tez-tez o‘ynab turaman va muloqotda bo‘lamiz. Aka-uka Miranchuklar bilan ham doimiy aloqadaman. Ular meni har doim qo‘llab-quvvatlab turishadi. Ayniqsa, katta Miranchuk meni ko‘p qo‘llaydi.
- “Tambov”ga o‘tganingizdan keyin ham o‘yin amaliyotiga ega bo‘lmadingiz. U erdagi faoliyatingizni eslashni ham xohlamayapsizmi?
- Yo‘q, eslayveraman. Do‘stlarim bilan bu mavzuda gaplashaveraman. To‘g‘ri, o‘ynamaganim uchun chetdan qaraganda xunuk ko‘rinadi. Ammo ichkarida bo‘lganim uchun menga ko‘p narsa qiziq edi.
- Aslida u erda nima bo‘lgan? “Tambov”ga qo‘shilganingizda maydonda to‘p surishingizni kutgandik. Balki murabbiy bilan munosabat yaxshi emasmidi, sizga ishonmasdimi yoki boshqa sababmi?
- To‘g‘risi, “Lokomotiv”da buning sabablaridagi hamma narsa menga ham ko‘rinmaydi. Lekin murabbiyning menga bo‘lgan munosabati yaxshi edi. Qanaqadir hammasi yaxshidek tuyulardi, ammo baribir vaziyat boshqa edi. U erda 10 ta legionerdan 8 tasi qolishi kerak. Men ko‘p vaqt “zayavka”da ham bo‘lmay turdim, hujjat ishlari tufayli. Keyin kirgizishdi. Miranchukni yo‘qotishgandi. Chempionlar ligasi oldidan tarkibni kuchaytirishmasa bo‘lmasdi. Lekin yangi chaqirishgan futbolchisi bilan ham natija qila olishmadi. Balki agentlar ham o‘shanda nimanidir hal qilishlari kerakmidi?! Lekin meni ko‘zim bilan ko‘ringanida hammasi yaxshi-yu, qandaydir tushunarsiz joyi bordek tuyulardi. Chunki rostdan ham imkoniyatga ega bo‘lmasdim.
“Tambov”da hech kimga hech qanaqa e’tirozim yo‘q. Chunki ikki kun qolganida, u erga ijaraga berishdi. Hamma jamoa o‘yinchi yig‘ib bo‘lgandi. Agar oldinroq harakat qilinganida yana qaysidir klub meni o‘z safiga qo‘shib olardi. Balki o‘shanda o‘ynash imkoniyatim bo‘lardi. Bu erda “Tambov”ni ham ayblay olmayman. Bu klubda yaxshi xotiralarni boshimdan kechirganman. “Tambov”da “Andijon”dagidek aka-ukachilik, samimiylik ko‘proq. U erdagi futbolchilar 5-6 oylab umuman pul olishmasdi. Sharoiti qiyin edi. Biroq jamoaning ahilligi zo‘r edi. 37, 38, 41 yoshli futbolchilari bor edi.
- “Lokomotiv” bilan shartnomangiz bekor bo‘lganidan keyin O‘zbekistonda ko‘pchilik sizni agentingiz Yuriy Belous bilan hamkorlikni to‘xtashingiz haqida fikrlar ko‘p eshitildi. Hozirda bu masalada nima deya olasiz? U bilan aloqani uzdingizmi yoki...
- Hozircha davom ettiryapman desam ham bo‘ladi. Lekin bu oxirgi bosqichlarida bo‘lsa kerak. To‘g‘risi, hozir biror nima deyishni ham xohlamayman. Chunki buning mavridi ham emas. Agentlarim haqida hech qachon biror erda yomon gap aytmayman. Chunki ular ham qaysidir ma’noda menga nimadir qilib berishdi.
- Aloqani uzmadingizmi?
- Uzyapman.
- “Andijon”ga o‘tishingizda ular bilan maslahatlashmadingizmi?
- Yo‘q. Ha, ular mening bu qarorimni bilishardi. Ammo aloqani uzmoqchiman. “Andijon” bilan shartnoma tuzishga ham agent kerak, deb o‘ylamayman.
- Yuriy Belous Rossiya matbuotiga bergan intervyusida sizni O‘zbekistonning o‘rtamiyona jamoasiga o‘tdi, degan fikrlarni aytdi...
- Ular bilan ko‘p gaplashmadim. Shunchaki, o‘z fikrlarini aytishgandir. Bosh murabbiy Otabek aka G‘ulomxo‘jaevni hamma biladi. Meni hech kim “Andijon”ga majburlab olib kelmasa kerak, deb o‘ylayman. Klubdan hech kim menga qo‘ng‘iroq qilib, iltimos shu erga kel, deyishmagan ham. Shunchaki, menga agar xohishing bo‘lsa, jamoaga kelib o‘yna, deyishdi. Yuqorida aytganimdek, “Andijon”ning menga aytgan taklifi juda ma’qul tushdi. O‘zbekiston Superligasidan birorta klub menga bunday taklif bergani yo‘q. To‘g‘ri, og‘zaki chaqirishdi, faqat o‘zining shartlari bor edi. Ya’ni, boshqalar chetdan yaxshi taklif bo‘lib, ketishga xohishing bo‘lsa, qo‘yib yuboramiz, degani yo‘q. Bu erda hech kimdan qancha oylik maosh qilib berishini so‘raganim yo‘q. Bu erga pul uchun kelmadim, bu haqida gap-so‘z bo‘lishi mumkin emas. Bu yil “Andijon” jamoasida moddiy tomondan katta muammo bo‘lmasa kerak. Shunaqa bo‘lsa ham bu erga pul uchun kelmadim, bu aniq.
- “Andijon”ga o‘tganingizdan keyin Belous sizdan nimaga bunday qarorga kelganingiz haqida so‘radimi?
- Ushbu mavzuda u bilan gaplashganlarimiz ikkimizning oramizda qoladi. Albatta, Yuriy Belous bilan gaplashdim.
- Rus matbuoti ham sizga bu borada aloqaga chiqyaptimi?
- Rossiya matbuotiga intervyu bermayman, deb aytganman.
- Nima sababdan?
- Chunki u erning matbuoti boshqacharoq. Rossiyada boshida intervyu berganman. Ana shundan keyin boshqa intervyu bermayman, deb o‘zimga-o‘zim aytganman.
- Ularga nisbatan ishonchingiz yo‘qolganmi?
- Bilmayman. Rus matbuotida muhokama ko‘p bo‘ladi. Gaplaringizni boshqacha ma’noda tushunishlari ham mumkin.
- Sizga oxirgi paytlarda Turkiya, Ispaniya, Germaniyadan takliflar bo‘lgani xususida ma’lumotlarga ega bo‘ldik. Bu rostmi?
- Nomlarini aytmay turamiz. Agentlar menga qaysi klublardan taklif borligini aytishgan. O‘ylab qarasam, menga qiziqish bildirgan klublarning chempionati yopiq, masalan, Turkiya. To‘g‘ri, Ispaniyadan ham bor. Lekin taklif borligi bu aniq degani emas. Chempionati zo‘r bo‘lsa, klubi ham shunga yarasha bo‘lishi kerak. Agar menga “Barselona”dan shartnoma taklif qilishsa, qanday qilib u erga bormasligim mumkin? Yozda transfer oynasi ochiladi, hammasi o‘z qo‘limda. Haligacha tekin o‘yinchiman, desam bo‘ladi.
- “Lokomotiv”dan ketishdan avval, sizga Turkiyaning “Beshiktosh” jamoasidan variant ham bo‘lgandi. Hozir o‘sha taklifni qabul qilmaganingizga afsusda emasmisiz?
- Yo‘q, afsuslanmayman. “Beshiktosh” “Lokomotiv”dan ko‘ra, 3-4 barobar jiddiy qiziqqandi. Buni bilardim. Menga yuborgan shartnomasi ham internetda tarqab ketgandi. To‘g‘risini aytsam, “Beshiktosh” mavzusi yana orqaga qaytishi, kuchga kirishi mumkin. Baribir Turkiyaning bir-ikkita jamoalaridan qiziqish bo‘lib turibdi. Hozir hech nimadan afsuslanmasligim kerak. Men uchun hammasi oldinda, albatta yuqori darajada futbol o‘ynashim kerak. Qachon to‘g‘ri va noto‘g‘ri qaror qilganimni vaqt ko‘rsatadi.
- “Andijon”ni tanlaganingizda yaqinlaringiz, do‘stlaringiz sizga qaerga ketyapsan, nima qilyapsan, degan savollar bilan murojaat qilishmadimi?
- Rostini aytaman, telefonimni o‘chirib qo‘yganman. Hech kimni eshitmadim. Hammasini o‘zim o‘ylab ko‘rib, bir qarorga keldim.
- Taqdimot marosimida ishqibozlarning asosiy e’tibori sizga qaratildi. Bu erdagi muhitni ko‘rdingiz va endi nimani his qilyapsiz?
- Futboldagi “emotsiya”ni his qilgan o‘yinchiga pul ikkinchi darajaga tushib qoladi. O‘zgacha his-tuyg‘ularga berilgan hamma o‘yinchi biladiki, buni pulga sotib olib bo‘lmaydi. Yangi maqsadlar bilan bunday talabchan muxlislar qarshisida to‘p surish juda qiziqarli. Bu erga pul uchun emas, o‘sha his-tuyg‘ularni o‘zimda sezish uchun keldim.
- “Andijon” rahbari futbolchilarga jamoa kuchli uchlikka kirsa qimmatbaho mashina berishini va’da qildi. Klub bunga qanchalik qodir?
- Qodir yoki qodir emasligi menimcha ikkinchi o‘rinda. Hamma aytyapti, bu yil “Andijon” uchun sinov. Faqat yaxshi niyat qilamiz. Kuchli mehnat qilib yaxshi niyat bo‘lsa, Xudoim ham o‘zi beradi. Bizning ham maqsadimiz shu.
- “Andijon” tarkibida bungacha siz bilan tanish do‘stlaringiz bormidi?
- “Andijon”da menga begona odam yo‘q. Murabbiylar shtabi o‘zimizniki. Ular yig‘gan futbolchilarning ko‘pi bilan birga o‘ynaganman. Kamron Saidazimov “Bunyodkor”dan chiqqan. 8 yoshimdan bitta bazada turganmiz. “Bunyodkor”dan yana 5-6 ta birga o‘ynagan o‘yinchilar bor. Ularni Superligada katta tajribalari bo‘lmasa ham bir-birimizni tushunishimizni o‘zi ancha foydali bo‘ladi deb o‘ylayman. Muxlislar bizni duo qilib qo‘llab-quvvatlab turishsa bo‘ldi.
Fikrlar