Bunaqasi superto‘purar hayotida birinchi marta bo‘ldi
Angliya milliy terma jamoasi va “Bavariya” klubi hujumchisi Harri Keyn to‘purarlik borasida yangidan yangi rekordlarni o‘rnatishga kirishib ketdi.
32 yoshli hujumchi Evropa Chempionlar ligasi umumiy guruh bosqichi uchinchi turida “Bryugge” darvrozasini ishg‘ol qilib, jamoasining 4:0 hisobidagi g‘alabasiga katta hissa qo‘shdi.
Bundan avval, angliyalik forvard qit’aning eng nufuzli turniri doirasida “Chelsi” (3:1) va “Pafos” (5:1) jamoalari darvozasiga ham yo‘l topgan edi.
Shuningdek, Harri Keyn Bundesliga tur uchrashuvlarida “Borussiya Dortmund” (2:1),”Ayntraxt” (3:0), “Verder” (4:0), “Xoffenxaym” (4:1) hamda “Gamburg” (5:0) darvozabonlarini ham ojiz qoldirgan.
“Bavariya” klubining rasmiy saytida xabar berilishicha, Harri Keyn faoliyatida ilk marotaba qatorasiga sakkizta uchrashuvda gol urishni uddalab kelmoqda.
Myunxen superklubi futbolchilari 25 oktyabr kuni Bundesliganing sakkizinchi turida “Borussiya Myonxengladbax” jamoasi mehmoni bo‘ladi. Agar bu uchrashuvda ham Keyn o‘zini ko‘rsata olsa, uning golli seriyasi yana bir shaxsiy rekord sifatida qayd etiladi.



Fikrlar