Bu Shomurodovga nisbatan hurmatsizlik bo‘ladi!

  • 11 sentabr, 2024, 13:58
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

“Roma” A Seriyaning dastlabki uchta uchrashuvining barida ochko yo‘qotganidan keyin ilk g‘alabasini qo‘lga kiritish uchun 15 sentyabrda “Jenoa” maydonida bo‘ladigan bellashuvga puxta tayyorgarlik ko‘rmoqda.

Tecno

Bosh murabbiy Daniele De Rossi va uning boshchiligidagi murabbiylar shtabi oldida markaziy hujumchi masalasini hal qilish vazifasi turibdi.

FIFA kunlari munosabati bilan Ukraina terma jamoasi ixtiyoriga borgan Artyom Dovbik jarohat bezovta qilgani uchun klubga qaytib keldi. Qimmat narxga sotib olingan forvard Genuyadagi o‘yinni o‘tkazib yuborishi ehtimoli katta.

“Roma” faoliyatini kuzatib borayotgan aksariyat nashrlar Daniele De Rossi tarkibdagi ikkinchi markaziy hujumchi Eldor Shomurodovga imkon berishi kerakligini yozmoqda.

Sports.uz portali Italiya futboli ekspertlarining Shomurodov borasidagi fikr-mulohazalarini o‘zbekistonlik futbol ishqibozlari e’tiboriga havola qiladi.

Roberto Prutstso,  Radio Mattino Sport&News:

Xalqaro uchrashuvlar uchun berilgan tanaffus yakunlanishi bilan A Seriya o‘yinlari start oladi. “Roma” Alberto Jilardino jamoasi bilan kuch sinashish uchun Genuyaga yo‘l oladi.

Ayni paytda yangi o‘yinchilar – Mats Xummels va Mario Ermosoni darrov o‘yinga tushirmagan ma’qul, deb hisoblayman. Rimliklarning markaziy himoyasi mavsum boshidayoq menga ancha ishonchli tuyuldi.

Shuningdek, men Paulo Dibalaga markaziy hujumchi vazifasini topshirmas edim. Bu eng kamida Eldor Shomurodovga nisbatan hurmatsizlik bo‘ladi. Chunki bu legioner joriy mavsumda “Roma”ning yagona golini urib, mahoratini ko‘rsatib qo‘ydi.

Pero Torri, Manà Manà Sport Roma:

Paulo Dibala va Matias Sule Argentina terma jamoasidan qaytganidan keyin ularning ikkinisi Genuyadagi o‘yinda birga maydonga tushirish, to‘g‘ri echim emas, deb hisoblayman.

Biz bu markaziy hujum pozitsiyasida ilk daqiqalardanoq Eldor Shomurodovning o‘ynashini kutyapmiz. Eng katta muammo, “Roma”da muntazam gol ura oladigan boshqa o‘yinchilarning yo‘qligida.

Augusto Chardi, laroma24.it :

“Roma” transfer oynasining oxirida Mario Ermoso va Mats Xummels kabi mashhur o‘yinchilarni qo‘lga kiritgani muxlislar kayfiyatini ko‘tarib, muvaffaqiyatsiz boshlangan mavsum alamini biroz orqaga surdi.

Artyom Dovbik va Matias Sulening kelgani ham tarkibni kuchaytirdi. Hujumchi masalasida hozir Eldor Shomurodovga ishonch bildirayotganlar ko‘pchilik emas. Jamoada hamma ishongan qahramonlar bor. Lekin ayni paytda Artyom Dovbikning Shomurodovdan boshqa o‘rinbosari yo‘q. Chunki Temmi Abraxam so‘nggi daqiqalarda jamoadan ketishni ma’qul topdi.

“Roma”ning uchta o‘yindagi yagona golini urish Eldor Shomurodovga nasib qildi. O‘zbek hujumchisi uch yil avval unga to‘langan katta summani oqlashi kerak. “Empoli”ga qarshi o‘yinda ko‘rsatgan ishtiyoq, ishonch, mas’uliyat va kurashuvchanlikni muntazam namoyish qilsa, Eldor hujum chizig‘i etakchilaridan biriga aylanishi mumkin. Dovbikning jarohatini inobatga olgan holda, “Jenoa” bilan o‘yinda buning imkoni bor.

Luka d'Alessandro, vocegiallorossa.it:

Genuyada “Jenoa”ga qarshi o‘yin oldidan “Roma”da hujumkor futbolchilar – Artyom Dovbik va Lorentso Pellegrinining ahvoli mavg‘um bo‘lib turibdi.

Hujum chizig‘ida vaziyat shunday: agar Dovbik o‘yingacha tiklanib olsa va Pellegrini bellashuvni o‘tkazib yuborsa, ukrainalik forvardni orqadan Matias Sule va Paulo Dibala qo‘llab-quvvatlaydi. Agar Dovbik bahsda “Roma”ga yordam bera olmasa, 9-raqam vazifasini Dibala bajaradi. Bu ikki variant Daniele De Rossiga ma’qul kelmaydigan bo‘lsa, Eldor Shomurodov markaziy hujumchi sifatida maydonga tushishga tayyor.

Genuya shahri mezbonlik qiladigan “Jenoa” hamda  “Roma” o‘rtasidagi to‘rtinchi tur uchrashuvi 15 sentyabr kuni Toshkent vaqti bilan soat 15:30 da start oladi. 

To‘qnashuvlardagi bu raqamlar O‘zbekistonning qudratini ko‘rsatyapti!

Shomurodov maydonga bir o‘zi tushsa, uni albatta to‘xtata olamiz, lekin...

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!