"Bu narsa hayolimga ham kelmadi, omadsiz transfer desam adashmayman". Quvondiq Ro‘ziev nimadan quvondi?

  • 17 avgust, 2022, 21:45
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

“Qo‘qon-1912” vodiy derbisida “Navbahor” bilan to‘qnash keldi. Maydonda qattiq jang kechganini ko‘rgan bo‘lsangiz kerak. Mana shunday muhim bahsda jamoalar bittadan gol urdi va haqli durang bo‘ldi, desak mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz.

Tecno

Ushbu bahsda qo‘qonliklar safida Quvondiq Ro‘ziev kutilganidek asosiy tarkibda to‘p surdi. Bilsangiz, u o‘tgan yili “Navbahor” sharafini himoya qilgandi. Ushbu o‘yinchi Sports.uz sayti uchun vaqt ajratdi.

“Jiddiy hozirlik ko‘rgandik”

- Uchrashuv biz uchun katta ahamiyatga ega edi. Chunki turnir jadvalida o‘zimizga munosib bo‘lmagan o‘rinda yuribmiz. Bundan tashqari, vodiy derbisi har doim qizg‘in kurashlar ostida kechadi. Shu sababli biz o‘yinga jiddiy hozirlik ko‘rgandik. O‘ylaymanki, ushbu uchrashuvda durang qayd etilgan bo‘lsa ham bundan muxlislar yutdi. Negaki, 90 daqiqa ajoyib, shiddatli va hujumkor futbol guvohi bo‘ldilar.

ruziev2

“Navbahor”ga omad tilayman”

- To‘g‘risi, bu narsa hayolimga ham kelgani yo‘q. Kimgadir nimanidir isbotlash yoki ko‘rsatish uchun maydonga tushmadim. Men faqat jamoamning g‘alabasi uchun jonimni berish uchungina maydonga tushgandim. O‘tgan yili “Navbahor” sharafini himoya qilgandim. Afsuski, buni omadsiz transfer desam adashmagan bo‘laman. Balki aytsam bahona bo‘lib qolar, ammo o‘shanda barcha o‘yinlarni jarohat bilan ukol yordamida o‘tkazganman. Lekin shu narsalar ham muxlislar va rahbarlarning ishonchini oqlashimga xalaqit berdi. O‘z o‘yinimni ko‘rsata olmadim. Balki bunday bosimga tayyor emasligim bilinib qolgandir. Nima bo‘lgan taqdirda ham “Navbahor” jamoasiga bu yilgi chempionatda omad tilayman. Klub bu mavsumda yomon shakllanmagan. Ajoyib tarkibga ega. Ikkinchi davrada ham zo‘r transferlarni amalga oshirishdi. Chempionlik uchun ushbu transferlar orqali katta qadam tashladi, desam adashmagan bo‘laman. Jamoaning zaxirasini o‘zi ajoyib ko‘rinishga ega. Zaxiradagi har bir futbolchi boshqa klublarda asosiy tarkib o‘yinchisi. Bu “Navbahor” uchun katta yutuq. Chunki chempionatni 12-13 futbolchi bilan tugatish qiyin. Qo‘lingizda ikkita teng kuchli tarkib bo‘lsa nisbatan jamoaga osonroq bo‘ladi. “Navbahor” muxlislari ham faol tarzda qo‘llab-quvvatlab turishibdi. Klub o‘ylagan maqsadiga erishish uchun bu yil katta qadam tashladi.

ruziev1

“Davron aka Fayzievga qo‘limizdan kelganicha yordam beramiz”

- Davron aka Fayziev jamoani ikkinchi davra boshidan qabul qilib oldi. Ungacha klubda yordamchi murabbiy bo‘lib ishlab kelayotgandi. Shu sababli Davron aka Fayzievga moslashishimiz qiyin bo‘lgani yo‘q. Yonimizda elkama-elka Baxtiyor aka Ashurmatov bilan 2,5 yildan beri ishlab kelayotgan murabbiy edi. O‘yin uslubi yoki tarkib bo‘yicha katta o‘zgarishlar bo‘ldi, demagan bo‘lardim. Shoxnazar Norbekovni qo‘shilgani bizga plyus bo‘ldi. Buni statistika ham ko‘rsatib turibdi, 3 ta o‘yinda 3 ta gol. Hujumda sermahsulligimiz oshdi. Tezlik qo‘shildi. Birinchi davrada bizga aynan shu narsalar etishmagandi. Aytaylik oxirgi nuqtani qo‘yadigan yoki vaziyatdan unumli foydalanish koeffitsienti bizda kam edi. Ikkinchi davrada bu jihat bo‘yicha Norbekov hisobiga ancha o‘sishga erishdik. To‘g‘ri, har bir murabbiyni o‘yin uslubi bor. Lekin Baxtiyor aka Ashurmatov ham Qo‘qon jamoasida ajoyib bo‘lgan ikki yilni o‘tkazdi. Chunki mavsum davomida jamoamiz tarixda ikkinchi marta kuchli beshtalikka kirdi. Klub tarixiga kira oldik. Bundan tashqari, Kubok yarim finaligacha etib bordik. Shuning uchun Ashurmatov yomon ishladi, demagan bo‘lardim. Shu fursatdan foydalanib, Baxtiyor akaga biz bilan 2,5 yil elkama-elka ishlagani uchun minnatdorchilik bildiraman. Oxirgi paytlarda sog‘ligi bilan bog‘liq yaxshigina muammolar bo‘ldi. Shunga qaramay, jamoamizni tashlab qo‘ymadi, oxirigacha kurashdi. Bu insonga kelgusi faoliyatida katta omad tilab qolaman. Hozircha bu mavsumda o‘zimizga yarashmagan o‘rinda turibmiz. Xudo xohlasa, chempionat oxirigacha yuqori o‘ringa ko‘tarilamiz, deb umid qilaman. Bu yo‘lda Davron aka Fayzievga barcha futbolchilar qo‘limizdan kelganicha yordam beramiz.

ruziev

“Bunday o‘yinlar chempionatimizni bezab beradi”

- Oxirgi beshta o‘yinda faqat durang o‘ynadik. Lekin yutqazganimiz ham yo‘q. Ikkinchi davraning birinchi o‘yinida “Neftchi” bilan uchrashuvda adashmasam 10-daqiqalarda maydonda bir kishi ko‘p bo‘lib qoldik. 2:1 hisobida yutayotganimizda ozroq bo‘shashdik. 3 ochkoni qo‘ldan chiqarib yubordik. “Olimpik” bilan ham jangovar o‘yin ko‘rsatdik. Lekin natija nisbatan qoniqarli bo‘lmadi. Raqibga nisbatan yaxshigina imkoniyatlarimiz bor edi. Ammo foydalana olmadik. “Navbahor” bilan o‘yinning dastlabki qismini tajovuzkor tarzda yaxshi boshladik. Yana imkoniyatlarimiz bo‘ldiyu, foydalana olmadik. Raqib standartdan maksimum foydalanadigan jamoa hisoblanadi. Buni yaxshi bilardik. Davron aka Fayziev ham bu borada ko‘p ko‘rsatmalar bergandi. Afsuski, o‘sha standartdan gol o‘tkazib yubordik. Bu rejamizni butkul buzdi. Lekin yigitlar oxirida xarakter ko‘rsatdi, muxlislar faol qo‘llab-quvvatlashdi. Bizga 12-o‘yinchi vazifasini a’lo darajada bajarishdi. Muxlislar daldasi bilan bu vaziyatdan chiqib keta oldik. To‘g‘risi, durangga mos o‘yin bo‘ldi. Yuqorida ta’kidlaganimdek, durang bo‘lsa ham bundan muxlislar yutdi. Har tomonlama yaxshi uchrashuv bo‘ldi. Mana shunday uchrashuvlar chempionatimizni bezab beradi. Ajoyib muhit yaratib berishgani uchun ikkala jamoa muxlislariga rahmat.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!