
"Bizda hakamlar har bir baqirishga xushtak chalishadi". Timur Kapadze shogirdlari maydonga ovoz chiqarib yiqilishadimi?
Superliga debyutanti – Toshkentning “Olimpik” klubi O‘zbekiston Coca-Cola Kubogi guruh bosqichini mag‘lubiyat bilan boshlagandi.
Ammo keyingi ikkita uchrashuvda bir g‘alaba va bir durang qayd etib, keyingi bosqichga chiqish vazifasini uddaladi. “Olimpik” ustozi Timur Kapadze “Sho‘rtan” bilan uchrashuvdan keyin taassurotlari haqida gapirdi.
- Ko‘rganingizdek, o‘yin qiziqarli o‘tdi. Durang o‘ynadik va keyingi bosqichga chiqqanimizdan xursandmiz. Menimcha, yaxshi o‘yin bo‘ldi.
- Uchrashuv boshidan “Olimpik” “Sho‘rtan”ni yutib bo‘lgandek harakat qildi. Shuni hisobiga gol o‘tkazib yubordimi?
- Yo‘q. Qarshi hujum bo‘lishi ehtimoli katta edi. “Sho‘rtan”ning taktikasi himoyadan o‘ynab qarshi hujumni kutish edi. “Sho‘rtan” o‘z maydonida himoyalanishni boshladi va bizni qarshi hujumlarda jazolamoqchi bo‘ldi. Shuning uchun qaerdadir mana shunday qarshi hujumga o‘tish ehtimoli bor edi. O‘tkazib yuborgan golimizni yana takror ko‘rishimiz kerak. Balki himoyachimiz ulgurmay qolgandir. Biz qiynaldik. Chunki himoyada turgan jamoaning darvozasi oldida vaziyat yaratish qiyin. Baribir harakat qildik, imkoniyatlar yaratdik. “Sho‘rtan” birinchi bo‘limda bizni qarshi hujum bilan jazolab vazifasini uddaladi.
- Jamoangiz futbolchilari maydonga yiqilayotganda ovoz chiqarib yiqilishadi. Bu ham mashg‘ulotning bir usulimi?
- Yo‘q. Ular hali yosh. Balki vaqti kelib bu narsasi yo‘qolar. Hammada ham emas. Lekin o‘zidan-o‘zi baqirmasa kerak, og‘riqdan baqirishsa kerak. Hakamlarimiz ham kurashlarda yo‘l qo‘yib berish lozim. Bizda hakamlar har bir baqirishga xushtak chalishadi. Keyin futbolchilarni shu narsaga o‘rganib qolish ehtimoli bor. Men futbolchilarimni yaxshi taniyman. Ataylab baqirishmaydi.
- Bugungi natija o‘yinga mos bo‘ldi deb hisoblaysizmi?
- G‘alaba uchun kelgandik, imkoniyatlarimiz bo‘ldi. “Sho‘rtan” ham yaxshi himoyalandi. 1:1 bo‘ldimi, demak o‘yinga mos desa bo‘ladi. Albatta, yaxshi imkoniyatlarimiz bor edi va foydalanganimizda yutardik. Bu – futbol. Raqib ham yaxshi tayyorgarlik ko‘rgan. Kurashlar bo‘ldi.
- Uchrashuv sariq kartochklarga boy bo‘ldi va o‘yin oxirida chetlatishgacha etib bordi. Buni qanday baholaysiz?
- Bu maydondagi kurash. Ikkala jamoa ham g‘alaba uchun harakat qildi. Bizda ham, ularda ham futbolchilar sariq kartochkalar oldilar. Maydonda keskinlik bor edi, bu normal holat. “Sho‘rtan” ham yaxshi jamoa, o‘z uyida qanday o‘ynashni biladi. Qiyin bo‘lishini bilgan holda biz ham tayyorlangandik. Deyarli ikkala bo‘limda o‘yin bizning nazoratimiz ostida o‘tdi. Faqat imkoniyatlardan foydalanishda biroz qiynaldik.
- “Olimpik” o‘tgan safar “Turon”ni yirik hisobda mag‘lub etgandi. “Sho‘rtan” bilan bahsda murabbiy sifatida nimalarda qiynaldingiz?
- “Turon” “Sho‘rtan” kabi u qadar himoyalanmagandi. O‘sha bahsda biz imkoniyatlarimizdan yaxshi foydalandik. “Sho‘rtan” aksincha zich himoyalangani uchun biroz qiynaldik. Lekin yigitlarimiz hali yosh, ko‘p vaziyatlarda qiyinchiliklar bo‘lyapti. Ertaga yana shunaqa jamoaga duch kelishimiz mumkin. Shu bois qanday o‘ynash va nimalarga e’tiborni oshirishni yaxshilab o‘rganamiz. “Turon” biz bilan ochiq o‘ynadi va bizda bo‘shliqlar bo‘ldi, bulardan foydalandik.
Fikrlar