
Biri xorijlik, yana biri terma jamoaning sobiq futbolchisi va amaldagi ustozi yoxud o‘zimizning birinchi ligada qanday murabbiylar ishlayotganini bilasizmi?
Yodingizdami, ilgari chempionatimizga Superliga nomi berilmasidan avval oliy liga deb nomlanardi. Undan keyin birinchi liga musobaqasi bo‘lardi. Hozir vaziyat o‘zgargan va asosiy ligamiz Superliga deb nomlanadi. Pro liga esa oldingi birinchi liga kabidir. Lekin bugungi kunda ham birinchi liga musobaqasi tashkil etilmoqda, bu turnir yo‘q bo‘lib ketmagan. Faqat oldingi yillarga nisbatan chempionatimiz mavqeini oshirish maqsadida turnirlar ko‘paytirildi va format o‘zgardi.
O‘zPFL tomonidan o‘tkazilayotgan bugungi kundagi birinchi ligani unutib qo‘ymadingizmi? U erdan iqtidorli futbolchi va murabbiylar etishib chiqayotganiga ishonasizmi? Ha, ishoning, bu rost. Ayni paytda ushbu musobaqada 17 ta jamoa ishtirok etyapti. 7-turdan keyin “Jizzax” 17 ochko bilan mag‘lubiyatsiz holda yakka peshqadamlikni o‘zida saqlab kelyapti. Undan keyingi o‘rinlarda borayotgan “Zomin”, “Yangier”, ”Lokomotiv-BFK” va “Nurafshon”da 13 tadan ochko bor. Musobaqa jadvalining oxirgi pog‘onasida “Chig‘atoy” jamoasi boryapti. 7 ta o‘yinda 7 ta mag‘lubiyat. Ular yoshlardan tashkil topgan va asosan o‘z tarbiyalanuvchilariga suyangan.
Birinchi liga jamoalarida qaysi murabbiylar ishlayotgani muxlislarni qiziqtiradi. E’tiborlisi, 17 ishtirokchi orasida bir nafar xorijlik mutaxassis ham bor. Angrenda tashkil etilgan “Paxtakor-79” jamoasi rahbari ganalik Kelvin Logo bo‘lib, u bosh murabbiylikka eronlik Abbas Azizini taklif qilgan. Ma’lumot uchun, Kelvin Logo jamoaning yagona ta’sischisi hisoblanadi.
Eronlik Abbas Azizi 1981 yilda tug‘ilgan. Bungacha Tojikistonda Dushanbening TsSKA klubini boshqargan. Eronda esa “Ogxab Tehron” va “Navad Urmiya” jamoalarida ham faoliyat olib borgan. “Paxtakor-79” musobaqa jadvalida 10 ochko bilan 8-o‘rinda.
Umuman olganda, jamoalarda kimlar murabbiylik qilayotaniga e’tiboringizni qaratmoqchimiz: “Zomin” (Asqar Umarov), “Nurafshon” (Komil Samiev), “Chig‘atoy” (Dmitriy Kim), “Nasaf-farm” (Eldor Moyliev\Kenja To‘raev), “Shahrixonchi” (Tursunboy Xusanov), “Yangier” (Jahongir Jiyamurodov), “Olimpiya” (Shavkat Mullajonov), “Do‘stlik Toshkent” (Shuhrat Qurbonov), “Lokomotiv-BFK” (Ravshan Ahmedov), “Tsementchi” (Sardor Zokirov), “Jizzax” (Sunnatillo Yoqubov), “Jayxun” (Marat Auyezniyazov), “Paxtakor-79” (Abbas Azizi), “Yangiyo‘l” (Andrey Snetkov/Arter Axmetgaliev), “Bunyodkor-farm” (Samat Narziqulov/Mirkamol Qosimov), “Olimpik-farm” (Farhod Nishonov).
“Qumqo‘rg‘on-1977” jamoasi esa ayni paytda bosh murabbiysiz. Harqalay oxirgi turda “Lokomotiv-BFK”ga qarshi bellashuv protokolida “Qumqo‘rg‘on-1977” jamoasida birorta murabbiy nomi yozilmagan. Keyin surishtirsak hozirda bosh murabbiysiz ekanligi ma’lum bo‘ldi.
Yuqorida nomlari keltirilgan murabbiylar orasida siz yaxshi biladiganlari ham bor-a? Masalan, O‘zbekiston milliy terma jamoasining sobiq futbolchisi Shavkat Mullajonov Odil Ahmedovga qarashli bo‘lgan “Olimpiya” jamoasida murabbiylik qilyapti. Shu tariqa, Mullajonov murabbiylik faoliyatini boshladi.
Yana sobiq futbolchilardan Jahongir Jiyamurodovni ham ko‘rsatish mumkin, u “Yangier”ga ustozlik qilyapti. Ilgari “Nasaf” sharafini himoya qilgan Eldor Moyliev bilan Kenja To‘raev bugungi kunda “Nasaf-farm”da murabbiylik qilishyapti. Bunga o‘xshagan misollar ancha. Murabbiylar shtabida ham sobiq futbolchilarni uchratish mumkin. Misol uchun “Chig‘atoy” jamoasida Eldor Magdeev bosh murabbiyga yordamchi hisoblanadi. Qolaversa, O‘zbekiston U-18 terma jamoasi bosh murabbiyi Farhod Nishonov parallel ravishda "Olimpik-farm"ga ham ustozlik qilyapti.
“Zomin”da bosh murabbiy sifatida ishlayotgan Asqar Umarov o‘tgan yili pro ligada ushbu jamoani boshqargani yodimizda. O‘shanda jamoaga moliyaviy qiyinchiliklar muammo tug‘dirgandi. Shu holat “Yangier”ga ham tegishli. Natijada ikki jamoa bu yil birinchi ligada ishtirokini boshladilar. Xullas, endi bu musobaqada ishlayotgan murabbiylar haqida haminqadar ma’lumotga egasizlar. Ko‘plab murabbiylar uchun ham birinchi liga musobaqasi tramplin vazifasini bajarsa ajab emas.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar