"Bir qator futbolchilar ketdi, yana ayrimlari bilan xayrlashamiz" - Eshitdingizmi, "Buxoro"da tarkib masalasida o‘zgarishlar bo‘lyapti

  • 29 may, 2023, 15:03
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 1
  • Futbol
CHERY AUTO

Chempionatni omadsiz o‘tkazayotgan “Buxoro” klubi raqiblariga ochko yo‘qotishda davom etyapti. Bosh murabbiylikka Ulug‘bek Baqoev tayinlangan bo‘lsa-da, hozircha natijalar kutilganidek emas.

Tecno

Klub 7 ochko bilan 12-o‘rinda bo‘lib turibdi. Baqoev tarkibda o‘zgarishlar bo‘lishi haqida matbuot anjumanlarida aytyapti. Shu bois klub bosh direktori O‘tkir Qodirov bilan bog‘landik. Chunki tarkibda o‘zgarishlar bo‘lishi kutilmoqda. Bosh direktor Sports.uz jurnalisti bilan muloqot chog‘ida avvaliga OKMK bilan uchrashuv to‘g‘risida qisqacha to‘xtaldi.

“OKMK bilan uchrashuvda yigitlar yomon o‘yin ko‘rsatishmadi. Ammo o‘zimizda kamchiliklar bo‘ldi. Himoyachilarimiz xatoga yo‘l qo‘ydi. Umuman, gollarni o‘z xatolarimiz evaziga o‘tkazib yubordik”, - deydi Qodirov.

qodirov

Shuningdek, jamoa mutasaddisidan tarkibdagi o‘zgarishlar haqida ham so‘radik. Eshitishimizga qaraganda, bir qator o‘yinchilarga javob berib yuborilgan. Shu bois O‘tkir Qodirov jamoaning selektsiyadagi rejalari xususida gapirdi.

“Hali vaqtimiz bor. Yozgi transfer oynasi endi ochiladi. Xohlaymizmi-xohlamaymizmi, jamoamiz bosh murabbiyi Ulug‘bek Baqoev baribir tarkibda o‘zgarishlarga qo‘l uradi. Rosti, bir qator futbolchilar bilan xayrlashdik. Yana ayrimlari bilan xayrlashish rejamizda bor. Baribir ikkinchi davrada tarkibimizni kuchaytiramiz.

Aynan 5 nafar futbolchi “Buxoro”ni tark etdi. Bular – darvozabon Nikola Stoshich, shuningdek, Ixtiyor Toshpo‘latov, Temur Ismoilov, Jasur Hasanov va Jasur Azimov bilan xayrlashganmiz. Boya aytdim, yozgi selektsiya paytida o‘zgarishlar bo‘ladi, yana ketadigan futbolchilar bor”.

baqoev

Baqoevning Buxoroga qaytishi muxlislar uchun xushxabar edi. Rahbariyat Fuzaylovning o‘rniga Ulug‘bek Baqoevni olib kelish orqali jamoa mavqeini mustahkamlashni xohlashayotgani bilinib turgandi. “Buxoro” bosh direktori bosh murabbiy xususida ham fikr bildirdi va jamoaning maqsadiga ham to‘xtalib o‘tdi.  

“Bilasiz, Ulug‘bek Baqoev tajribali mutaxassis. Boshida futbolchilarni boshqa mutaxassis selektsiya qilgan. Baqoev qo‘lida qanaqa masalliq bo‘lsa, shundan taom tayyorlayapti. Birinchi davra oxirigacha shu tarkib o‘ynaydi, bundan boshqa iloji yo‘q. Qanday bo‘lmasin ikkinchi davraga tarkib kuchaytiriladi. Maqsadimiz “Buxoro”ni Superligada saqlab qolish. Bu asosiy vazifamiz. Hech kim bilan qarzimiz yo‘q, vaqtida hisob-kitob qilyapmiz. Bu borada muammo yo‘q.

Shuningdek, “Buxoro” darvozabon Ignatiy Nesterov bilan kelishuvga erishib qo‘ygani haqida ham turli mish-mishlar paydo bo‘ldi. Bu borada rahbar shunday dedi:

“Ignatiy Nesterov? Yo‘q, yo‘q. Biz u bilan hech qanday aloqaga chiqmaganmiz. Taklif bilan chiqmadik va gaplashmadik ham. Bu gap qaerdan chiqdi, bilmayman”.

Buxoro55

Yozgi selektsiyada qaysi chiziqlar kuchaytirilishga muxtoj? Bu xususida O‘tkir Qodirov shunday dedi:

“Tarkibimizni kuchaytirish uchun ko‘proq mahalliy futbolchilarni olishga harakat qilamiz. Agar qaysidir legioner bizga to‘g‘ri kelsa va saviyasi biznikilardan baland bo‘lsa, o‘ylab ko‘ramiz. To‘g‘risi, legioner o‘yinchini taklif qilish ham rejamizda bor. Umuman aytganda, murabbiyimiz qaysi pozitsiyalarga o‘yinchi olishni o‘ylab ko‘ryapti. Menimcha, darvozabon, hujumchi va yana boshqa pozitsiyalarga o‘yinchilar olamiz”.   

Shuhratbek Jo‘raev.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
Rostgoy
29/05/2023 15:12
Кискаси Бакоев ясаб олщи узидан. Хаелида Моуринью. Муррабий бор уйинчидан натижа кила олса у хакикий муррабийлиги билинади.