
Baxtiyor Ashurmatov "Qo‘qon-1912"ning mag‘lubiyatiga qanday izoh berdi?
O‘zbekiston Kubogi guruh bosqichining 3-turida "Qo‘qon-1912" "Metallurg" maydoniga safar qildi. Unda mehmonlar 0:2 hisobida imkoniyatni boy berdi. Bellashuvdan so‘ng, qo‘qonliklar bosh murabbiyi Baxtiyor Ashurmatov quyidagi fikrlarni bildirib o‘tdi:
"Qo‘qonda ish boshlaganimdan beri “Metallurg” jamoasi biz uchun noqulay raqib bo‘lib kelmoqda. Afsuski, ikki yildan beri bu klubni yuta olmayapmiz. Bugungi uchrashuvda golgacha ustunlik bilan o‘ynadik. O‘tkazib yuborilgan gol bizga qimmatga tushdi. Natijada hujumga o‘tishga majbur edik. Chunki durang ham bizni qoniqtirmasdi. Uchta hujumchi bilan o‘ynay boshladik, jamoamizda bo‘sh hududlar paydo bo‘ldi va bundan “Metallurg” unumli foydalandi. To‘g‘ri, bugun xatolar bo‘ldi. Kubok bahslaridagi xatolarimiz “Yangier” bilan uchrashuvdan boshlandi. Murabbiy sifatida shu narsaga amin bo‘ldimki, bitta o‘yinni o‘tkazib bo‘lmasdan turib keyingisi haqida o‘ylamaslik kerak. Tarkibda rotatsiya ham qildik, biroq bu ham o‘zini oqlamadi. “Metallurg” o‘z maydonida yaxshi o‘yin ko‘rsatadi. Jasur Abduraimov bosh murabbiy bo‘lgach, jamoa o‘yinida ijobiy o‘zgarishlar kuzatildi. Shu sababli bekobodliklarni g‘alaba bilan tabriklayman", - dedi Ashurmatov.
Fikrlar