“Barselona” libosidagi Messining Ronalduga qarshi ehtimoliy so‘nggi bahsi (prevyu)

  • 8 dekabr, 2020, 09:32
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

UEFA Chempionlar Ligasi guruh bosqichining so‘nggi turi oldidamiz. Ha bizni 2 oydan ko‘proq qiynagan tig‘iz futbol taqvimining intihosi yaqindek ko‘rinmoqda. Ammo boshqa tarafdan bu endi qish so‘ngigacha katta atmosferadagi o‘yinlarning kamayishini anglatadi. Terma jamoa yig‘inlari ham yo‘q bo‘lgan bir paytda bizni milliy chempionatlar zeriktirib qo‘ymasligidan umid qilamiz, xolos. Mavzuga qaytsak!

Tecno

O‘z ligasida u qadar ishlari yurishmayotgan bu ikki klubning o‘zaro bellashuvlari avvallari oddiy EChLning katta o‘yini sifatida o‘tardi. Endi bu uchrashuv super-to‘qnashuv maqomida. Sababi, “dunyoni ikkiga bo‘luvchi” futbolchilarning o‘zaro raqobatga kirishi bahs darajasini bir necha barobar oshirib yubordi. Turinda ularning ro‘baro‘ kelishiga Krishtianuning koronavirusga chalinib qolganligi halaqit bergandi. Bahs stsenariysi haqida hozircha so‘z yuritmay tura qolaylik. O‘yindan keyin ikkala klub rasmiy “Tvitter” sahifalari bir-birini “cho‘qib oldi”. Bugungi o‘yin intrigasi shu jihatdan ham oshib ketgani shubhasiz. 

Guruhdagi vaziyat haqida ham qisqacha gapirib o‘tsak. “Barselona” 5 ta turdan so‘ng, 15 ochko to‘plab, peshqadamlik qilmoqda. Ta’kidlab o‘tish joizki, EChL joriy mavsumidagi hech bir jamoa bunday natija bilan maqtana olmaydi. “Yuventus” esa bittagina mag‘lubiyatini aynan “ko‘k-anorranglilar”dan qabul qilib olgani tushunarli bo‘lsa kerak. Andrea Pirlo shogirdlari 12 ochko to‘plab, pley-off masalasini hal qilib bo‘ldi. Endi ular Kataloniyaga birinchi o‘rinni mezbonlardan tortib olish, o‘z uyidagi mag‘lubiyat uchun o‘ch olish va eng kuchli etakchi qaysi jamoa tarkibida ekanligini aniqlab olish uchun tashrif buyuradi. 

EoopTovXYAYGDEj

“Barselona”

Ronald Kuman o‘zidan oldingi murabbiylarning holatini tushunib boryapti, nazarimda. “Kadis”ga qarshi uchrashuvda asosiy tarkib bilan harakat qila turib, mag‘lubiyatga uchrashni boshqacha izohlab bo‘lmaydi. Boz ustiga, joriy mavsumdagi start klub antirekordi ekanligi ham aytilmoqda. Kamida har ikki o‘yinning bittasida ochko yo‘qotib kelayotgan jamoaning debyutantdan engilishi tasodif emas. 10 ta o‘yinda to‘plash mumkin bo‘lgan ochkolarning yarmini ham jamg‘armagan “Barselona” endi oldinda borayotgan asosiy raqobatchilariga etib olishi anchagina qiyin kechadi. Ha, oldinda hali ko‘p o‘yinlar bor. Ammo raqobatchilar ham shunday qarab turmasligi aniq. Turinliklar sinovidan o‘tib olgach, milliy birinchilikda ularga birmuncha oson raqiblar ketma-ket tarzda duch keladi. 

Bugungi o‘yinning asosiy qahramoni sifatida Messi ko‘rilmoqda. Ammo juda ko‘pchilik mutaxassislarning fikricha, Leo “Barselona”ning umumiy kompozitsiyasidan ajralib qolyapti. 

“Barselona”da jarohatlar bilan bog‘liq bir qancha muammolar bor. Bugungi muhim bahsda ularga Ansu Fati, Jerar Pike va Serxio Roberto yordam bera olmaydi. Dembele ham oy oxirigacha safdan chiqqani ma’lum qilinmoqda. Quvonarli tomoni Ronald Arauxo himoyada Langlega yordamchi sifatida o‘ynay oladi. U bir nechta uchrashuvlarni o‘tkazib yuborgani tufayli markaziy himoyaga “La Masiya” tarbiyalanuvchisi Mingesa qo‘yilayotgan edi. 

Taxminiy tarkib: Ter Shtegen, Dest, Arauxo, Langle, Alba, Pyanich, De Yong, Pedri, Messi, Koutino, Grizmann.

EojzVG_WEAAv8mK

“Yuventus”

A Seriyada ketma-ket ravishda chempionlikka erishib kelayotgan “Yuventus” vanihoyat, joriy mavsumda taxtni bo‘shatishi mumkin. “Keksa senora” erasi avvalida ularga estafetani topshirgan “Milan” bugun o‘zi ulardan “g‘alaba mayog‘i”ni olib qo‘yishga yaqinroq turibdi. Ammo turinliklarning milliy chempionatdagi holati bugungi raqibinikiga qaraganda yaxshiroq. “Barselona”dan ularning yana bir farqi -  A Seriyadagi taqvimning dekabr oyida og‘ir kelishida. Shu o‘rinda eslatib o‘tish joizki, nomdor raqiblar orasida hamyurtimiz Eldor Shomurodov harakat qilayotgan “Jenoa” klubi ham bor. Bevosita “Milan” bilan bo‘lib o‘tadigan to‘qnashuvda esa juda ko‘p masalalarga oydinlik kiritiladi. 

Ikki jamoa o‘rtasidagi uchrashuvlar tarixida “Barselona” Turindagi g‘alaba orqali oldinga chiqib oldi. Umumiy 12 ta bahsning 5 tasida mezbonlar, 4 tasida “keksa senora” zafar quchgan. Yana 3 ta bellashuvda g‘olib nomi aniqlanmagan. 

“Yuventus”dagi jarohatlarning barchasi mudofaa chizig‘i bilan bog‘liq. Jorjio Kellini va Janluiji Buffon kabi eski avlod vakillari jamoaga yordam bera olmaydi. Ular qatoriga Merih Demiral ham qo‘shilgan. Hujum vakillaridan deyarli hech kimda sog‘liq bilan bog‘liq muammolar yo‘qligi Andrea Pirloni quvontirayotgan bo‘lishi aniq. Sababi, ular “Kamp Nou”dan faqat va faqat g‘alaba bilan qaytsalargina, o‘zlari xohlagan natijani qo‘lga kiritgan bo‘ladilar. 

Taxminiy tarkib: Shensniy, Kuadrado, Bonuchchi, De Ligt, Aleks Sandro, Kulusevski, Rabo, Bentankur, Keza, Morata, Ronaldu. 

Eoo0q90W8AEYxkT

Murabbiylar

Ronald Kuman: “Bizning har bir o‘yin uchun bir xil maqsadimiz bo‘ladi: yaxshi o‘yin namoyish etish va g‘alaba qozonish. Biz guruhni birinchi o‘rinda yakunlashni istaymiz. 3 ochkolik tafovutga egamiz. Bundan to‘g‘ri foydalanishga urunib ko‘ramiz. Biz Turinda 2:0 hisobidagi g‘alabaga erishgandik. Bu guruhda g‘olib bo‘lishimiz uchun kerakli qadam bo‘ldi. 

Ronaldu va Messining 15 yil davomida olib borayotgan raqobati fantastik darajada! Ular men uchun tarixdagi eng kuchli futbolchilar. Ikkisi turlicha harakterga ega. Ammo gollar urish, xet-triklar va titullar yutish uchun bu halaqit bermaydi. So‘zlarim qaysi biriningdir kuchliroq ekanini ta’kidlash uchun emas. Ikkalasining o‘yinidan ham rohatlanish mumkin”. 

EoogqUEXMAA4g_Z

Andrea Pirlo: “Biz 3 ta gol ura olishimizga ishonishimiz lozim. Bu qiyin bo‘lishi aniq, bizni haqiqiy jang kutib turibdi. Biroq barchamiz shuni bilamizki, uchrashuvni o‘zgartirib yuborishi mumkin bo‘lgan vaziyatlarga ega bo‘lamiz. Yutkazadigan narsamiz yo‘q. Boshimizni baland ko‘tarib, o‘z o‘yinimizni namoyish etishimiz mumkin. Bu kabi o‘yinlar bizning jamoa sifatida o‘sishimizga yordam beradi. 

Buffonda hammasi reja bo‘yicha ketyapti. U tiklanish jarayonida. “Barselona”dek jamoada tarkib bilan bog‘liq muammolar borligiga ishonmayman”. 

RwCl14cp

Xulosa o‘rnida

Yuqorida ko‘rib turganingizdek, “Barselona”ning markaziy himoya zonasida etarlicha kamchiliklar bor. Ha, Arauxo iste’dodli futbolchi, uni yaxshigina kelajak kutib turgandek tuyulmoqda. Ammo gap o‘z faoliyati cho‘qqisida turgan Ronaldu, Morata va Dibala kabi hujumchilar xususida borar ekan, 21 yoshli futbolchining bugungi holati birinchi planga chiqadi. Tan olish lozimki, unda bu kabi yuqori tipdagi hujumchilarni to‘xtatib qolish tajribasi mavjud emas. Himoyadagi sherigi Langlening o‘zi ham hali ko‘p narsalarni o‘rganishga muhtoj. 

O‘ng qanot himoyasida yana bir yosh futbolchi Serjino Destni ko‘rishga o‘rganib ham qoldik. Umuman, uning o‘yinini yomon, deb bo‘lmaydi. “Barselona” muxlislarini xursand qilishi mumkin bo‘lgan tomoni shundaki, butun mavsum yomon o‘ynashga ahd qilgan taqdirda ham, Messi Ronalduga qarshi bellashuvga boshqacha kayfiyatda tayyorlanadi. 

“Yuventus” bosh murabbiyi o‘z nutqini 3 ta gol urib, birinchi pog‘onaga ko‘tarilib olish imkoniyatlarini baholash bilan boshladi. Demak, ular Kataloniyaga tayyorlangan reja bilan tashrif buyurishmoqda. Bu gal ularning arsenalida Ronaldu nomli snayper ham bor. Bu o‘yin dam olish kuningizni bezab berishi shubhasiz. 

 

Abdulvosid Valixonov tayyorladi

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!