Bahrom Haydarov: "Biror vazifani bajarish uchun taniqli yoki xorijlik familiya bo‘lishi shart emas-ku"
Superligada qolish uchun o‘tkazilgan pley-off uchrashuvida “Qo‘qon-1912” o‘z maydonida “Xorazm”ni qabul qildi.
Asosiy vaqt 1:1 bilan tugadi. Penaltilar seriyasida omad mezbonlarga kulib boqdi. Juda qiyin uchrashuvda maydon egalari penaltilar seriyasida yutdi va rasman Superligada qoldi.
O‘yindan keyingi matbuot anjumanida mezbonlar ustozi Bahrom Haydarov qatnashdi.
- Bu bitta o‘yin. Kuboklardagi, finallardagi kabi edi. Turnir jadvalining pastki qismidagi jamoalarning final o‘yini edi. Hamma narsa aynan shu birgina uchrashuv orqali hal bo‘lardi. Shuning uchun jamoalarda biroz hayajon bo‘ldi. Chunki durang bo‘lmasdi, kimdir yutishi, kimdir yutqazishi kerak. Asabiy o‘yin kechdi. Buning ustiga boshida gol o‘tkazib yuborganimiz yigitlarni biroz shoshirtirib qo‘ydi. Yutqazib qo‘ymaslik bosimi bor edi. Oxirgi pallalarda sovuqqonlik etishmadi. Umuman olganda, teng o‘yin bo‘ldi, finaldek o‘tdi. Butun mavsum haqida gapiradigan bo‘lsak, muxlislarni, rahbariyatni oldimizga qo‘yilgan vazifa bajarilgani bilan tabriklayman. Juda qiyin mavsum bo‘ldi. Boshida yaxshiroqdek edi, orada 9 o‘yinlik mag‘lubiyatli seriyamiz bo‘ldi. Shu vaziyatdan chiqib ketganimiz jamoamizni shakllanib, o‘z kuchiga ishonayotganidan dalolat, deb o‘ylayman. Ko‘p uchrashuvlarda bunchalik hayajon yo‘q edi. Bosh murabbiy sifatida meni ustimda ham bosim bor edi, endi engillik bo‘ldi. “Qo‘qon-1912” jamoasini Superligada rasman qolgani bilan hammani tabriklayman.
- Zaxiradan maydonga yosh futbolchi tushirildi. Penaltilar seriyasida qiyin vaziyatda mard bo‘lib o‘zi nuqtaga yaqinlashdi...
- Bilasiz, penaltilar seriyasi murabbiyga ham, futbolchiga ham qiyin. Chunki kimnidir tep deb majburlasangiz gol ura olmasligi mumkin yoki aksincha. Ular ham gol urolmadi. Shuni xohlaymanki, futbolchi hech qachon qo‘rqmasligi kerak. Penaltidan gol ura olmasa futboldagi hayoti tugab qoldi, degani emas. Penalti ham futbolni bir qismi. Agar o‘ziga mas’uliyatni olishga qo‘rqsa menga g‘alati tuyuladi. Yosh bo‘lishiga qaramasdan Haydarov ham, Pazliddinov ham o‘zlari tepishdi. Yaxshilik bilan tugadi, demak, hammasi to‘g‘ri bo‘ldi.
- Jamoangiz ikkinchi bo‘limda asosan uzun paslar bilan o‘ynadi. Shuningdek, Gadoevni oldinroq tushirishni imkoni yo‘qmidi?
- E’tibor bergan bo‘lsangiz, Shoxruh Gadoevni erta tushirib qo‘yibman, deb o‘ylandim. Chunki tayyor emas. Mavsum o‘rtasi bo‘lsa ham biror haftacha dam olsa ta’sir qilmaydi. Chempionat tugadi va u jarohat oldi. Ko‘pchilik Gadoevga to‘p tushgan paytda ko‘radi. To‘psiz harakatlanayotganda Shoxruhni kuchi etmay qolyapti. Bugun g‘alaba qozondik, demak hammasi to‘g‘ri bo‘ldi. Gadoevga kelsak, bizda yangi mavsumgacha vaqt ko‘p. Tiklanib, jismonan ishlasa jamoamizga asosiy o‘yinchisi sifatida yana kerak bo‘ladi.
- “Qo‘qon-1912”ga kelasi mavsumda yuqori vazifalar qo‘yilyapti. Murabbiylar shtabi qoladimi yoki o‘zgaradimi?
- Buni rahbariyat hal qiladi. Bu savolga javob bera olmayman. Biz kabi murabbiylarni munosib ko‘rmasangiz ishlamay qo‘yaveramiz. Ikkinchi davrada ochkolar bo‘yicha 5-o‘rinni olibmiz. Biror vazifani bajarish uchun taniqli familiya yoki xorijlik familiya bo‘lishi shart emas-ku. Rahbariyat shunaqa deb o‘ylasa muammo yo‘q. Buni biz hal qilmaymiz. Bizga ishonib vazifa qo‘yishsa ishni davom ettirishmoqchi bo‘lishsa, marhamat. Buni men hal qilmayman.



Fikrlar