
Babayan shishirayotgan pufak yorilib ketadimi?
Hozirgina "Olimpik" - "Navbahor" bahsi yakuniga etdi. Maydon egalari birgina xato uchun kubokdagi yurishini to‘xtatdi. Bu bahsdan avval "lochinlar" ustozi oldida ikkita yo‘l bor edi:
a) Chempionatdagi eng kuchli zaxira o‘rindig‘ini start tarkibda maydonga tashlab, "Navbahor" o‘yinini qilib beradigan yigitlarga dam olish imkonini berish;
b) Tavakkal qilmasdan jangovar tarkib bilan o‘ynash.
E’tiborlisi shundaki, 5 kundan so‘ng "Paxtakor" bilan o‘z uyida 6 ochkolik bahsda ishtirok etadigan jamoa pressingga urg‘u beradigan Kapadze shogirdlariga qarshi asosiy tarkib bilan o‘yinni boshladi. Hatto, Zoran Marushich ham ikkinchi bo‘limda maydonga tushdi. Qaysidir ma’noda bu yurish namanganliklarga keyingi bosqich yo‘llanmasini olib bergani rost, ammo boshqa savollar ham paydo bo‘lmoqda. Qanday qilib butun mavsum 11 ta futbolchi bilan harakat qilish mumkin? "Jar"dagi o‘yin yakunlangach, murabbiyga aynan shu savolni berganimda, u sun’iy rotatsiya qilmoqchi emasligini aytib, gapni burib yubordi. Bilmadim, "Navbahor" bu tempda ketsa, "Qo‘qon-1912" bilan derbida bo‘lgani kabi ochko yo‘qotishda davom etishi hech gap emas. Keling, o‘yin kartinasidagi 2-3 epizodni ko‘rib chiqamiz.
Uchrashuvning ilk daqiqalarida mehmonlar markazda Jokich va Boltaboev yordamida kuchli pressing uyushtirib, "Olimpik"ning asosiy hujum tashkil etuvchi 10 (Farrux Muxtorov) va 21-raqamdagi (Muhammad Aziz Ibrohimov) futbolchilarini o‘yindan tushib qolishini ta’minladi. Natijada, maydon egalari ko‘proq ikkinchi qavatdan oldinga uzun paslar berishga majbur bo‘ldi. Golban, Siger, Ashurmatov uchun bu to‘plar tug‘ilgan kun uchun sovg‘adek bo‘ldi, xolos. Natijada, "olimpiyachilar" ilk 45 daqiqalikda raqib darvozasiga birorta aniq zarba bergani yo‘q. Birinchi taymda Babayanning pragmatik futboli raqibni anchagina "bo‘gib qo‘ydi".
Ikkinchi bo‘limning dastlabki 15 daqiqaligida Timur Kapadze zaxiradagi kuchlarni o‘yinga qo‘shib, tempni ko‘tardi. Qanotlardagi xavfni oshirish uchun maydonga tushgan Odilov va Mamasidiqov kengroq o‘ynashi sababli, "Navbahor"ning tayanch zonasidagi yigitlar himoyachilarga yaqin harakat qila boshladi. Shu tufayli "lochinlar"ning kam sonli hujumlarini uyushtirishga mas’ul bo‘lgan Jamshid Iskanderov o‘yindan uzulib qoldi. Babayan shogirdlari tempni tushurib, Marushichni ikkinchi qavatdagi to‘p uchun kurashga qo‘shishga urindi, ammo bu ancha chuqur himoyalanishni boshlagan mehmonlarga naf keltirmadi. Kapadze shogirdlari esa, markazni qo‘lga kiritgach, to‘pni qanotlarga katta tezlikda olib o‘tib, xavfli vaziyatlar sonini oshirishda davom etdi. 80-daqiqaga kelib, Jokich va Boltaboevdagi charchoq o‘z so‘zini aytdi, "Navbahor"ning pressingi susaya boshladi.
Yangi qo‘shilgan kuchlar yordamida Kapadze jamoasi o‘yinni o‘z tomonga og‘dirdi. Qanotlardagi yigitlarning kuchli bosimi sababli, namanganliklarning himoyadagi asosiy quroli sanalgan tayanch yarim himoya ishsiz qoldi. Qanotlarga urg‘u berilgani o‘z so‘zini aytmay qolmadi. 83-daqiqada "Olimpik" 100 foizlik golli vaziyat yaratdi, ammo namanganliklar safidagi gladiator (Hoshimov) katta sahnaga chiqdi. Aslida, bu o‘yinni Samvel Babayan shogirdlari ortiqcha kuch sarflamay o‘z foydasiga hal etishi mumkin edi, biroq mavsum boshidan beri asosiy tarkib almashtirilmagani o‘zini sezdirdi. Jokich va Boltaboevning bosimi kamayishi bilan "Olimpik" oldinda erkinroq to‘pni nazorat qildi. Keyin, vaziyatni yana o‘z qo‘liga olish maqsadida Babayan Asad Sobirjonovning o‘rniga Azim Ahmedovni "jangga tashladi", ammo bu yurish katta naf keltirgani yo‘q.
Timur Kapadze bugun "Navbahor"ga oyna tutib berdi. Hozir-ku, "lochinlar" maydondagi ijrochilar darajasidagi farq evaziga keyingi bosqich yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi, biroq bu sekin-asta pasayib borishi aniq. Sababi, Samvel Vyacheslavovich o‘yindan keyingi matbuot anjumanida futbolchilarim o‘yinga chanqoq va ular hali charchamadi, deb aytib o‘tdi. Bilmadim, zaxira o‘rindig‘ida Jasur Yaxshiboev, Nurillo To‘xtasinov, Mirlan Murzaev singari futbolchilari bor jamoa bu qadar asosiy tarkibga bog‘lanib qolishi qay darajada to‘g‘ri? "Samvel aka"ning matbuot anjumanidagi gapidan xulosa qilinsa, u mavsum oxiriga qadar asosiy tarkibga dam bermoqchi emas. Demak, 5 kundan so‘ng "Paxtakor" bilan ham, 10-sentyabrda "So‘g‘diyona" bilan ham bugungi tarkibning 90 foizi asosiy tarkibda bo‘ladi. Har bir bellashuvda chuqur himoyalangani bois, katta kuch sarflaydigan "lochinlar"ning kuchi oxirigacha etarmikan? Samvel Babayan o‘yindan o‘yinga pufakni shishirishda davom etmoqda. Agar o‘rtamiyona jamoalar ham "Olimpik" singari "Navbahor"ga kurash taklif etadigan bo‘lsa, "lochinlar" ustozi qo‘lidagi "shar"ni chempionlik o‘yinlarida "yorib qo‘yishi" hech gap emas. Har holda, ancha yil avval sun’iy rotatsiyadan voz kechgani qanchalar qimmatga tushganini ko‘pchilik unutgani yo‘q!
Yahyoxo‘ja Ulug‘xo‘jaev
Fikrlar