
Aziz Asimov "Neftchi" darvozasiga nohaq penalti belgiladimi?
SPORTS.uz sayti jurnalisti – Yahyoxo‘ja Ulug‘xo‘jaev o‘z telegram sahifasida kechagi “Buxoro” – “Neftchi” bahsidagi belgilangan penalti borasida fikr qoldirdi. Uning aytishicha, o‘yinni boshqarib borgan Aziz Asimov so‘nggi daqiqalarda biroz o‘yin tizginini qo‘lidan chiqarib yuborgan.
"Kechagi “Buxoro” – “Neftchi” bahsidagi belgilangan penalti masalasi savollar bisyor. Aynan shu masalada bir nechta mutaxassislar bilan fikr almashdik. Ularning deyarli barchasi (taxmin qilganimdek) vaziyat 11 metrlik nuqtaga tortmasligini aytib o‘tdi.
Ushbu epizoddagi eng muhim faktor “Neftchi” himoyachisi (Mishenko) to‘p uchun kurash chog‘ida “Buxoro” futbolchisiga umuman e’tibor ham qaratmagani. Kontaktni esa, maydon egalari a’zosi yuzaga keltirganiga guvoh bo‘lshingiz mumkin. Qo‘shimchasiga, insoniylik faktoriga ham e’tibor qaratish lozim. Hakamlar bahs davomida qabul qilayotgan qarorlarini qisman o‘yinning borishiga qarab ham baholashi kerak bo‘ladi.
Har holda, o‘yinning so‘nggi daqiqasida penalti belgilash uchun 100 ga 100 asos bo‘lmasa, bu deyarli imkonsiz. Shu o‘rinda, Aziz Asimovning nima uchun VARdagilar bilan suhbatlashsada, o‘zi takroriy lavhani ko‘rmagani javobsiz savol bo‘lib qoldi. 3-4 daqiqa sarflab o‘sha kadrni o‘zi ko‘rganida, balki fikri o‘zgargan bo‘lar edi. Sababi, bosh hakam voqea joyidan anchagina uzoqda edi.
Buni, takroriy lavhani tomosha qilib ham anglash mumkin. Xo‘sh, bu xolatda Asimovga VARdagi takroriy lavhani tomosha qilishi uchun nima to‘sqinlik qildi? Agar u voqea sodir bo‘lgan joyda qulay “obzor”ga ega bo‘lganida, bu masala aktualligini yoqotar edi. O‘ylashimcha, VARda o‘tirgan hamkasblari uni o‘zi videotakrorni ko‘rish uchun ekran yoniga chaqirganida, vaziyat umuman boshqacha ko‘rinish olgan bo‘lar edi. Menimcha, VARdagi "ref"larni asosiy vazifasi bosh hakamga yordam berish bo‘lishi shart. Ular vaziyatni asosiy qahramoniga aylanib ketishmoqda. E’tibor berib qaralsa, barcha janjalli vaziyatlar VARning voqeaga keragidan ortiq aralashgan paytda sodir bo‘lmoqda.
Qisqasi, Aziz Asimov bu mavsumda ikkinchi bor ancha bahsli vaziyatga aralashib qoldi. Ushbu vaziyat borasida UzFHM tomonidan beriladigan rasmiy munosabatni kutishdan boshqa choramiz yo‘q. Eng achinarlisi shundaki, bahsni boshqargan referi jazolangan taqdirda ham yo‘qotilgan ochkoning o‘rnini «Neftchi»ga hech kim to‘ldirib bermaydi."
Eslatib o‘tamiz, bahs 2:2 natijasi bilan yakunlandi. Ochko yoqotganiga qaramay, farg‘onaliklar peshqadamlikni saqlab qoldi.
Fikrlar
Бу аблахни футболдан четлатиш керак!!!