Azaliy orzu sari olg‘a, O‘zbekiston!

  • 4 sentabr, 2019, 21:54
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 1
  • Futbol
CHERY AUTO

2022 yili Qatarda o‘tkaziladigan jahon chempionati uchun Osiyo qit’asida ham saralash bahslarining ikkinchi raundi boshlanish arafasida turibdi. Unda esa O‘zbekiston milliy terma jamoasining ham borligi tabiiyki, biz uchun eng muhimi va ahamiyatlisidir. Chunki biz azaliy orzuimiz bo‘lgan mundial uchun navbatdagi yurishni yana bir bor yaxshi niyatlar bilan boshlamoqdamiz, bu safar argentinalik Ektor Kuper bilan! Darvoqe, mazkur raund o‘z navbatida 2023 yili Xitoyda o‘tadigan Osiyo Kubogi musobaqasi uchun ham saralash bosqichi vazifasini o‘tab beradi.

Tecno

5 sentyabr kuni Al Ram shahrida Falastin hamda O‘zbekiston terma jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv bilan vakillarimiz JCh-2022 saralash bosqichining ikkinchi raundini boshlaydilar. Shu sababli ayni paytda hammamizning e’tiborimiz terma jamoamizga va uning bo‘lajak uchrashuviga qaratilgan. Albatta, biz raqibdan ko‘ra kuchliroqmiz va o‘yinda favoritmiz. Ammo Kuper aytganidek, har qanday raqibga hurmat bilan yondashish kerak. Boz ustiga oxirgi paytlarda barcha futbol o‘ynashni o‘rganib olgan va shu jumladan Falastin ham. Ushbu raqib haqida esa sal quyiroqda to‘xtalib o‘tamiz. Hozir esa biz uchun milliy terma jamoamiz muhim.

Mana, endi bosh murabbiyning «katta sahnaga» chiqadigan payti keldi. Uning O‘zbekistonga nima maqsadda olib kelingani barchangizga yaxshi ma’lum. Hozircha ushalmay kelayotgan orzuimizni aynan Kuper yordamida ro‘yobga chiqarishni istayapmiz, shunday emasmi? Shu sababli uning oldidagi asosiy vazifa – bu O‘zbekistonni Qatardagi mundialga olib chiqish. Uning yurtimizda ish boshlaganiga esa yaqinda bir yil bo‘ldi. Tabiiyki, o‘tgan vaqtda davomida u bizning mentalitetimizni, urf-odatlarimiz va futbolimizni ancha-muncha o‘rganib oldi va yurtimizga moslashdi ham. Bu haqida uning o‘zi ham bir necha bor ta’kidlab o‘tdi. Qolaversa, murabbiyning bu erda barcha narsa qoniqtirayotganini ham alohida aytgani yodimizda. Shunday ekan, doim vaziyatga ijobiy tomondan yondashishni xush ko‘ruvchi mutaxassisning o‘zini ko‘rsatadigan payti keldi.

kuper_1

Kuperning umumiy hisobdagi 16, rasmiy bahsda esa 5-o‘yini

2018 yilning 6 avgust kuni O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi sifatida rasman e’lon qilinganidan keyin oradan roppa-rosa bir oy o‘tgach, u yangi jamoadagi o‘zining dastlabki o‘yinini o‘tkazgandi. O‘shanda Toshkentda Suriya terma jamoasiga qarshi kechgan o‘rtoqlik maqomidagi bellashuvda 1:1 hisobi qayd etilganini yaxshi eslasangiz kerak. Umumiy hisobda esa Ektor Kuper O‘zbekiston bosh murabbiyi sifatida shu kungacha 15 ta o‘yin o‘tkazdi. Shundan to‘rttasi rasmiy bo‘lsa, qolgan 11 ta bellashuv xalqaro maqomdagi o‘rtoqlik uchrashuvlari edi. Shu yilning yanvar oyida BAAdagi Osiyo Kubogi Kuperning terma jamoamizdagi dastlabki rasmiy musobaqasi bo‘lgandi. O‘shanda vakillarimiz to‘rtta bahsda qatnashishgan. Umuman olib qaraganda, hozirgacha argentinalik mutaxassis boshchiligida terma jamoamiz 7 ta o‘yinda g‘alaba qozondi. Shuningdek, 6 ta bellashuvda raqiblarga imkoniyat boy berildi. Shu bilan birga 2 ta uchrashuv durang tugagan. Demak, navbatdagi bahs Kuperning rasmiy bahslardagi 5-, umumiy hisobda esa 16-o‘yiniga aylanadi. Qolaversa, yuqorida aytganimizdek, ilk o‘yinini 2018 yilning 6 sentyabr kuni o‘tkazgan bo‘lsa, shu yilning 5 sentyabrda uning 16-uchrashuviga guvoh bo‘lamiz.

Kuperning terma jamoamiz bosh murabbiyi sifatida o‘tkazgan o‘yinlari

O‘yin sanasi             O‘yin maqomi           O‘zaro juftliklar

06.09.2018                 O‘rtoqlik                   O‘zbekiston – Suriya – 1:1

11.09.2018                 O‘rtoqlik                   O‘zbekiston – Eron – 0:1

13.10.2018                 O‘rtoqlik                   O‘zbekiston – KXDR – 2:0

16.10.2018                 O‘rtoqlik                   O‘zbekiston – Qatar – 2:0

15.11.2018                 O‘rtoqlik                   O‘zbekiston – Livan – 0:0

20.11.2018                 O‘rtoqlik                   O‘zbekiston – J.Koreya – 0:4

09.01.2019                 Osiyo Kubogi             O‘zbekiston – Ummon – 2:1

13.01.2019                 Osiyo Kubogi             Turkmaniston – O‘zbekiston – 0:4

17.01.2019                 Osiyo Kubogi             Yaponiya – O‘zbekiston – 2:1

21.01.2019                 Osiyo Kubogi             Avstraliya – O‘zbekiston – 0:0 (pen.b.4:2)

22.03.2019                 O‘rtoqlik                   O‘zbekiston – Urugvay – 0:3

25.03.2019                 O‘rtoqlik                   Xitoy – O‘zbekiston – 0:1

02.06.2019                 O‘rtoqlik                   Turkiya – O‘zbekiston – 2:0

07.06.2019                 O‘rtoqlik                   O‘zbekiston – KXDR – 4:0

11.06.2019                 O‘rtoqlik                   O‘zbekiston – Suriya – 2:0

O‘zaro o‘yinlarimiz

Shu o‘rinda Falastin hamda O‘zbekiston milliy terma jamoalarining o‘zaro o‘yinlari tarixiga ham qisqacha to‘xtalib o‘tmasak bo‘lmasdi. Hozirga qadar ikkala jamoalar uch marta maydonda to‘qnash kelishgan. E’tiborlisi, Falastinga qarshi ilk bor aynan jahon chempionati saralash bahslarida o‘ynaganmiz. Aniqrog‘i, 2004 yili JCh-2006 saralash bahslari uchun Toshkentda o‘tkazilgan dastlabki bahsda vakillarimiz 3:0 hisobida g‘alaba qozonishgandi. Javob uchrashuvida ham terma jamoamiz raqib darvozasiga yana javobsiz uchta gol urgandi. Oxirgi marta esa Falastinga qarshi 2014 yili to‘qnash kelganmiz. O‘rtoqlik maqomi ostida kechgan bahsda 1:0 hisobida g‘alaba qozonganmiz. Ko‘rinib turibdiki, o‘tkazilgan uchala bellashuvda ham futbolchilarimiz 100 foizli natija ko‘rsatishgan. Falastinliklar hali darvozamizni ishg‘ol eta olishmagan va umid qilamizki, bundan keyin ham ushbu an’ana saqlanib qolinadi.

kuper2

Falastin haqida

Bo‘lajak raqibimiz haqida ham biroz to‘xtalib o‘tishni o‘rinli deb bildik. Zero, bu terma jamoa oxirgi paytlarda Osiyoda futboli asta-sekinlik bilan oldinga siljiyotganlardan biri hisoblanadi. Bunga ularning oxirgi ikkita Osiyo Kubogida ishtirok etganini misol keltirishimiz mumkin. 2015 yili Avstraliya maydonlarida o‘tgan musobaqada falastinliklar guruhdagi barcha o‘yinlarda mag‘lub bo‘lgan bo‘lsa, shu yili BAA mezbonligi ostida o‘tgan qit’a Kubogida esa guruhida Suriya va Iordaiya bilan durang o‘ynab, Avstraliyaga imkoniyatni boy berdi. Ammo falastinliklar o‘zidan yomon taassurot qoldirishmadi. Bir so‘z bilan aytganda, Falastin Osiyodagi o‘rtamiyona terma jamoalar qatorida e’tirof etiladi. Shuningdek, ular yaqinda arab terma jamoalari ishtirokidagi musobaqada ham yaxshi qatnashishdi. Falastin terma jamoasini esa jazoirlik Nuriddin Ould Ali boshqarib kelmoqda. Bunga qadar ham u Falastin terma jamoasining murabbiylar shtabida ishlaganini eslatib o‘tish joiz. O‘tgan yildan beri esa mamlakat terma jamoasining bosh murabbiyi sifatida ishlab kelmoqda. Shuni ham ta’kidlash kerakki, 2014 yili falastinliklar OFK chaqiruv Kubogi sohibiga aylanishgan. Hozirgi paytda esa Falastin FIFA reytingida 100 lik dovonni zabt etgan.

Xalqimiz milliy terma jamoamizdan g‘alabani kutmoqda va ishonamizki, vakillarimiz azaliy orzu sari yurishini muvaffaqiyat bilan boshlaydilar.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
Diyorbek fergana
05/09/2019 09:12
Yigitlar bizam bir chiqeli endi mundialga. JCh ni sog'indik dirdimu lekin soginish uchun unga biror marta chiqishimiz kk. Qogan termalarga xavas qilib shu kungacha keldik. Bizgayam omon omon kunlar kesin endi....