
Axbor Imomxo‘jaev izdoshlari o‘rtasida xotira turniri o‘tkaziladi!
O‘zbek sporti jurnalistikasi otaxoni, futbolimiz sharhlovchiligi maktabi asosichisi Axbor Imomxo‘jaev foniy dunyoni tark etganiga bugun roppa-rosa bir yil bo‘ldi. Biz bu insonni nafaqat o‘zbek tilidagi unutilmas sharhlari bilan, balki futbol hakamligi va uning rivoji yo‘lida amalga oshirgan ishlari bilan ham yaxshi eslaymiz.
Endilikda bu insonning izdoshlari o‘zaro hamkorlikda futbol xotira turniriga asos solishni rejalashtirishgan. Sizga yaxshi ma’lumki, har yili 2 iyul sanasida butunjahon sport jurnalistlari kuni nishonlanadi. Mana shu kunda Axbor Imomxo‘jaev xotira turnirini o‘tkazish taklifi uning farzandlari hamda nabiralari tomonidan ilgari surildi.
Rejaga ko‘ra, ilk musobaqa 1-2 iyul kunlari bo‘lib o‘tadi. Unda Axbor Imomxo‘jaev nomi bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan jamoalar ishtirok etishi ko‘zda tutilgan. Jumladan, “Paxtakor” faxriylar jamoasi, “Tong” faxriylar jamoasi, sobiq hakam hamda nazoratchilarni o‘zida jamlashi ko‘zda tutilgan “Referi” faxriylar jamoasi, faxriy sport jurnalistlarini o‘zida jamlaydigan “Jurnalist” jamoasi. Shuningdek, futbol sharhlovchilarini o‘zida jamlagan “Sharhlovchi” jamoasi, o‘zbek futboli rivojiga katta hissa qo‘shib kelayotgan “Sports.Uz” hamda “Championat.asia” jamoalari. Musobaqada Axbor Imomxo‘jaevning farzand, nabira hamda abiralaridan iborat alohida jamoa ham qatnashadi.
Ishonamizki, mazkur musobaqa an’anaviy tarzda yo‘lga qo‘yiladi. Axbor Imomxo‘jaev kabi insonlar nafaqat hayotlik davrida, balki undan keyin ham o‘z izdoshlarini shu tariqa jipslashtirib turishiga shubha yo‘q.
Fikrlar