
Artyom Filiposyan: Qing‘ir ishlarga hech qachon aralashmaganman. Men halol futbol tarafdoriman
Terma jamoamizning sobiq ximoyachisi Artyom Filiposyan bilan mahsus intervyu tashkil etishga qaror qildik. Suhbat davomida, ximoyachi terma jamoa, Superliga va Tailanddagi faoliyati borasida mavzularga alohida e’tibor berdi.
Avvalambor, Tailanddagi faoliyatingiz va qanday u erga borib qolganingiz borasida to‘htalib o‘tsangiz?
Tailandga borishimning asosiy sababchisi bu Adnan Oraxovats. U klubga meni tavsiya qilgan va ular mening o‘yinlarimni "Youtube"da ko‘rib chiqib, "Prachuap" klubiga taklif etishgan.
Bu erda meni iliq kutib olishdi. Sharoitlar, umuman barchasi yaxshi darajada.
Tailand chempionati haqida gapirsam, juda yaxshi va kuchli. Har bir klubda 4-5 tadan legioner bor va ularning saviyasi yuqori darajada.
Nima uchun aynan Tailandni tanladingiz? Bu faoliyatingizda ortga qadam tashlash emasmidi?
Har holda, u erdagi futbolning saviyasi biznikidan pastroqdek?
Bilasizmi? Men 31 yoshdaman. Shuning uchun, ikkilanmay keldim. Yaxshi taklif, yaxshi sharoitlar, nima uchun kelmasligim kerak?
O‘z fikrimni aytadigan bo‘lsam, Tailand chempionati menga juda yoqdi. Har bir bellashuv juda qizg‘in kechadi va juda kuchli xujumchilarga qarshi to‘p suraman. Bu erga kelganimdan mutlaqo afsuslanmayman.
Nasib qilsa yana qolishga harakat qilyapman. Barchasini vaqt ko‘rsatadi.
O‘ylashingiz mumkin, Tailand chempionatining saviyasi biznikidan past deb. Ammo juda kuchli legionerlar ko‘p. Bu erdagi saviya juda past deb aytmagan bo‘lar edim.
Bu erda odamlar futbolni sevishadi. Har bir bahsda stadionlarga muxlislar tashrifi ko‘p bo‘ladi.
Demak, "Prachuap" klubi o‘zimizning etakchi jamoalardan-da ko‘p maosh beradi shundaymi?
Ha, to‘g‘ri aytdingiz. Faqat "Paxtakor" va "Lokomotiv" katta jamoalar. Bu klublarimizdan-da yaxshi sharoitga ega deb ayta olmayman. Lekin qancha maosh berilishi sir bo‘laqolsin. "Prachuap" kichkina jamoa, masalan bizdagi "Dinamo", "Qizilqum", "Buxoro", "Sho‘rtan"... kabilar singari.
Klubimiz endi ikkinchi yil Oliy Ligada o‘ynayapti. Oldimizga qo‘yilgan asosiy vazifa quyi Ligaga tushib ketmaslik.
Superliga bahslarini kuzatib boryapsizmi?
Ha, iloji bo‘lsa har bir turni ko‘rib boraman. Chunki bu erning vaqti Toshkentdan 2 soat oldinda yuradi. Masalan, bugun bizda dam kuni. Fursatdan foydalanib "Bunyodkor" va "Lokomotiv" uchrashuvini to‘g‘ridan-to‘g‘ri tomosha qilyapman (Suhbat 26 avgust kuni bo‘lib o‘tgan).
Demak, jonli efirda ko‘ryapsiz. Buni qaysi kanal yoki saytdan kuzatib boryapsiz?
"Youtube"dagi "Sports.uz" kanalida jonli efir namoyish etilayapti. Shu erdan kuzatib borayapman.
Umuman futbol yangiliklarini, xabarlarini qaysi saytdan kuzatib borasiz?
To‘g‘risini aytaman ko‘proq "Sports.uz"ni kuzatib boraman.
O‘tgan mavsumda, "Prachuap" chempionatni 6-o‘rinda yakunlagan.
Ha, bu mavsumda 11-o‘rinda bormoqdamiz. Bundan tashqari, o‘zimizda tashkil etilgan Liga Kubogiga o‘xshash turnir bu erda ham bor. Aynan shu musobaqaning finaliga chiqqanmiz va 28 sentyabr kuni "Buriram"ga qarshi chempionlik uchun maydonda bahs olib boramiz.
Ushbu musobaqa Liga Kubogi kabi yo‘llanma bermasligi mumkin, ammo bu turnirga e’tibor ham kuchli, qiziqarli bo‘lib o‘tadi va federatsiya tomonidan yaxshi mukofot pul qo‘yilgan.
Keling terma jamoa haqida suhbatlashsak. Ektor Kuper borasida barcha turli xil fikr bildiryapti. Sizningcha u terma jamoamizga qanchalik yordam bera oladi?
Bilasizmi, men xech qachon murabbiylarning ishiga aralashmayman. Ammo shuni aytishim mumkin-ki, hozirda barchasi o‘z yo‘lida ketmoqda. Keling vaqtni kutaylik. Men xursand bo‘lganim terma jamoa yaxshi o‘ynayapti. Bu shaxsiy fikrim. Ektor Kuperga ishonishimiz kerak va o‘ylaymanki, nasib bo‘lsa barchasi yaxshi bo‘ladi.
Men o‘yinlarni ko‘rdim. Masalan, Yaponiya va Avstraliyaga qarshi o‘yinlarda biz ulardan qolishmadik.
To‘g‘ri tushunish kerak, bizga omad etishmadi, bolalar zo‘r o‘ynashdi.
Shuning uchun, barchamiz birlashib Ektor Kuperga ishonishimiz kerak. Nasib qilsa terma jamoamiz jaxon chempionatiga boradi.
Siz Samarqandliksiz. Lekin Qashqadaryoda ham ancha vaqt faoliyat olib bordingiz. U erda tanishlaringiz, do‘stlaringiz bormi va ular kimlar?
To‘g‘ri, men Samarqandlikman. Futbolga katta qadamlarni Qashqadaryoda boshladim. Fursatdan foydalanib, "Mashal" jamoasiga katta raxmat aytaman, Bahrom Davlatovga alohida minnatdorchiligimni bildirib qolaman. Barchasi uchun cheksiz minnatdorchilik bildiraman. "Mashal"ga yana bir bor raxmat.
Do‘stlarim ko‘p: Botir Nosirov, Sherzod A’zamov, Xamza Karimov, Samandar Shodmonov barchasi bilan aka-ukadekmiz. Futboldan tashqarida ham 2-3 ta tanishlarim bor va hali ham gaplashib turamiz.
Futbolchilar bilan ham gaplashib turamiz, ammo ko‘p emas. Barchasining o‘z oilasi va ishi bor. Vaqtimiz bo‘lganida telefon orqali gaplashib turamiz.
O‘zbek klublaridan qaysi jamoalarga muxlislik qilasiz?
"Nasaf", "Mashal", AGMK va "Bunyodkor".
Agar Xalqaro o‘yinlar bo‘lsa, qaysi klub bo‘lishidan qat’iy nazar, masalan "Paxtakor"mi, "Lokomotiv"mi yoki boshqa klubmi barchasiga muxlislik qilaman.
To‘g‘risi asosan "Nasaf" va "Mashal"ga muxlislik qilaman.
Evropa futbolida qaysi klublarga muxlislik qilasiz?
"Barselona" va "Liverpul".
Qaysi futbolchi kumiringiz hisoblanadi?
Men yoqtirgan ximoyachilar bu Karles Puyol va Jon Terri. Afsuski ular faoliyatini yakunlashgan.
Hozirgilar orasidan esa Van Diykni alohida ta’kidlagan bo‘lar edim. Uni kuzatib boryapman zo‘r va kuchli futbolchi.
Chempionatimizning sobiq futbolchisi sifatida kelishilgan o‘yinlar, totalizator yoki bo‘lmasa ko‘pchilikning fikriga ko‘ra, "Paxtakor"ning o‘yinlarni sotib olishi va xakamlar yon bosishi bular borasida fikr bildira olasizmi? Bu omillar qanchalik haqiqatga yaqin?
Men xayotimda bunday qing‘ir ishlarga qo‘l urmaganman va yoqtirmayman. Men halol futbol tarafdoriman. Bunday narsalarga xech qachon guvoh ham bo‘lmaganman. Shuning uchun boshimni baland ko‘tarib yura olaman. Shu qatorda, bunday ishlarga aralashgan xech kimni bilmayman. Meni to‘g‘ri tushuning, bunday narsalarni yomon ko‘raman. Futboldan ketganimda, meni yaxshi nom bilan eslashlarini xohlayman.
Bir vaqtlar, Aziz Xaydarov terma jamoaga vitaminizatsiyani shaxsan o‘zi etkazib turganini aytgan. Bu xaqiqatmidi? Terma jamoamizda sharoit etarli darajada bo‘lmaganmi?
Bilasizmi, men terma jamoada o‘ynagan paytlarim ham sharoit yaxshi bo‘lgan. Yomon demagan bo‘lardim.
Men bunday narsalarga jiddiy e’tibor bermaganman. Qanday sharoit qilib bergan bo‘lishsa, barchasi uchun raxmat aytaman. Mening vazifam chiqib futbol o‘ynash. Kim qanday fikr bildirgan bo‘lsa, bu ularning ishi. Men hech qachon sharoitlardan nolimaganman. Lekin siz aytgandek, Aziz Xaydarov vitaminizatsiya etkazib berganligi xaqiqat.
Afsuski jaxon chempionatiga chiqa olmaganmiz. Vaqti-vaqti bilan buni eslab turaman. Alam qilgan tomoni, mexmonda Eronni yutib kela turib ham JChga bormaganimiz.
Tailandda yurtimiz futboli haqida qanchalik bilishadi?
Ha, asosan "Nasaf", "Paxtakor", "Bunyodkor"ni yaxshi bilishadi. Mendan bu haqida so‘rab ham turishadi.
Bir vaqtlar "Nasaf" bilan "Chonburi" klubini mag‘lub etib ketganmiz. Hozir o‘sha "Chonburi"da o‘ynagan 2 nafar futbolchi bilan birgamiz. Shu o‘yinni ko‘p eslab turamiz.
"Bunyodkor" bilan "Buriram"ga qarshi o‘ynab ketganmiz va 1:2 hisobida yutqazganmiz. Tailandda "Buriram" juda kuchli. Ba’zida hayron qolaman, barcha bu jamoani qattiq yaxshi ko‘radi.
Superligamiz haqida bilishmasa kerak. OChL orqali jamoalarimizni yaxshi bilib olishadi.
"Bunyodkor" va "Lokomotiv" bahsi ham tugadi va durang natija qayd etildi. Bu "Nasaf" uchun imkoniyatmi?
O‘yin sifati bo‘yicha bu yili "Nasaf" chempionatning eng kuchli jamoasi. Ular yaxshi o‘ynashyapti.
Ro‘ziqulaka yaxshi va kuchli jamoa shakllantirdilar. Ro‘ziqul Berdiev murabbiy sifatida yana-da o‘sishga erishdi va uni kuchli murabbiy deb hisoblayman.
Lekin "Nasaf" keyingi o‘ynni mexmonda "Qo‘qon-1912"ga qarshi o‘tkazadi. Bir tomondan yaxshi imkoniyat, lekin qiyin bo‘ladi. Qo‘qonliklarga 3 ochko suv va havodek zarur. Shuning uchun yaxshi o‘yin bo‘ladi deb o‘ylayman. Nasib qilsa uchrashuvni ko‘raman.
Futbolchilik faoliyatingizni qancha vaqt davom ettirishni rejalashtiryapsiz?
Avvalo, sog‘ bo‘lishimni xudodan so‘rayman. Qancha o‘ynashimni vaqt ko‘rsatadi. Nasib bo‘lsa yana 5-6 yil o‘ynasam deyman. Ko‘ramiz, nasib qilgani bo‘ladi.
Futbolchilik faoliyatingizni yakunlab nima ish bilan shug‘ullanmoqchisiz?
Futbol ichida 15 yildan buyon yuribman. Murabbiylikda o‘zimni sinab ko‘rishni istayman. Buni esa vaqt ko‘rsatadi. Hozirda bor e’tiborim futbol o‘ynashga qaratilgan.
Vaqtingizni ayamaganingiz uchun raxmat. Muxlislarga tilaklaringiz bo‘lsa, marhamat!
Muxlislarga doim sog‘-salomatlik tilab qolaman. Terma jamoamizning bo‘lajak o‘yinlarida qo‘llab-quvvatlashsin. Ishlariga omad tilayman. Qaerda muxlislik qilishlaridan qat’iy nazar doim sog‘ bo‘lib yurishsin. Sizga ham raxmat ishlaringizga omad tilab qolaman.
Fikrlar
Тушунишимча киндик кони Самаркадда тукилган Кашкадарёда одам булган.
Кашкадарё клубларига мухлислик киларкану, бир огиз кунгил у/н Динамога хам бефарк эмасман дейишга ярамабди.
Бунакаларда Ватан туйгуси булмайди дегани рост экан-да.
Уйлари "снос"га тушиб бузилиб кетган оилаларни хикоясини тингласангиз чидаб булмайди, ушанака инсонларга худо сабр берсин.
Артём эхтимол инсон сифатида олийжаноб яхши инсондир бунга шубхам йук. Агар сен хам Самаркандлик булсанг аминманки уз шахрингни севасан ва уни шарафини химоя килувчи Динамо клубига бефарк эмассан.
Келажакда яхши мураббий уз ишин устаси булган мутахасис булишини тилайман.