
Artyom Filiposyan: Meni yanvarda kutishyapti...
Yaqinda saytimiz orqali xabar berganimizdek, Indoneziya chempionatida to‘p surgan legionerimiz Artyom Filiposyan yurtimizga qaytib keldi. “Tira Persikabo” sharafini himoya qilgan futbolchimiz uchta o‘yinda maydonga tushdi va qolgan vaqtini pandemiya sababli futbolsiz o‘tkazishga majbur bo‘ldi. Filiposyan sports.uz muxbiriga u erdagi hayoti, keyingi faoliyati va o‘zimizning chempionat haqida quyidagilarni gapirdi:
“Indoneziyada futbol rahbarlari politsiya bilan kelisha olmadi”
- Shu yilning yanvar oyida Indoneziyaga jo‘nab ketgandim, o‘sha paytda ikki oy mashg‘ulotlarni o‘tkazdik. Mart oyida chempionat boshlandi va uchta turda o‘ynadik. Shundan keyin koronavirus tufayli chempionat qoldirildi. Bir necha oy to‘xtalishlar bo‘lib, so‘ngra mashg‘ulotlar o‘tkazdik, o‘yinlar boshlanishini kutib yuraverdik. Futbol federatsiyasi mahalliy politsiya boshliqlari bilan chempionatni davom ettirish borasida bir to‘xtamga kela olmadi, natijada ruxsat berilmadi. Faoliyatim mobaynida birinchi marta shunday holatga duch keldim, futbolsiz qolib ketdim. Ammo professionalmiz, jamoam bilan shartnomam 31 dekabrgacha. Endi ularning aytishicha, 2021 yilning fevral oyida chempionat boshlanadi. Yo yangidan yoki kelgan joyidan davom ettiramiz. Baribir futbolsiz qiyin, nimaga deganda, mashg‘ulotni o‘zi bilan inson charchaydi. Indoneziyaga ketganimdan afsuslanmayman. To‘g‘ri, bu erga kelishimdan avval O‘zbekistondan ham takliflar bo‘lgandi, biroq oldindan nima bo‘lishini bilmaymiz. Agar odam o‘z sohasi bo‘yicha ishlamasdan uyda o‘tiraversa aqldan ozishi hech gap emas. Ana shunday paytda qiyinchiliklar bo‘ldi, bu ham etmaganidek, oilam yonimda emasdi.
“Klubim menga yangi shartnoma taklif qildi, lekin...”
- Yurtimizga qaytishdan avval, “Tira Persikabo” rahbariyati menga yangi shartnoma berdi. Ularga oldin uyga boray, yaqinlarim bilan maslahat qilaman, keyin bir qarorga kelaman, deb aytdim. Menga O‘zbekistondan, yana boshqa yurtlardan chaqiruvlar bor. Ikki yil chetda to‘p surdim. Balki yana legioner bo‘lib faoliyatimni davom ettirarman. Oilam bilan maslahatlashib, keyin bir qarorga kelaman. Lekin “Tira Persikabo” meni yanvar oyida kutyapti. Hozircha klub bilan do‘stona xayrlashdik. Dekabrda aniq javobimni aytishim kerak, ularga.
“Kriushenko ham yana birga ishlashni taklif qilyapti”
- “Tira Persibako” bosh murabbiyi Igor Kriushenko bilan ham ketishdan oldin gaplashdim. Uning klubda qolishi 80 foizga aniq. Rahbariyat uning ishini yoqtirib qoldi. Hozir shartnoma bandlarini hal qilishyapti. Kriushenko ham menga yana bir yil qol, birga ishlaylik, deb aytdi. Uning niyati meni jamoada olib qolmoqchi. Lekin oxirgi so‘zni o‘zim aytaman.
“Agar pandemiya yuz berishini bilganimda O‘zbekistondan ketmasdim”
- Inson tavakkalchilikka ham qo‘l urib turadi. O‘tgan yili Tailandda to‘p surdim va hammasi yaxshi taassurot qoldirgan. Keyin Indoneziyadan taklif tushgach, u erning futbolini o‘rganib chiqdim. Bu erda ham o‘zimni ko‘rsatib, yaxshi nom qoldirib kelmoqchi edim. Indoneziyada har bir uchrashuvda stadion muxlislar bilan to‘ladi. Rahbariyat bo‘lsa, futbolchilarga barcha sharoitlarni yaratib beryapti. Lekin hech kim oldindan nima bo‘lishini bilmaydi. Agar pandemiya yuz berishini avvaldan bilganimda O‘zbkistondan hech qaerga ketmasdim. Indoneziyada esa karantin paytida to‘rt-besh oy faqat uyda o‘tirdim. Shuncha yil futbol o‘ynayotgan bo‘lsam, hech qachon nimadandir afsuslanmayman.
“Indoneziya chempionati pastroq, faqat legionerlar hisobiga o‘sishmoqchi”
- Bilasizmi, Tailandda o‘ynaganimda qaysi klubning chempion bo‘lishi yoki kimning quyi ligaga tushib ketishini hech kim bilmasdi. Indoneziyada ham shunga o‘xshash edi. Bu erning chempionatini kuzatsangiz, har yili chempion jamoa nomi o‘zgarib turadi. Lekin Indoneziya chempionatining saviyasi o‘zimiznikidan kuchli emas. Masalan, Indoneziyaning futbolchilari hali Tailanddagi o‘yinchilarning darajasiga ham chiqqani yo‘q. Faqat har bir klubda 4-5 nafar legioner borligi uchun u erda chempionat endi o‘syapti, ammo hali yana vaqt kerak. Agar shu yo‘nalish bo‘yicha harakat davom ettirilsa, yaqin yillarda saviyasi yanada ortadi. Biroq legionerlar uchun qiyin. Chunki u erning muhitiga moslashish talab etiladi. Masalan, O‘zbekiston chempionatiga keladigan legionerlarning sanoqlisigina kuchliroq, qolganlari o‘rtamiyona. Indoneziyada esa legionerlar ancha kuchli. Shu bois aslo bo‘shashishga haqqimiz yo‘q. O‘zim ham chempionati qiyinroq mamlakatlarda to‘p surishni yaxshi ko‘raman. Bu orqali o‘zingizni tekshirib ko‘rasiz.
“Paxtakor”ning chempion bo‘lishini bilardim”
- Bo‘sh paytlarimda o‘zimizning chempionatni kuzatib bordim. Albatta, O‘zbekistonda chempionat yana davom ettirilayotgani yaxshi bo‘ldi. Mana, o‘zim Indoneziyada futbolsiz qanday qiynalganimni his qildim. Bu yil ham “Paxtakor” yaqqol etakchi, hozir bu klubga teng keladigan jamoa yo‘q. Yilning boshidayoq “Paxtakor”ning chempion bo‘lishini bilardim. Boshqa klublarda moliviy tomondan muammolar bor. “Paxtakor”ning tarkibida esa yaxshi saviyadagi ijrochilar jamlangan. Bugungi kunda bu klub har taraflama O‘zbekistonning eng kuchlisi.
“Andijon” bilan “Buxoro”ning autsayderga aylanishi oldindan ma’lum edi”
- “Nasaf” o‘z yoshlari bilan yaxshi taassurot qoldiryapti. Ular ikkinchi o‘ringa haqli. To‘g‘risi, mavsum avvalida “Andijon” bilan “Buxoro”ning Superligada qolish uchun kurashishini bilardim. Ya’ni, ularning autsayderga aylanishi oldindan ma’lum edi. Futbolni tushunadiganlar bilib turibdiki, ularga yaxshi saviyadagi o‘yinchilar topilmadi. “Andijon”da ham, “Buxoro”da ham murabbiylar almashinuvi davom etyapti. Yilning boshida selektsiya ishlari ko‘ngildagidek bo‘lmayapti. Misol uchun “Andijon” yaqinda Baxtiyor Hamidullaevni iste’foga chiqardi. Esimda, futbolni endi boshlaganimda unga qarshi o‘ynaganman. G‘alabalarga juda chanqoq edi. Hozir unga o‘xshagan hujumchi yo‘q. To‘g‘risi, “Andijon” bosh murabbiyi bo‘lganida xursand bo‘lgandim. Baqoevni ham Hamidullaevga o‘xshataman. Baxtiyor aka “Andijon”ni qiyin ahvolda qabul qilib oldi va yomon ishlagani yo‘q. Ammo rahbarlarning ishiga aralasha olmaymiz. Faqat Hamidullaevga mavsum oxirigacha imkoniyat berish kerak edi. Masalan, Ro‘ziqul Berdiev ham “Nasaf”ni ilk bor qabul qilib olganida hammasi birdaniga yaxshi bo‘lib ketmagan.
Fikrlar