
"Arsenal" uzlatga chekindi(mi)?!
Bunaqangi "Arsenal"ni dunyo hali ko‘rmagan!
To‘g‘ri, taqvim London jamoasiga startda kulib boqdi deb bo‘lmaydi. APL chempioni va YChL g‘olibiga qarsh bahslardagi mag‘lubiyatni tushunish mumkin, ammo birinchi turda "Brentford"dan qabul qilib olingan "tarsaki"chi?!
Hozir "kononirlar" turnir jadvalida so‘nggi pog‘onada bormoqda. To‘plar nisbati -9 ! Undan avvalgi o‘rini 3 o‘yinda engilgan "Norvich" egallab turibdi. "Kanarekalar" ham 3 bahsda 9 golni o‘z darvozasidan olib chiqqan, ammo joriy mavsumda bittagina bo‘lsa ham gol kiritishdi. Shu tariqa Mikel Arteta "to‘pchilar" tarixidagi eng sharmandali startni 21 asrda barchaga ko‘z-ko‘z qildi. Jamoa so‘nggi bor chempionatning ilk 3 o‘yinini bundan 67 yil avval boy bergan bo‘lsa, ilk turlarni 1953 yildan beri golsiz o‘tkazmagan. Bu ikki anterekordni "Arsenal" joriy mavsumda parellel tarzda yangiladi.
"Manchester Siti" bilan bahsdagi 5:0 klubning qay darajada "nochor" ahvoldaligini ko‘rsatdi. "Kononirlar" 2014-yildan beri ligada 5 ta to‘p farqi bilan engilmay kelayotgan edi. Eng achinarlisi, Arteta shogirdlari o‘yinning atigi 20 foizida to‘p bilan munosabatda bo‘ldi xolos. Darvoza sari yo‘llangan yagona zarba jamoani sharmandalikdan qutqarib qola olmadi. "Ettihat"dagi oqshom yakunlangach, Mikel tuni bilan uxlay olmagani aniq.
Murabbiy oxirigacha jang qilmoqchi, ammo maydonda jangchilar yo‘q.
Tarkib haqida oldindan xulosa chiqarish noo‘rin. Tarkibda yo‘qotishlar bor. Shuningdek, og‘ir taqvim ham jamoani qiynab qo‘ydi. To‘g‘ri, "Siti" bilan o‘yinda Edegor maydonda edi, biroq norvegiyalik o‘z imkoniyatlari darajasida harakat qilmadi. Arteta Ben Uayt va Tomas Partining qaytishini kutmoqda. Afsuski, ular safga qo‘shilgani bilan muammo hal bo‘lmaydi.
Saka va Smit-Rou "jang" qilishga tirishdi. Ayrim epizodlarda tajribasizlik pand bergan bo‘lsa, boshqa vaziyatlarda ular o‘yindan tushib qoldi. Yoki uyushmagan jamoadan ajralib qoldi. Shunisi haqiqatga yaqinroqdek ko‘rinmoqda.
Klubni yaqin 5 yil elkasida olib yurishi kutilgan Obameyang allaqachon Arteta bilan janjallashib ulgurdi. Jaka muxlislardan arazlagan va buni yashirib o‘tirmayapti. "To‘pchilar"ning 3 o‘yinidan ko‘rindiki, maydonda 11 yigit birdek mehnat qilmayapti. Kimdir o‘z zonasini yopishga ulgurmayapti, boshqalar kerak paytda "ochilish"ga oshiqmayapti, yana kimlarnidir umuman klub bilan ishi yo‘q. To‘g‘risi, muammolar girdobidagi klubga qarar ekansiz, uni nimadir "qutqarib" qolishiga ishonish mushkul.
"Arsenal" so‘nggi sekundlarni yaxshi ko‘radi
Arteta jamoani yana relsga qo‘yib olishi uchun bir nechta yaxshi transferlar ziyon qilmaydi. Qizig‘i shundaki, klub so‘nggi yillardagi omadli transferlarini aksariyatini dedlaynning so‘nggi daqiqalarida rasmiylashtirgan. Aleksis Sanches, Andrey Arshavin, Mesut O‘zil va boshqalar. To‘g‘ri, siz Mesut bu ro‘yxatda nima qilyapti deb o‘ylashingiz mumkin. Aslida, uning Londondagi faoliyatini omadsiz deb bo‘lmaydi. 254 o‘yin 121 gol. Shunchaki, ketishi cho‘zilib ketgani uchun muxlislar xotirasida u zaxira o‘rindig‘idagi ko‘rinishida qolib ketgan.
Afsuski, transfer oynasining so‘nggi kunida amalga oshirilgan kelishuvlarning hammasi ham foyda bermagan. Shaxsan Arsen Venger tomonidan Noyob topilma deb e’tirof etilgan Andre Santos shular jumlasidan. 28 yoshida "Fenerbahche"dan Londonga ko‘chib kelgan yigit 23 o‘yinda maydonga tushgan xolos. Muxlislar u haqida "MYu" bilan o‘yindan so‘ng Robin Van Persidan futbolka so‘raganidan boshqa hech narsani eslay olmaydi.
Shuningdek, Emil Viviano ham nishonga tegmagan o‘qlardan. Darvozabon "Palermo"dan xarid qilingach, turli klublarda ijara asosida harakat qildi. Yakunda, birorta o‘yinda London jamoasi sharafini himoya qilgani yo‘q.
Fikrlar