
"Andijon" uning timsolida haqiqiy professional va etakchini qo‘lga kiritdi" - "Akron" sardori SPORTS.UZ saytiga intervyu berdi
Bu yil Rossiya premer-ligasida debyut mavsumini o‘tkazayotgan “Akron” klubi endi o‘zbek muxlislari va mutaxassislari uchun ancha e’tiborli jamoaga aylandi. Sababini bilsangiz kerak, u erda hamyurtimiz Sherzod Esanov yaqindan boshlab to‘p surib kelmoqda.
Legionerimizni yangi klubga moslashishida jamoadoshlari, xususan “Akron” etakchisi hamda sardori Maksim Palienko ham ko‘maklashib kelyapti. 30 yoshli yarim himoyachi uch yildan beri “Akron” sharafini himoya qilyapti. Qolaversa, u “Orenburg”, “Nijniy Novgorod”, “Krilya Sovetov”, “Tosno” va yana bir qator klublarda faoliyat olib borgan.
Yaqinda “Akron” Rossiya Kubogi guruh bosqichida safarda “Fakel”ni 2:1 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi. Palienko penaltidan gol urdi. O‘sha penaltini esa futbolchimiz Esanov ishlab berdi.
Kuni kecha Sports.uz jurnalisti Maksim Palienko bilan bog‘landi va undan eksklyuziv intervyu oldi.
- Maksim Kubokdagi g‘alaba bilan tabriklayman. Siz Esanov ishlagan penaltidan gol urdingiz. Bizning futbolchimiz moslashib ketdimi?
- Katta rahmat. Ha, Sherzod butun o‘yinni maydonda o‘tkazdi. O‘ylaymanki, u kun sayin maydonda ham va uning tashqarisida ham o‘zini tobora yaxshi his qilib bormoqda. Ammo har qanday holatda ham unga yangi shart-sharoit va talablarga ko‘nikishi uchun vaqt kerak, deb hisoblayman.
- Sherzodni jamoa qanday qabul qilib oldi? U haqida fikringiz qanday?
- Sherzodni qabul qilish borasida bizda hech qanaqa muammo bo‘lmadi. Bizda doim yaxshi jamoa bo‘lgan. Kiyimxonadagi muhit ham joyida. Safimizga o‘zbekistonlik yigit kelayotganidan xabarim bor edi. Chunki Vagiz Galiulin bilan bu masalada gaplashgandim. Sherzod kelgan zahoti men unga yordam kerak bo‘lsa, har qanday masalada yordam berishga tayyorligimni aytdim. Sherzod iqtidorli yigit. Ammo boya aytganimdek, yangi talablarga ko‘nikishi va moslashishi uchun unga biroz vaqt kerak.
- Shuningdek, Vagiz Galiulin bilan yaxshi munosabatdasiz. U bilan tez-tez gaplashib turasizmi? Hozir “Andijon”da to‘p suryapti...
- Ha, Vagiz bilan bir-birimizni anchadan beri bilamiz. To‘g‘ri, ahyon-ahyonda gaplashamiz. Lekin kerak paytda doimo aloqadamiz. Shu boisdan aytishim mumkinki, “Andijon” uning timsolida haqiqiy professonal va etakchi o‘yinchini hamda eng asosiysi, yaxshi insonni qo‘lga kiritdi.
- Faoliyatingizni O‘zbekiston chempionatida davom ettirish imkoniyati bo‘lganmi?
- Faoliyatimni O‘zbekistonda davom ettirish masalasidagi takliflarga kelsak, hozir bu borada hech narsa deya olmayman. Chunki butun diqqat-e’tiborim “Akron”dagi faoliyatimga qaratilgan. Lekin sizlarning madaniyatingiz haqida etarlicha eshitganman hamda aksar fikrlar faqat ijobiy. Boz ustiga chempionatingizda Rossiyadan kelgan futbolchilar ham o‘ynashyapti.
- Yana qaysi o‘zbek futbolchilari bilan yaxshi munosabatdasiz?
- Aslida ham men Vagiz bilan juda yaxshi aloqani saqlab kelyapman. Har qanday masalada bir-birimizni qo‘llab-quvvatlaymiz. Endi esa Sherzod Esanov bilan ham shunday holat yuz berishiga shubham yo‘q.
- O‘zbek futboli va uning chempionatini kuzatib turasizmi?
- Chempionatingiz doirasidagi o‘yinlarni to‘liq ko‘rish imkoniga ega bo‘lmadim. Biroq vaqti-vaqti bilan natijalar va musobaqa jadvalingiz bilan qiziqib turaman. Nega deganda chempionatingizda men uchun yaxshi tanish bo‘lgan ko‘plab futbolchilar to‘p surishyapti.
- “Akron” Rossiya premer-ligasidagi debyut mavsumida syurpriz ko‘rsata oladimi?
- Siz uchun syurpriz nimani anglatadi? Biz har doim oldinga nazar tashlaymiz va yuqori natijalarni maqsad sifatida qo‘yamiz. Har bir uchrashuvga xuddi oxirgi o‘yinga tushgandek maydonga chiqamiz. O‘ylaymanki, har qanday raqibga bizga qarshi to‘p surish oson emasligini allaqachon isbotlab berganmiz.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar