
"Andijon" uchun foydali yoxud "Burgutlar"ning TsSKAga qarshi o‘yini tahlili
Turkiyaning Antaliya shahrida yig‘in o‘tkazayotgan “Andijon” hamda Moskvaning TsSKA klublari ilk bor o‘rtoqlik uchrashuvda to‘qnash kelishdi. O‘yin “Regnum” maydonida bo‘lib o‘tdi va aytish kerakki, Belekning ushbu hududida bir qancha Rossiya klublari qo‘nim topishgan ekan. Shuning uchun bo‘lsa kerak, TsSKA – “Andijon” bellashuvda “Dinamo” (Moskva), “Sochi, “Veles”, “Baltika” yana boshqa jamoalar vakillarini uchratish mumkin edi.
Darvoqe, bellashuvdan avval rossiyalik taniqli sobiq hakam Nikolay Levnikov bilan uchrashib qoldik. U Rossiya futbol hakamlar qo‘mitasi rahbari sifatida faoliyat olib bormoqda. TsSKA – “Andijon” o‘yinida esa hakamlar brigadasini nazorat qilib bordi. Shuningdek, ikkala bo‘limda alohida bosh hakamlar ishlashini ham qo‘shimcha qilib o‘tdi. Darhaqiqat, dastlabki bo‘limda Egor Egorov, ikkinchi bo‘limda esa Andrey Falov o‘yinni boshqardi. Barcha hakamlar rossiyalik ekanini eslatib o‘tish darkor.
TsSKA bosh murabbiyi Vladimir Fedotov "Andijon"ga qarshi Igor Akinfeev boshchiligidagi o‘zining asosiy tarkibini maydonga tushirdi. Bellashuv taqdirini ikkita gol hal qildi. Avvaliga “armiyachilar”ning asosiy hujumchilaridan biri Anton Zabolotniy hisobni ochgan bo‘lsa, ikkinchi bo‘limda TsSKA tarkibiga yangi qo‘shilgan futbolchi Temirlan Musaev jamoasining ikkinchi golini urdi.
“Andijon” uchun kuchli raqibga qarshi mazkur bellashuv juda muhim edi. Chunki jamoani o‘yinini yanada shakllantirish hamda qaysi jihatlarni yanada kuchaytirish zarurligi borasida mana shunday raqiblarga qarshi bahslarda javob olish mumkin bo‘ladi. Ammo Aleksandr Xomyakov shogirdlari TsSKAga qarshi o‘yinni yaxshi boshladi va xavfli vaziyatlarni ham yaratdi. Masalan, birinchi bo‘limda Bektemir Abdumannonov o‘zining xavfli reydi orqali jarima maydoni ichiga kirib bordi va so‘nggi pallada Akinfeev darvozasini ishg‘ol qilmoqchi bo‘lganida himoyachilar unga halaqit qilib qolishdi. Ikkinchi bo‘limda Asilbek Aysarovning uzoqdan yo‘llagan zarbasini Torol qiyinchilik bilan bartaraf etdi. Shuningdek, Sherzod Esanov ham bir vaziyatda qanotdan jarima maydoni ichiga kirib borayotganida xavf jiddiy ko‘rinish olayotgandi, lekin yakunda o‘xshamay qoldi.
Xomyakov qo‘l ostidagi o‘yinchilarni yana bir bor sinovdan o‘tkazdi va kerakli xulosalarga ega bo‘ldi. Shubhasiz, bu kabi uchrashuvlar "Burgutlar"ga juda asqotadi.
TsSKA – “Andijon” – 2:0 (1:0).
1 fevral. Antaliya. “Regnum” arena.
Hakamlar: Bosh hakam: Egor Egorov (1-bo‘lim), Andrey Falov (2-bo‘lim)
Qanot hakamlari: Rinat Ravilov, Andrey Pelix.
Nazoratchi: Nikolay Levnikov
TsSKA: Igor Akinfeev, Villina Rosha, Kirill Nababkin, Mixail Ryadno, Milan Gayich, Moyzes Barbosa, Ivan Oblyakov, Konstantin Kuchaev, Viktor Mendes, Anton Zabolotniy.
Ikkinchi bo‘limda maydonga tushganlar: Vladislav Torol, Ilya Agapov, Kirill Glebov, Matvey Kislyak, Fyodor Chalov, Tamerlan Musaev.
“Andijon”: Eldor Adhamov, Vladimir Bubanya, Islom Mamatkazin, Abduvohid G‘ulomov, Sardor Azimov, Bektemir Abdumannonov, Muhammadkarim Toirov, Farhod Bekmuratov, Ilhom Abdug‘aniev, Sunnatilla Abdullajonov, Shahboz Erkinov.
Zaxiradan maydonga tushganlar: Ildar Mamatkazin, Diyor Toirov, Farhod Sohibjonov, Marlen Chobanov, Sherzod Esanov, Abubakir Rejabboev, Asilbek Aysarov, Izzatillo Abdurasulov, Suhrob Berdiev, Armin Boshnyak, Mohir Komilov, Asad Habibullaev, Salam Ashurmamadov.
Gollar: Anton Zabolotniy, 8 – 1:0. Temerlan Musaev, 59 – 2:0.
Ogohlantirishlar: Viktor Davila, 55. Kirill Glebov, 80 - Izzat Abdurasulov, 63. Salam Ashurmamadov, 90.
Fikrlar