
"Andijon" murabbiyining vazifasi o‘zgardi, Doniyor betob, G‘ulomxo‘jaev bilan "Qizilqum"ga qarshi o‘yin muhokamasi yoxud jamoa mashg‘ulotidan reportaj
Chempionatning birinchi turini Navoiyda “Qizilqum”ga qarshi o‘tkazib mag‘lubiyatga uchragan “Andijon” jamoasi ikkinchi turda “Surxon” bilan bo‘ladigan uchrashuvga jiddiy tayyorgarlik ko‘rmoqda. Bugungi mashg‘ulot Bo‘ston dahasidagi bolalar va o‘smirlar futbol maktabi maydonida bo‘lib o‘tdi. Sports.uz muxbiri ham “Andijon” mashg‘ulotini yaqindan kuzatdi.
Avvalo shuni aytmoqchimizki, jamoaning birinchi turda mag‘lubiyatga uchragani alamli bo‘ldi. Bu fikrni ko‘pchilikdan eshitdik. Qolaversa, futbol ichidagi kishilarning so‘zlariga qaraganda, “Andijon” ilk uchrashuvda o‘z o‘yini bilan ancha iliq taassurot qoldirganini ta’kidlamoqdalar. Lekin futbolda muhimi gol! Agar gol ura olmasangiz, g‘alaba ham yo‘q. Navoiyda “Andijon” misolida shuni ko‘rdik.
Jamoaning mashg‘ulotida futbolchilarning ishga bo‘lgan munosabati jiddiyligini ko‘rdik. Otabek G‘ulomxo‘jaev, Doniyor Usmonov va Yorqin Nazarov futbolchilarning harakatlarini diqqat bilan kuzatib borishdi. Avvaliga Doniyor Usmonov futbolchilar bilan alohida ishlagan holda chigal yozdi mashqlarini bajarishdi. So‘ngra, o‘yinchilar uchta guruhga bo‘lingan holda to‘p bilan ishlashdi. Mashg‘ulot jarayonida hujumlarni qanday tashkil etishga ham alohida e’tibor qaratildi. Shu sababli, maydonning yarmida futbolchilar “qizillar” va “sariqlar”ga ajratildi. Bundan maqsad bir jamoa hujum qilganida ikkinchisi himoyalanadi. Murabbiylarning ko‘rsatmalari asosida tashkil etilgan ushbu mashg‘ulot ancha qiziqarli kechdi. Oldindan o‘ylangan taktik uslublar ustida ishlandi. Agar qaysidir o‘yinchi vaziyatni to‘g‘ri bajara olmasa, o‘sha joyning o‘zida to‘xtatilib, murabbiylar tomonidan kamchiliklar ko‘rsatilib, qanday harakat qilish kerakligi obdon tushuntirib berildi. Bunday jarayonga mashg‘ulot davomida ikki-uch bor guvoh bo‘ldik.
Jamoasining mashg‘uloti davom etayotgan mahalda bosh murabbiy Otabek G‘ulomxo‘jaev bilan “Qizilqum” bilan o‘yinni muhokama qildik. Shu bahonada undan o‘zimizni qiziqtirgan bir qator savollarga ham javob oldik.
- Meksikalik futbolchi bilan chindan muzokaralar bo‘lganmi? Bu masala bo‘yicha nimalarni ayta olasiz?
- Bu masalada sport direktori o‘yinchini ko‘rib chiqish bo‘yicha taklif berdi. Bu taklif “Qizilqum”ga tayyorgarlik ko‘rayotgan paytimizda bo‘ldi. Jamoamizga yana bir hujumchi olish niyatimiz bor edi. Bu borada rahbariyat bilan gaplashganimda rozilik bildirishgandi. O‘yin uslubimga mos keladigan futbolchini aynan “Qizilqum” bilan uchrashuvga taqab menga topib berishdi. Uni ko‘rib chiqqanimda ma’qul bo‘lgandi. Muzokaralar jarayonida bizga kerak bo‘lgan hujjatlarni futbolchining agenti vaqtida etkazib bera olmadi. Shuning hisobiga meksikalikni ro‘yxatdan o‘tkazishga ulgurmadik. Shu bois “Qizilqum”ga qarshi o‘yindan keyin o‘sha o‘yinchi haqida gapirmaslikka qaror qilgandim. Menga bu haqda savol berishganida kayfiyatim ham yaxshi emasdi. Shu bois ortiqcha gapirishni istamagandim.
- Mag‘lubiyat bilan yakun topgan bahsdan so‘ng, futbolchilaringizning kayfiyati qanday?
- O‘sha o‘yinni unutishga harakat qilamiz. To‘g‘ri, alamli mag‘lubiyat bo‘ldi. Hamma ham startni g‘alaba bilan boshlagisi keladi. Hech kim yutqazaman deb maydonga tushmaydi. Agar yigitlar ko‘rsatmalarimizni bajarmasdan pala-partish o‘ynab turib yutqazganimizda o‘yinimiz chiqmadi, deb aytgan bo‘lardik. O‘sha uchrashuvni qayta-qayta ko‘rib chiqdim. Ishonasizmi, o‘zimizning uch ochkoni qo‘ldan chiqarib yubordik. Bo‘ldi, u o‘yin esdan chiqdi. Endi “Surxon” bilan uchrashuvga tayyorlanyapmiz.
- Bo‘lajak raqib haqida nima deya olasiz? “Surxon”ning “Metallurg” bilan o‘yinini ko‘rdingizmi?
- Raqibni ko‘rdim. Ammo bu to‘g‘risida hozir gapirgim yo‘q. Albatta, jiddiy tayyorgarlik ko‘ramiz. U yog‘ini o‘yinda ko‘rasiz. “Surxon”ning birinchi o‘yinini ko‘rdim va o‘zim uchun xulosalar chiqardim.
- Andijondagi birinchi uchrashuv, ochilish marosimi, jamoangizga qo‘shimcha bosim bo‘lmaydimi?
- Yo‘q. Navoiyda ham hech qanaqa bosim bo‘lmadi. Faqat chiziqlar bo‘yicha biroz tushunmovchilik bo‘ldi. Biroq buning ham sababi bor. Ahamiyat bergan bo‘lsangiz, chempionat boshlanishiga 15 kun qolganida tarkibimizga Diyor Rahimqulov, Doniyor Ismoilov, Plamen Dimov, Martin Boake kabi o‘yinchilar qo‘shildi. Andijonda “Kaganat” bilan o‘yinni hisobga olmasak, ko‘pchilik futbolchi bitta o‘yin bilan kifoyalanishdi. Mashg‘ulot o‘z yo‘liga, futbolchilarning bir-birini tushunib olishlari uchun yana ikki-uchta o‘yin kerak bo‘lardi. Lekin o‘yinchilarimiz professional. Ulardan ortiqcha narsa talab qilayotganimiz yo‘q. Faqat maydonda muvozanatni yo‘qotmaslik, to‘p bilan ham, to‘psiz ham tezkor fikrlashni talab qilaman. Xudo xohlasa, g‘alabamizni “Surxon” bilan o‘yinda boshlab olsak, u yog‘iga ancha-muncha jamoani qiynaymiz.
- “Qizilqum” bilan bahsda darvozabonning o‘yini u qadar ishonchli chiqmagani haqida aytishyapti...
- Nizomga hech qanday e’tirozim yo‘q. AGMK safida zaxira posboni bo‘lgan. O‘rinbosarlar jamoasida o‘yin amaliyotiga ega bo‘lgan. Umuman, darvozabonlarimiz yosh, imkon qadar barchasiga imkoniyat beramiz. Ziyovutdinov o‘yinga tayyor edi. Biroz tajribasizligi pand berdi. Penalti belgilangan vaziyatda agar chiqmoqchi bo‘lsa, ertaroq chiqishi kerak edi yoki chiqmaslik lozim edi. Ayrim vaziyatlarda oldinroqqa chiqib ketdi. O‘zimiz ham darvozabon oxirgi himoyachi taktikasida o‘ynadik. Raqib uni biroz oldinga chiqqanini ko‘rgach, olisdan tepishga tushdilar. Vaziyatni to‘g‘ri baholab joyiga qaytib olar desam bunday bo‘lmadi. Bu asosan birinchi bo‘limdagi holatlar edi. Tanaffusdan keyin xotirjam o‘z ishini bajardi. Darvozamizga belgilangan penalti bo‘lguniga qadar o‘sha joydagi xatoni qidirishimiz kerak. Kimnidir ayblamoqchi emasman. Buni jamoaning ichki holatida o‘rganib chiqamiz. Agar 7-daqiqadagi hujumimizni gol bilan yakunlaganimizda va ikkinchi bo‘limdagi imkoniyatlarimizdan foydalanganimizda o‘yin boshqacha bo‘lardi.
- Boake yakkama-yakka vaziyatda gol ura olmadi. O‘yindan keyin unga e’tiroz bildirdingizmi?
- Yo‘q, hech nima demadim. Bugun-erta Martinni xonamga chiqarib xotirjam gaplashaman. Bu erga kelishdan avval karantinga tushib qoldi. Jamoamizga qo‘shilgach, hech qanday o‘rtoqlik o‘yinisiz uchta mashg‘ulotdan keyin rasmiy uchrashuvda maydonga tushdi. Professional darajada to‘pni o‘zida saqlab, yakka kurashlarda yutib berdi. Jamoa o‘yiniga moslashishiga va meni nima xohlayotganimni tushunishiga ozgina vaqt kerak. Birga-bir chiqqan paytida har kim o‘z fikrini aytishi mumkin. Nesterovni chalg‘itib gol ursa bo‘lardi, deb aytsak ham bo‘ladi. Lekin u o‘z qarori bo‘yicha tepdi. Qolaversa, Ignatiyning ham tajribasini hisobga olish kerak.
- Sizning o‘yin uslubingizga maydonning sifati muhim ahamiyatga ega. “Qizilqum”ning maydoni esa qoniqarli emas. Bu rejangizga ham ta’sir qildimi?
- Ikkala jamoa ham bir xil holatda o‘ynadi. Ortiqcha bahona izlash to‘g‘ri emas. Televizorda qanaqa ko‘ringanini bilmayman. Baribir ayrim maydonlarga qaraganda, u erdagi maydon yomon emasdi. Faqat ayrim joylari ko‘karmagandi xolos. “Qizilqum” bosh murabbiyi ham saytingizga bergan intervyusida o‘qigandim, maydon holatini 80 foizga tayyor deb aytgandi. U erda futbol o‘ynasa bo‘ladigan holatda edi. Maydon, futbolchilar yoki hakamni hech qachon bahona qilib ko‘rsatmayman. Yutqazganda doim aybni o‘z bo‘ynimga olaman. O‘zimni-o‘zim tanqid qilaman va bundan xulosa chiqaraman.
- Jasur Jaloliddinovni qanday ko‘ndirdingiz?
- Hozir emas, keyingi suhbatlarda aytaman. Muhimi, uni yuqori sport formasiga olib chiqishimiz darkor. Jasur futbolni sog‘ingan. Avvalgi holatiga qaytaraylik, keyin hammasini aytib beraman.
G‘ulomxo‘jaev bilan suhbatimiz tugagach, yana ayrim masalalarda o‘zaro gaplashdik va shundan keyin u yana maydonga qaytib mashg‘ulotga qo‘shildi.
Yana bir ma’lumot, jamoaning murabbiylar shtabida faoliyat olib borayotgan Sherzod Sharipov endilikda jamoaning U-21 tarkibiga boshchilik qilmoqda. Shu bois asosiy jamoaning mashg‘ulotlarini G‘ulomxo‘jaev, Usmonov va Nazarov o‘tkazishdi.
Shuningdek, jamoaning umidli o‘yinchilaridan biri Doniyor Abdumannopov mashg‘ulotda ko‘rinmadi. Buning sababi bilan qiziqqanimizda u biroz betob bo‘lib qolgani ma’lum bo‘ldi. Uning “Surxon” bilan uchrashuvda maydonga tushishi borasida hozircha biror nima deya olmaymiz.
“Andijon” “Qizilqum” bilan o‘yindagi mag‘lubiyatni unutgan holda “Surxon”ga qarshi bahsga qizg‘in tayyorgarlikni boshladi. Otabek G‘ulomxo‘jaevning yuqoridagi fikrlaridan sezgan bo‘lsangiz, u jamoasining bo‘lajak uchrashuvga maksimal darajada tayyorlamoqda. Chunki g‘alaba juda muhim. O‘sha kuni “Bobur arena”da katta anshlag bo‘lishi kutilmoqda. Mutaxassislarning fikricha, “Andijon”ning o‘yini turdan-turga yanada yaxshilanib borishi taxmin qilinmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 2-tur doirasidagi "Andijon" - "Surxon" uchrashuvi 16 mart kuni "Bobur arena"da soat 16:15 da boshlanadi.
Fikrlar