
"Andijon" jiddiy transferga tayyorlanmoqda: U "Barselona B" jamoasida to‘p surgan!
Kuzatib borayotgan bo‘lsangiz, Superliga hamda pro-liga klublari tayyorgarlikka jiddiy e’tibor qaratishgan. Qolaversa, selektsiya ishlari ham rosa avj olgan. Shuning uchun ham hozir futbolchilarning keldi-ketdilari ko‘paygan payt. Sports.uz sayti orqali klublarda yuz berayotgan o‘zgarish hamda yangiliklar haqida doimiy ravishda ma’lumotlar berib borilmoqda. Muxlislarni esa birinchi navbatda jamoalardagi o‘zgarishlar qiziqtirishi shubhasiz.
Ayni paytda Toshkentda yig‘in o‘tkazayotgan “Andijon” klubi ham tarkibida e’tiborga molik o‘zgarishlarga qo‘l urmoqda. Yaqinda bosh murabbiy Otabek G‘ulomxo‘jaevning saytimizga bergan intervyusida jamoani kuchaytirish uchun legionerlarning xizmatidan ham foydalanish rejasi borligi haqida aytgandi. Ularning orasida ko‘rik uchun keladiganlari ham, tayyor shartnoma taklif qilinayotganlari ham borligiga urg‘u qaratgandi.
Avval xabar berganimizdek, uch nafar kamerunlik o‘yinchi ko‘rikdan o‘tish uchun tez orada jamoa ixtiyoriga qo‘shiladi. Shuningdek, Qirg‘iziston terma jamoasi etakchilaridan biri Edgar Bernxardt ham jamoa mashg‘ulotlarida qatnashyapti. Lekin bu hali hammasi emas. Aftidan, “Andijon” jiddiy transferni amalga oshirish harakatiga tushib qolganga o‘xshaydi. Sports.uz ma’lumotiga ko‘ra, rossiyalik 25 yoshli yarim himoyachi Amir Natxo “Andijon” murabbiylarida katta qiziqish uyg‘otgan. Tayyor shartnoma taklif qilinayotgan legionerlar orasida rossiyalik ushbu o‘yinchi ham bor. Yarim himoyachi hech qanday ko‘rik uchun emas, balki 100 foizli shartnoma uchun taklif qilinishi aytilmoqda. Lekin bu xaridni amalga oshirish oson kechmasligi ham aniq. Ma’lum bo‘lishicha, Natxoning narxi qimmatroq.
Bu futbolchi haqida juda iliq fikrlarni eshitganimizdan so‘ng, uning oldingi faoliyati bilan qiziqib ko‘rdik. Unga nima uchun yuqori ta’rif berilayotganini tushungandek bo‘ldik. Chunki Amir Natxo 2015 yilgi mavsumda “Barselona B” jamoasida to‘p surgan va jami 28 ta uchrashuvda maydonga tushib, 6 ta gol urgan. U erda esa, dunyoning eng sara yoshlari to‘p surishini hamma bilsa kerak.
Keyinchalik Natxo Rossiyaga qaytib TsSKA, “Krasnodar” va “Lokomotiv” klublarida faoliyat olib borgan. 2018 yili Ruminiyaning “Vitorul”, 2019 yili Belarusning BATE klubida ham to‘p surgan. O‘tgan yili Estoniyaning “Nimme Kalyu” jamoasida o‘ynagan va 26 ta uchrashuvda ishtirok etib, 3 ta gol urgan.
Ma’lumotlarga qaraganda, klub vakillari ushbu futbolchining agenti bilan aloqaga chiqqan. “Andijon”ning ushbu transferi amalga oshadimi yoki yo‘qmi, bu masalada hozircha bir nima deyish mushkul. Lekin anig‘i shuki, klub ushbu legionerni qo‘lga kiritish uchun harakatni boshlagan. Voqealar rivojini esa kuzatishda davom etamiz.
Fikrlar