
"Andijon" Antaliyada Aliboevning sobiq klubiga qarshi. Yana bir raqib esa Ruminiyadan!
Aleksandr Xomyakov bosh murabbiyligidagi “Andijon”ning 12 fevral kuniga Antaliyadagi so‘nggi nazorat uchrashuvlari belgilangan.
Oldindan shuni ma’lum qilmoqchimizki, shu kungi raqiblardan biri Latviyaning “Valmiera” jamoasi edi. Biroq o‘zgarish yuz berib, uning o‘rniga Janubiy Koreyaning “Kanvon” klubi "Burgutlar" bilan kuch sinashadi. Yana bir bahs esa oldindan rejalashtirilganidek, Ruminiyaning “Korvinul Xundeora”siga qarshi kechadi. Klub matbuot xizmati esa odatiga ko‘ra, raqiblar haqida tanishtiradi.
Ruminiyaning “Korvinul Xundeora” klubi Liga 2 chempionatida ishtirok etmoqda. Bu bizning pro ligamiz kabi. Hozirda bu klub “Selimbar”dan so‘ng musobaqa jadvalida 2-o‘rinda turibdi. Yaqinda “Andijon” aynan “Selimbar” bilan ham o‘ynaganini yaxshi bilasiz. Bu safar futbolchilar ushbu jamoaning eng yaqin ta’qibchisiga qarshi maydonga tushadilar. “Korvinul” musobaqa jadvalida peshqadamdan 1 ochko kam jamg‘arib, 31 ochko bilan 2-o‘rinda bormoqda.
Bu klub Antaliya yig‘ini davomida “Uniera Dej” bilan 0:0 o‘ynadi va so‘ngra “Medz”ga qarshi bellashuvda 1:0 hisobida g‘alaba qozondi.
“Korvinul Xundeora” klubining asosiy maqsadi elitaga yo‘l olish. Ushbu jamoani mahalliy mutaxassis – Florin Maksim boshqarib bormoqda. Qizig‘i, u ilgari “Selimbar”ga bosh murabbiylik qilgan. Yaqinda 43 yoshga to‘ladigan Florin Maksim endilikda “Korvinul”ga ustozlik qilib kelyapti.
Endi yana raqib haqida to‘xtaladigan bo‘lsak, “Kanvon” klubi Janubiy Koreyaning Key-1 ligasida ishtirok etadi (bu xuddi Superligamiz kabi). O‘tgan mavsumda “Kanvon” pley-off orqali elitada jon saqlab qoldi.
Shuningdek, o‘tgan yili mazkur jamoa tarkibida hamyurtimiz Ikrom Aliboev to‘p surgan. Undan avval esa Rustam Ashurmatov ham faoliyat olib borganini qo‘shimcha qilish lozim. Ayni paytda “Kanvon” xuddi “Andijon” singari yangi boshlanajak futbol mavsumiga tayyorgarlik ko‘rmoqda.
“Kanvon” Antaliyadagi yig‘ini davomida quyidagi raqiblar bilan o‘ynadi: LKS – “Kanvon” – 3:2. “Napredak” – “Kanvon” – 0:0. “Dinamo” (Moskva) – “Kanvon” – 2:2. “Pobdeskidze” – “Kanvon” – 0:1.
Klubga 51 yoshli mutaxassis Jong Xvan Yun bosh murabbiylik qilmoqda. Bungacha Yaponiya va Tailand chempionatlarida ham ish olib borgan.
Dastlabki uchrashuv “Korvinul”ga qarshi bo‘lib o‘tadi. O‘yin Antaliya vaqti bilan 11:00 da boshlanadi. Bu Toshkent vaqtiga 13:00 ga to‘g‘ri keladi. Ikkinchi bahsdagi “Kanvon” bilan uchrashuv mahalliy vaqt bilan 16:00 da start oladi. Toshkent vaqti bilan esa 18:00 da boshlanadi.
Fikrlar