Ana xolos: Ramos jahon chempionatida o‘ynash yo‘lini topdi
Yulduzli davrlarini “Real”da o‘tkazgan Serxio Ramos 2026 yili AQSh, Kanada va Meksikada bo‘ladigan jahon chempionatida Ispaniya terma jamoasi sharafini himoya qilishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ydi.
39 yoshli futbolchi 2005-2021 yillar davomida Ispaniya terma jamoasi safida 180 ta o‘yinda ishtirok etib, himoyadagi vazifalarini bajarishdan tashqari raqiblar darvozasiga 23 ta gol ham kiritgan. Ramos terma jamoa bilan jahon va Evropa chempioni bo‘lgan.
Evropada “Real”dan tashqari PSJ va “Sevilya”da to‘p tepgan himoyachi 2024 yilning yozida Meksikadan ish topib, “Monterrey” klubida o‘ynab kelmoqda.
Ispan matbuotining yozishicha, Ramos 2026 yilgi jahon chempionatida qatnashish uchun yana Evropaga qaytishga tayyor. Bu yo‘l bilan u bosh murabbiy Luis de la Fuenti e’tiborini qozonmoqchi.
Ramos so‘nggi bor 2021 yil mart oyida milliy terma jamoa tarkibida o‘ynagan, shundan so‘ng uchta yirik turnir: 2021 va 2024 yilgi Evropa chempionatlarini hamda Qatarda bo‘lib o‘tgan 2022 yilgi jahon chempionatini o‘tkazib yuborgan.



Fikrlar