
Aleksey Evstafeev: "Tajribali mutaxassis uchun kuchli yoki kuchsiz jamoalar bilan o‘ynash cho‘t emas"
O‘zbekiston Kubogi “D” guruhi 1-tur “Sho‘rtan” — “Yangier” (3:1) uchrashuvidan so‘ng mezbonlar bosh murabbiyi Aleksey Evstafeev o‘yin haqida o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.
- Bugun o‘yin ozroq og‘ir o‘tdi. Raqibning golidan so‘ng qayta uyg‘onishga to‘g‘ri keldi. Ammo “Yangier” birinchi liga jamoasi bo‘lsa ham yaxshi jamoa shakllantirishibdi. Bizga qarshi yaxshi harakat qilishdi. Keyingi o‘yinlarda “Yangier” jamoasiga omad tilab qolaman.
Bugun uchrashuvga to‘xtalsak, ko‘rib turganimizdek o‘yinda ko‘p xatolarga yo‘l qo‘ydik. Uzatmalarda, bu kamchiliklar ustida ishlaymiz.
- Ko‘rsatgan xarakter uchun “Qo‘qon-1912” bilan bahsning ikkinchi bo‘limida “Sho‘rtan” futbolchilariga tashakkur aytgan edingiz. Bugungi o‘yinda ham jamoa iroda ko‘rsatdi.
- Albatta bugungi g‘alaba uchun futbolchilarni tabriklash kerak. Kiritgan gollar evaziga biz g‘alabaga erishdik. Axir o‘yin uchun bor kuch va g‘ayratlarni ishga solishdi. Lekin ko‘p xatoliklarga yo‘l qo‘ydik. Bular ustida ishlashimiz kerak.
- Oldinga qo‘yilgan maqsadingiz pro liga chempionatida natija qayd etishmi yoki O‘zbekiston Kubogida oxirigacha borishmi?
- Maqsadimiz ikki musobaqada ham munosib ishtirok etish va oxirigacha kurashish.
- Jamoaning qaysi muammosi sizni o‘ylantiryapti?
- Psixologik muammolar. Nimaga deganda, yigitlar “Qo‘qon-1912” bilan o‘yinning birinchi bo‘limida raqibga yutqazgandik. Ikkinchi bo‘limda esa futbolchilarni ko‘nglini ko‘tardik va biz yaxshi natijaga erishdik. Bugungi o‘yinda ham yigitlarning harakatlari qovushmayotgan edi. Sizga aytganimdek, insonning psixologiyasi katta ahamiyatga ega. Bu erda katta tajriba kerak. Tajribali mutaxassis uchun kuchli yoki kuchsiz jamoalar bilan o‘ynash cho‘t emas.
"Sho‘rtan" PFK matbuot xizmati.
Fikrlar