Aleksandr Xomyakov "Mash’al"ning Muborakda "Loko"ni engga olmayotgani haqida: "Eslatib qo‘yganingiz yaxshi bo‘ldi, endi..." yoxud darvoza to‘rlari yaxshilab tekshirilyaptimi?

  • 2 may, 2021, 18:56
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 1
  • Futbol
CHERY AUTO

4-6 may kunlari O‘zbekiston Coca-Cola Superligasining 7-tur bellashuvlari o‘tkaziladi. Bir-biridan qiziqarli kechishi kutilayotgan o‘yinlar orasida “Mash’al” – “Lokomotiv” to‘qnashuvi ham bor. Ushbu bahs 5 may kuni Muborakdagi “Bahrom Vafoev” nomli stadionda bo‘lib o‘tadi.

Tecno

Oxirgi paytlarda o‘yinini yo‘lga qo‘yib olgan holda ochkolarni qo‘lga kiritayotgan “Lokomotiv” jamoasi “Mash’al” bilan uchrashuvda ham g‘olibona yurishini davom ettira olarmikin? Har holda “temiryo‘lchilar” to‘rtta turdan beri yutqazmayapti. “Mash’al” bilan o‘zaro o‘yinlar statistikasi shuni ko‘rsatib turibdiki, biroz ustunlik “Loko” tomonida. Bu jamoalarning 26 ta bellashuvida mezbonlar 10 marotaba g‘olib chiqqan bo‘lsa, toshkentliklarning 13 bor qo‘li baland kelgan.

Qizig‘i, o‘tgan yili Toshkentda o‘tkazilgan uchrashuvda muborakliklar yagona gol evaziga g‘alaba qozonishgan. “Mash’al” maydonida esa 0:0 hisobi qayd etilgan. Ammo e’tiborimizni tortgan yana bir jihat shu bo‘ldiki, muborakliklar o‘z maydonida “Lokomotiv”ni oxirgi bor 2010 yilgi mavsumda mag‘lubiyatga uchratgan. O‘shanda 1:0 hisobida g‘alaba qozongan. Xo‘sh, endi o‘sha qora an’anaga chek qo‘ya oladimi? Sports.uz muxbiri shu savol bilan “Mash’al” bosh murabbiyi Aleksandr Xomyakovga murojaat qilganida uning javobi quyidagicha bo‘ldi:

- Eslatib qo‘yganingiz yaxshi bo‘ldi. Endi noxush ana’naga barham berishga urinib ko‘ramiz. Biz uchun bu juda muhim. Ustiga-ustak anchadan beri bu an’ana davom etib kelayotgani bizni yanada sergak torttiradi, - dedi “Mash’al” bosh murabbiyi.

xomyakov2_5

Ha, e’tibor bergan bo‘lsangiz, Muborakda “Lokomotiv”ga qarshi yoqimsiz o‘yinlar Xomyakovning yodidan ko‘tarilgan ekan. Qizig‘i, o‘sha 2010 yilgi chempionatda “Mash’al” uyda ham, safarda ham “Loko”ni yutgan. Yana bir e’tiborni tortgan jihati shundaki, 2005 yildan 2010 yilgacha ushbu jamoalarning o‘zaro uchrashuvlarida “Lokomotiv” bir marta g‘olib chiqqan, qolgan bahslarda deyarli “Mash’al”ning qo‘li baland kelgan. 2010 yildan boshlab vaziyat o‘zgardi. Endi o‘zaro uchrashuvlarda “Lokomotiv”ning ustunligi sezila boshlandi. Boz ustiga ayni paytga kelib “temiryo‘lchilar” o‘z o‘yinini shakllantirib olmoqda. Bu natijalarda ham o‘z aksini topyapti. E’tiboringizga Sekeyra jamoasining shu kungacha o‘tkazgan o‘yinlarini e’tiboringizga havola qilamiz:

1-tur: AGMK – “Lokomotiv” – 2:1

2-tur: “Lokomotiv” – “Navbahor” – 1:2

3-tur: “Turon” – “Lokomotiv” – 2:2

4-tur: “Lokomotiv” – “Qizilqum” – 1:1

5-tur: “Surxon” – “Lokomotiv” – 0:1

6-tur: “Lokomotiv” – “Bunyodkor” – 2:1

Mana, sizga chempionatdagi natijalar! “Loko”da o‘sish kuzatilyapti. Buning ustiga ular O‘zbekiston Kubogida guruhdan muvaffaqiyatli chiqib, 1/8 finaliga yo‘l oldi. Demak, jamoaning kayfiyati chog‘, Muborakka ham katta ishtiyoq bilan kelishi oydek ravshan.

Endi “Mash’al” jamoasining chempionat boshidan buyon qayd etayotgan natijalariga to‘xtalamiz:

1-tur: “Bunyodkor” – “Mash’al” – 1:0

2-tur: “Paxtakor” – “Mash’al” - 3:0

3-tur: “Mash’al” – “Metallurg” – 2:1

4-tur: “Andijon” – “Mash’al” – 1:1

5-tur: “Mash’al” – “Qo‘qon-1912” – 0:2

6-tur: “So‘g‘diyona” – “Mash’al” – 2:2  

mash’al3_1

Ha, muborakliklarning natijalari hozircha turli tuman. Ammo “Lokomotiv” kabi “Mash’al” ham O‘zbekiston Kubogining guruh bosqichida yaxshi ishtirok etdi va 1/8 finalga yo‘l oldi. Tabiiyki, endi klublar asosiy e’tiborini ichki chempionatga qaratishadi. Hozirda “Mash’al” 6 ta o‘yinda 5 ochko bilan 11-o‘rinda, “Loko” esa 6 ta bahsda 8 ochko jamg‘arib, 7-pog‘onada boryapti. Agar “Lokomotiv”ga Muborakdagi maydonda to‘p surish qulay bo‘lsa, u holda “Mash’al” uchun “temiryo‘lchilar” noqulay raqibga aylandimi? Bu savolga Xomyakovning javobini eshiting:

- Mutlaqo yo‘q! Biz oldin ham ularni mag‘lub eta olganmiz. Agar xato qilmayotgan bo‘lsam, o‘tgan yili ham bu raqibni dog‘da qoldirgandik. Boz ustiga biz raqibni o‘z maydonida engganmiz. O‘shanda Normurodov jarima zarbasidan so‘ng, to‘pni darvozaga bexato yo‘llagandi. Navbatdagi to‘qnashuvimizda esa yana o‘sha g‘alabani takrorlash biz uchun yoqimli bo‘lardi, - dedi rossiyalik murabbiy.

Darvoqe, “Mash’al” bundan avval o‘z uyida “Qo‘qon-1912”ni qabul qilib 0:2 hisobida yutqazgani yodingizda-a? Hammadan ham ko‘ra, o‘sha uchrashuvda raqib futbolchisining goli darvozaning tashqi setkasidan kirib ketgani shov-shuv bo‘lgandi. Natijada o‘sha gol inobatga olingan va bu “Mash’al”ning zarariga xizmat qilgandi. Ammo bunday bo‘lishida klub rahbari deyarli barcha aybni o‘zlarining bo‘yniga olgandi. Agar bunday texnik xatoga yo‘l qo‘yilmaganida vaziyat bunday bo‘lmasdi. Buni muborakliklar tushunib etishgan. Shunday ekan, jamoa mutasaddilari bu safar darvoza to‘rlarini jiddiy tekshirishni unutib qo‘yishmas?!

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
Akbarali Abdunazarov
02/05/2021 20:27
Машьал ютаман деса ютади ютказаман деса атайлаб ютказадиям