
"Agar quyi divizionga tushib ketilsa..." - "Andijon"ning eng yaxshi legioneri keyingi taqdirini belgilab oldimi?
“Andijon” klubining etakchisi kim?" deb so‘ralganida hamma birinchi navbatda, Plamen Dimovni tilga olishiga o‘rganib qoldik. 31 yoshli bolgariyalik legioner qisqa fursatlar ichida etakchilarga xos xarakterini ko‘rsatishni boshladi. U maydonda ham, maydondan tashqarida ham boshqalarga o‘rnak bo‘la oladi.
Xabaringiz bor, Dimov “Andijon”ga mavsum avvalida qo‘shildi. Agar uning faoliyatiga nazar solsak, bungacha Bolgariya hamda Qozog‘iston klublarida to‘p surganiga guvoh bo‘lamiz. Masalan, o‘z yurtida “Chernomorets”, “Levski”, “Botev” va “Cherno More” kabi jamoalarda o‘ynadi. Qozog‘istonda esa “Qaysar”, “Shaxtyor”, “Altay” va “Okjetpes” klublarining sharafini himoya qilgan.
Ayni paytda Dimov mahalliy muxlislarning suygan futbolchilaridan biriga aylanib ulgurgan. Kelasi mavsumda ham ishqibozlar bolgariyalik futbolchini yana “Andijon”da ko‘rish istagidalar. Bunga legionerning o‘zi qanday munosabatda? Bu borada klub matbuot xizmati futbolchining fikrlari bilan qiziqdi.
“Hozir bu haqda gapirishning mavridi emas. Parovozning oldiga tushib olib, yugurishni yomon ko‘raman. Birinchi galda jamoaning Superligada qolish vazifasini muvaffaqiyat bilan uddalashimiz talab etiladi. Ana undan keyin klub rahbariyati bilan muzokara stoliga o‘tiramiz. Quyi divizionga tushib ketilsa, voqealar rivoji bunday tarzda kechishini istamayman, qolib to‘p surishimdan ma’no topmayapman. Ochiq aytaman, boshida jamoaga ko‘nikishim qiyin kechgan. Futbolchilar o‘rtasida til borasidagi muammolar, maishiy masalalar... Hozirda oilamning yonimda ekanligi ham muhim rol o‘ynamoqda. Xotirjam uyga kelaman va ruhiy tarafdan tetikligim ta’minlanadi”, - deb javob berdi bolgariyalik o‘yinchi.
Shuningdek, Plamen Dimovga quyidagicha savol berildi: uch nafar bosh murabbiy qo‘l ostida to‘p surdinglar. Har biriga munosib bahosini bera olasizmi?
“Solishtirishim noo‘rin bo‘lishi mumkin. Bir fikrni o‘rtaga tashlayman, xulosani o‘zinglar chiqarib olaverasizlar. Boshida jamoadagi intizom oqsardi. Har kim o‘z holicha yurardi. Viktor Kumikov kelganidan keyin birinchi navbatda intizomni tartibga keltirdi. Natija ham o‘zini kuttirmadi. Bugunga kelib, jamoadoshlarim maydonda yomon ko‘rinmayapti. Ilgari faqat yoshlar bilan harakat qilishimga to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, tajribali futbolchilarning kelib qo‘shilishi foydasini bermoqda. Zabelin, Otaxonov birgalikda jamoa a’zolarining ahil oiladek bo‘lishlari yo‘lida qolganlarga maslahatlar beryapmiz, tushuntiryapmiz. Yakunda barchasi ijobiy kechishidan umidvormiz”.
Yuqorida o‘zi aytganidek, futbolchi boshida jamoaga ko‘nikishi qiyin kechgan. Ammo endi barchasi ortda qolgan va o‘zini xuddi uydagidek his qilyapti. Albatta, oilasining yonidaligi ham bu erga moslashishida yordam bergani shubhasiz. Shu o‘rinda Plamen Dimov o‘zbek taomlariga bo‘lgan munosabati haqida ham gapirdi.
“Birinchi galda palovni sevib iste’mol qilaman. Qazonkabob va sho‘rva ham ma’qul. Qozog‘istonda o‘ynaganimda ham osh erdik. Turli hududlarda o‘ziga xos tarzda tayyorlanishidan xabardorman. Toshkentdagi "Osh markazi"da ham tatib ko‘rganman. Uyga borganda bolgarlarga ham osh qilib, ajablantirish niyatim bor. Ayolim pazanda emas va turli ovqatlarni tayyorlay olmadi. U bilan Qozog‘istonda tanishib, birga yashab kelyapmiz. Bolgariyada Qora dengiz yaqin ekanligi uchun ko‘proq suv jonivorlarini sevib iste’mol qilamiz. Baliqlarning ko‘plab turlari mavjud va juda ham mazali. Andijonda ham Sazan baliqni tatib ko‘rdik. Pishirishni maromiga etkazisharkan. Faqat qiltiriqlari bilinib turarkan. Ovqat tanlamayman. Mazali tayyorlangan bo‘lsa, to‘g‘ri kelganini iste’mol qilaveraman”.
Bundan tashqari, Dimov “Andijon” muxlislariga ham yuqori baho berdi, har o‘yin kuni ular uchun bayram bo‘lishi, ishqibozlik yuqori darajada ekanligini alohida aytib o‘tdi. Oldinda “Andijon”ni “Navbahor”ga qarshi o‘ta muhim uchrashuv kutyapti. Vodiy derbisiga doim qiziqish katta bo‘lib kelgan. Bu safargisi esa boshqacha bo‘lishi aniq. Mazkur bahsda Dimovga ham ko‘p narsa bog‘liq. Ayniqsa, himoya chizig‘ini mustahkam qo‘riqlashda jamoa sardorining o‘rni katta bo‘ladi.
Bolgariyalik futbolchi hozirga qadar “Andijon” tarkibida 22 ta uchrashuvda maydonga tushdi va barchasini to‘liq o‘tkazib kelyapti. Doim asosiy tarkibda maydonga tushgan va o‘yinlarda almashtirishlarsiz to‘liq qatnashib kelyapti. Bu esa uning rostdan jamoada muhim o‘yinchiligi va murabbiylar tomonidan ham ishonch kattaligini bildiradi. Lekin faoliyatini yana “Andijon”da davom ettirishi ko‘p jihatdan jamoaning Superligada qolish yoki qolmasligiga bog‘liq.
Fikrlar