
Abramov Xomyakovning iste’fosi haqida: u o‘ziga begona bo‘lmagan jamoaga qaytadi
Ma’lumki, yangi boshlangan milliy chempionatimizda dastlabki uchta tur bahslari ortda qolgan. E’tiborlisi, murabbiylarning iste’folari ham boshlandi. Masalan, “Andijon”ga o‘tgan mavsumning yarmidan beri ustozlik qilib kelgan rossiyalik Aleksandr Xomyakov “Navbahor”ga qarshi uchrashuvdan keyin iste’foga chiqishini ma’lum qilgandi va yaqinda saytimiz orqali andijonlik muxlislarga xayrlashuv maktubini ham yo‘llagandi.
Uning iste’fosi borasida har kim turlicha munosabat bildirdi. O‘z navbatida O‘zbekiston milliy terma jamoasi hamda “Bunyodkor” klubining bosh murabbiyi Vadim Abramov ham Xomyakovning iste’fosi borasida fikr bildirar ekan, jumladan shunday dedi:
- Menga ma’lum bo‘lishicha, Xomyakov o‘ziga begona bo‘lmagan jamoaga qaytadi. Lekin uning nima sababdan ishdan bo‘shaganligini o‘zidan, klub mutasaddilaridan so‘rab bilgan ma’qul. Chunki vaziyatdan voqif emasman. Tabiiyki, rahbariyat klub oldiga qandaydir vazifalarni qo‘ygan, bu vazifa bajarilishi ilk turlardanoq so‘roq ostida qolgani bois ham yuqoridagilar shunday to‘xtamga kelgan ko‘rinishadi. Futbolda uzoq yurgan mendek kishi uchun bunday ishlarning yuz berib turishi g‘ayrioddiy holatdek ko‘rinmaydi.
P.S. Tez orada Vadim Abramov bilan uyushtirgan suhbatimizni saytimizda o‘qishingiz mumkin.
Fikrlar