
Abdixoliqov yana legioner. U Evropaga yo‘l oladi!
“Nasaf” klubi tarbiyalanuchisi Bobur Abduxoliqov muvaffaqiyatsiz chiqqan birinchi urinishidan so‘ng, yana legioner sifatida to‘p tepadigan bo‘ldi.
“Nasaf” jamoasi tarkibida yorqin o‘yinlari bilan muxlisu mutaxassislar e’tiborini qozongan Bobur Abduxoliqov qarshiliklar safida jami 145 ta uchrashuvda 54 ta gol kiritgan. Shuningdek, O‘zbekiston yoshlar terma jamoasida 40 ta o‘yinda raqiblar darvozasini 21 marotaba ishg‘ol qilgan. Milliy terma jamoa tarkibida uchta uchrashuvda maydonga tushgan.
Abduxoliqov yil boshida Ukrainaning “Rux” jamoasi bilan shartnoma imzolagan edi. Biroq, 24 yoshli hujumchimizga "Rux" bosh murabbiyi asosiy jamoa tarkibidan joy bermadi. Garchi futbolchimiz o‘rinbosarlar tarkibida yaxshi o‘yin ko‘rsatib, bir juft gol urgan bo‘lishiga qaramay, uning harakatlari murabbiy shtabi tomonidan e’tiborsiz qoldirildi.
Iste’dodli futbolchi o‘ziga bo‘lgan munosabatni hazm qilmadi va “Rux” bilan shartnomasini yakunlab, yurtimizga qaytgan edi.
“Nasaf” mashg‘ulotlarida qatnashib yurgan Bobur yaqinda sports.uz saytiga intervyu berib, o‘ziga bildirilayotgan takliflarni o‘rganib chiqayotgani va tez orada Evropa jamoalaridan birini tanlashi haqida ma’lumot bergan edi.
Belarus futbolini yorituvchi manbalarning xabar berishicha, “Energetik-BGU” klubi yozgi transferlar vaqtida o‘zbekistonlik hujumchini o‘z safiga qo‘shib oladi.
Bundan tashqari, “Energetik-BGU” Belarus chempioni – “Shaxtyor” tarkibidagi hamyurtimiz Shahzod Ubaydullaevni ham ijaraga olish bo‘yicha ish olib bormoqda. Ubaydullaev mavsumoldi yig‘inlarida o‘zining mahoratini ko‘rsatib, soligorskliklarning to‘purari bo‘lgandi. Belarus oliy ligasi boshlanishi bilan u tarkibga kiritilmayapti.Hozirgacha Shahzod uchta uchrashuvda qatnashib, bitta golli uzatma berdi.
Shahzod Ubaydullaev ham O‘zbekiston milliy terma jamoasiga nomzod futbolchi hisoblanadi. U mamlakatimiz bosh jamoasi safida uchta o‘yin o‘tkazib, bitta gol urishga ham muvaffaq bo‘lgan.
“Energetik-BGU” o‘zbekistonlik futbolchilarga ham, muxlislarga ham begona emas. O‘tgan mavsumda bu jamoada Jasur Yaxshiboev va Shahboz Umarov to‘p tepgandi. Keyinchalik “Shaxtyor”ga o‘tgan Jasur oxir-oqibat mavsumni chempion sifatida yakunladi. Ayni paytda Yaxshiboev Polsha chempioni “Legiya” jamoasida o‘z omadini qidirmoqda.
Shahboz Umarov o‘tgan yili “Energetik-BGU”da 30 ta uchrashuvda maydonga tushib, 4 gol va uchta golli uzatma muallifi bo‘ldi. Hozir BATE sharafini himoya qilayotgan hamyurtimiz borisovliklarning etakchilaridan biriga aylangan. Hozircha, Umarov o‘z hisobiga beshta gol va uchta golli uzatma yozib qo‘ydi. BATE savida Belarus kubogini qo‘lga kiritdi.
O‘tgan mavsumda “Energetik-BGU”da Humoyunmirzo Iminov ham o‘ynadi. Bu futbolchimiz o‘zi uchun etarli tajriba to‘plab, hozir “Paxtakor”ning asosiy tarkib futbolchisi hisoblanadi.
Demak, Belarus chempionatida muxlislarimiz yana o‘zlari uchun qadrdon bo‘lib qolgan “Energetik-BGU”ga muxlislik qila boshlaydi. Bu jamoa Abduxoliqov va Ubaydullaevning kuchliroq klublar va chempionatlarga ko‘chib o‘tishida o‘ziga xos tramplin bo‘lishiga umid qilamiz.
Fikrlar