Terma jamoamizdan xokkeycha hisoblar

  • 4 dekabr, 2018, 14:11
  • Baxtiyorjon Toshtemirov
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Yaqinda Toshkentda “CAFA Womens Championship 2018” xalqaro musobaqasi yakuniga etdi. Ayollar futboli bo‘yicha o‘tkazilgan mazkur turnirda O‘zbekiston, Eron, Afg‘oniston, Tojikiston hamda Qirg‘iziston terma jamoalari ishtirok etishdi. Bahrom Norsafarov bosh murabbiylik qilayotgan milliy terma jamoamiz uchun Toshkent mezbonlik qilgan xalqaro musobaqa muvaffaqiyatli keldi va raqiblarini o‘ta yirik hisoblarda taslim etdi. Jumladan, Afg‘oniston termasini 20:0, Tojikistonni 11:0, Qirg‘izistonni 10:0 va eronlik qizlarni 2:1 hisoblarida dog‘da qoldirib, to‘plar nisbati bo‘yicha 43-1 (!) ko‘rsatkichini qayd etgan holda mutloq chempionlikka erishdi. Shu o‘rinda tabiiy savol tug‘iladi: futbolchi qizlarimiz ishtirokida qayd etilgan natijajalardan xulosa qiladigan bo‘lsak, terma jamoamiz shu darajada kuchayib ketganmi yoki musobaqaning saviyasi past darajada o‘tganmi? Albatta, terma jamoalarimizning har qanday holatda ham yirik hisoblarda g‘alaba qozonishi ko‘zni quvontirmay qolmaydi. Axir bunday natijalar doim ham kuzatilavermaydi. Shuni hisobga olganda, Norsafarov jamoasi o‘z o‘yinlari va natijalari bilan muxlislarni quvontira oldi. Natijalardan shuni bilish mumkinki, birgina eronliklar terma jamoamiz uchun jiddiy muammo tug‘dira olishgan xolos. Qolgan bahslarda esa hattoki xokkeyda ham kam kuzatiladigan hisoblar qayd etildi va bu holat raqiblarning terma jamoamizdan har jabhada kuchsiz ekanini isbotlab berdi. Musobaqa yakuniga etganidan keyin milliy terma jamoamiz bosh murabbiyi Bahrom Norsafarov o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi.

Tecno

“Yaqqol ustunlik bilan g‘olib chiqdik”

- “KAFA” rahbariyati ayollar futboliga ham e’tibor qaratgan holda xalqaro musobaqani o‘tkazish uchun “Milliy” stadionni berishdi. Tashkilotchilik tomonidan hamma sharoitlar yaratib berildi. Yangi ekipirovkalar berishdi, umuman aytganda, barcha jihozlar bilan ta’minlashdi. Hakamlar, nazoratchilar, komissarlar ham chetdan chaqirildi. Masalan, Eron, Afg‘oniston, Qirg‘izistondan...hammasi musobaqa nomiga yarasha o‘tdi. Fan-klub jamoamizni yaxshi qo‘llab-quvvatladi, shu bois qizlarimizning kayfiyati ham chog‘ bo‘ldi. Biz uchun eng qiyin o‘yin Eronga qarshi o‘tdi. Qolgan uchrashuvlarda biz yaqqol ustunlikka ega bo‘ldik. O‘sha o‘yin ko‘proq ruhiy tomondan tayyorgarlikni tekshiruvdan o‘tkazdi. Hakam ham bellashuvni nazorat qilmay qoldi. Bilasizmi, Eron bilan uchrashuvda uch nafar futbolchimiz jarohat olishdi. Bu ham o‘yinni jang bo‘lganini bildirib turibdi. Ularda ham jarohat olganlar bo‘ldi. O‘yindan keyin esa ikkala jamoadan bittadan o‘yinchini diskvalifikatsiya qilishdi. Lekin videoda ko‘rganimizda ular o‘zaro nizoli vaziyatlarda futbolchilarni ajratishgan. Bir so‘z bilan aytganda, biz katta tafovut bilan muddatidan oldin musobaqa g‘olibi bo‘ldik.

“Afg‘onistonlik futbolchilarning familiyalari evropacha edi...”

- To‘g‘ri, o‘tkazgan o‘yinlarimizda o‘ta yirik hisoblar qayd etildi. Masalan, Afg‘onistonga 20 ta, Tojikistonga 11 ta, Qirg‘izistonga 10 ta, Eronga esa 2 ta gol urdik. Ammo bu musobaqaning saviyasi past o‘tganligidan darak bermaydi. Aytaylik, eronliklar bizga ancha jiddiy qarshilik ko‘rsatishdi. Misol uchun ushbu turnirga Qozog‘iston bilan Iordaniya terma jamoalari ham kelishlari kerak edi, ammo ma’lum sabablarga ko‘ra kela olishmadi. Toshkentda birinchi bor 19 yoshli qizlar o‘rtasida “KAFA” musobaqasi o‘tkazilganida ham qatnashgandik va o‘shanda ham 1-o‘rinni olgandik. To‘g‘risi, biz Afg‘oniston terma jamoasi haqida aytarli hech nima bilmasdik. Biz uchun sirli jamoa edi. Chunki ularning futbolchilari bilan tanishar ekanmiz, familiyalari evropacha edi. Ammo o‘sha o‘yin shuni ko‘rsatdiki, afg‘onistonlik futbolchilar bir-birlari bilan kirishib keta olmadilar. Qirg‘iziston esa yaxshi raqib. Masalan, Bishkekda o‘tkazilgan musobaqada ular bizga jiddiy qarshilik ko‘rsatishgandi. Qirg‘iziston terma jamoasida taktika yaxshi, lekin ularni to‘g‘ri bajarishda futbolchilari qiynalishdi. Aniqrog‘i, terma jamoamiz bunga imkon berishmadi. Men aslo Toshkentda o‘tgan turnirni past saviyada o‘tdi deb hisoblamayman. Masalan, Tojikistonga 11 ta gol urdik, Eron bilan esa 4:1 hisobini qayd etdi. Jamoa o‘yinini qanday o‘zgartirish bu murabbiyning ishi. Yaqinda bizda O‘zbekiston chempionati tugagan va shundan so‘ng futbolchilarimizni mazkur musobaqaga tayyorladik. Lekin futbolchilarimizga aniq maqsad qo‘yilgandi. Hakam xushtagi chalinganidan to oxirgi xushtagi chalingunicha biz bergan ko‘rsatmalar asosida o‘ynashini uqtirgandik va oxirida nima bo‘lganini tablo ko‘rsatib berardi. Biz ko‘p gol urishga e’tibor bermadik, shunchaki, maydonda hamma o‘z vazifasini to‘g‘ri va aniq bajarishiga e’tibor qaratdik.

“Endi Osiyo chempionati saralashiga tayyorgarlik ko‘ramiz”

- “KAFA” musobaqaga 23 nafar o‘yinchini jalb qilgandik. Qirg‘iziston bilan uchrashuvda esa 19 yoshli qizlarimizdan ham foydalandik. Yaqinda 19 yoshli qizlar o‘rtasida Osiyo chempionati saralashi bo‘ladi. Shu boisda milliy terma jamoada ular uchun o‘yin amaliyotini ta’minlab berish maqsadida ham ushbu qizlarimizning imkoniyatlarini yana bir bor ko‘rib oldik. Shuningdek, bizda ikkinchi tarkib bor va asosan olimpiya terma jamoasi negizi hisoblanib, bunda ham 23 nafar qizlarimiz bor. Yanvar, fevral va mart oylarida yig‘inlar o‘tkazamiz. Chunki 1-9 aprel kunlari Osiyo chempionati saralash bahslarida ishtirok etamiz. Qizlarimizga ikki haftalik dam berdik. Shu vaqt oralig‘ida ularga alohida individual shug‘ullanib turishlari uchun qo‘llariga kartochkalar berdik.

Shuhratbek Jo‘raev suhbatlashdi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!