
Qanday qilib sport ishlari bo‘yicha direktor bo‘lish mumkin?
“Barselona”ning sobiq texnik direktori va “Marsel”ning ayni vaqtdagi sport direktori – Albert Valentin Wyscout ga bergan intervyusida qanday qilib o‘z faoliyatini boshlagani va futbol olamidagi eng nufuzli shaxslardan biriga aylangani haqida hikoya qilib berdi. Quyida ushbu intervyuni e’tiboringizga havola qilamiz.
Qanday qilib siz sport ishlari bo‘yicha direktorga aylandingiz?
Anig‘ini bilmayman. Umuman olganda, futbolga aloqador kishilar bilan bo‘lgan professional munosabat mevasi deb bilaman. Mening holatimda bu butunlay professionallik evaziga paydo bo‘lgan. Ilk davrlarda, futbolchilik paytimda klubni turli yo‘llar bilan boshqarishni kuzatardim.
Sizga kimlar ta’sirini o‘tkazgan yoki o‘tkazib kelmoqda?
Hamma menga ta’sir o‘tkazadi, ammo bir nechtasigina o‘z izini qoldirolgan, xolos.
Futbolchilikdan sport direktoriga qanday kechgan? Faoliyatingizga qarab buni qanday tushunasiz?
Futbolchilik paytimdayoq o‘z shahrim – Kornelya de Lobregatda futbol maktabiga asos solgan edim. Bu menga olg‘a yurishga undadi va men so‘nggi jamoam – “Figueres”da bu imkoniyatni berganidan baxtiyorman. Men taniqli futbolchi bo‘lolmadim, biroq men keyingi bosqigcha qadam tashladim. Kichik klubimdan o‘z g‘oyalarim laboratoriyasi sifatida foydalandim. O‘sha vaqtlarda men murabbiy bo‘lib ishlashga majbur bo‘layotgandim. Kerakli tajribaga ega bo‘lishimga qaramay, bu menga hech ham zavq bag‘ishlamasdi. Keyin men turli klublarda ishlashga o‘tdim, qiyinchiliklarga qaramay, kasbimga bo‘lgan muhabbatim doimo ortib bordi.
Siz David Vilya, Luis Suares, Ivan Rakitich kabi chempionlarni “Barselona”ga olib keldingiz. Bu transferlar qanday amalga oshirildi?
Avvalo shuni alohida aytmoqchimanki, har qanday futbolchining transferi bitta shaxs bilan bog‘liq bo‘lmaydi. Bu bizning ishimiz haqidagi birinchi xato fikr. Sport ishlari bo‘yicha direktor futbolchining transferini amalga oshirishda bir o‘zi harakat qilmaydi. Bitta transfer ustida bir guruh ishlashi tufayli hammasini bir kishiga yuklash menga yoqmaydi. Men bu futbolchilarning transferida ishtirok etganimdan g‘ururlanaman, ammo buni butun “Barselona”, uning tegishli strukturalari amalga oshirgan.
Sky Sports ga bergan intervyuingizda siz “Barselona”ga Neymarni olib kelishni eng omadlisi deb atagansiz. Ayta olasizmi, siz uni qanday qilib imzolashga erishgansizlar?
O‘sha intervyu ingliz tilida bo‘lgan edi va men o‘shanda “biz” bu transferni eng muvaffaqiyatli deb atagan edim. Men uning iqtidorini pasaytirmoqchimasman, ammo chempion jamoani qayta yangilash uchun strategik o‘ylash kerak edi va navbatdagi Messi bo‘lishi kutilayotgan futbolchi shunga arzirdi.
“Barselona”ning so‘nggi muvaffaqiyatida yoshlar akademiyasining ulushi katta. Aytingchi, bu struktura qanday tartibda tuzilgan? Asosiy jamoaga ta’sir qiluvchi yoshlar sektori bilan qanday ishlaysizlar?
Muvaffaqiyatli narsalarning barchasi g‘oya bilan boshlanadi, bu shaxsiyatni olg‘a siljitadi. Yutish juda qiyin, ammo buni o‘z yoshlaring bilan uddalash ikki karra zavqli. “Barsa” misolida bo‘lganidek, bu falsafa bilan bog‘liq bo‘lsa, hatto mag‘lubiyatga ham da’vo qila olmaydi.
Siz avval Ispaniyada, endi Frantsiyada faoliyat olib boryapsiz. Ikki mamlakat orasidagi farqlarni sezdingizmi?
Ha, albatta. Barcha mamlakatlar o‘z madaniyati va qadriyatlariga ega. Bu futbolda ham shunday. Biz Ispaniyada biror nima qanday tushunilsa, uni Frantsiyada ham tatbiq qila olmaymiz. Bu juda jiddiy xato bo‘ladi. Loyihalar muhitga qarab kelib chiqadi. Ispaniya futbolidagi yangi elementlarni frantsuz futbolini boyitish uchun qo‘llansa, bu ojizona fikrimcha, pozitiv natijasini berishi mumkin.
Erkinjon G‘aybullaev tayyorladi.
Fikrlar