
G‘iyosiddin Ahmedov: “Arnold classic” turnirida g‘olib chiqishni maqsad qilganman
Dastlab og‘ir atletika sport to‘garagida faoliyatini boshlagan G‘iyosiddin Ahmedov hozirda bahodirlar o‘yinlarida ishtirok etib kelmoqda va bunga ko‘p bo‘lmasada yuqori natijalarni qayd etib kelmoqda. U endi o‘z oldida bahodirlar o‘yinlari bo‘yicha eng nufuzli turnirlardan biri "Arnold classic"da g‘olib chiqishni maqsad qilib qo‘ygan.
Ma’lumot uchun: G‘iyosiddin Ahmedov 1989 yilda Andijonda tug‘ilgan. Og‘ir atletika bo‘yicha yoshlar o‘rtasida (U-20) Osiyo chempioni, kattalar o‘rtasida qit’a chempionati sovrindori, jahon chempionati va Osiyo o‘yinlari qatnashchisi, bir necha bor O‘zbekiston chempioni hamda ko‘plab xalqaro turnirlar g‘olib va sovrindori.
– Assalomu alaykum, G‘iyosiddin. Sportga kirib kelishingiz qanday bo‘lgan? Suhbatimizni shu bilan boshlasak.
– Vaalaykum assalom. Bilasiz, Andijonda bu erda turli sport turlari bo‘yicha ko‘plab chempionlar etishib chiqqan. Biz yoshlar ham ana shulardan o‘rnak olib yoshligimizdan sportga qiziqishimiz yuqori bo‘lgan. Dastlab meni sportga etaklab borgan inson otam bo‘ladi. 9 yoshimda meni og‘ir atletika sport to‘garagiga olib borgan. Bunga sabab o‘sha vaqtlari ko‘p kasal bo‘lib, men ozg‘in va nimjon edim. Ota-onam meni sport bilan shug‘ullansa, sog‘lig‘i tiklanar deb o‘ylashgan.
– Nima uchun aynan bahodirlar o‘yinlari sport turini tanlagansiz? Sizningcha, boshqa sport turlaridan qanday afzalliklari bor?
– Faoliyatimni og‘ir atletika sport turida boshlaganman. Birinchi bunda sport ustaligini oldim, keyin xalqaro sport ustaligiga ega bo‘ldim. Bundan tashqari yoshlar o‘rtasida (U-20) Osiyo chempioni, kattalar o‘rtasida qit’a chempionati sovrindori, jahon chempionati va Osiyo o‘yinchlari qatnashchisi, bir necha bor O‘zbekiston chempioni (94 kg va +105 kg vaznlarda) va ko‘plab xalqaro turnirlarda zafar quchdim. Bundagi faoliyatimni tugatib, bahodirlar o‘yiniga o‘tganimga bir yil bo‘ldi. Boshida og‘ir atletika bilan shug‘ullanganim uchun bahodirlar o‘yiniga o‘tishim qiyin bo‘lmadi. Sababi har ikki sport turining bazasi bir-biriga juda yaqin. O‘sha narsa menga juda qo‘l keldi, lekin mashqlarida biroz farq borligini e’tirof etish kerak.
– Sizni musobaqalarda eng ko‘p ruhlantirib turadigan narsa nima? Nima Sizni doimo oldinga undaydi?
– Musobaqalarda eng ko‘p o‘zimdan kuch olaman. Negaki, mening oldingi natijalarim, mashg‘ulot vaqtida o‘sishga bo‘lgan harakatlarim ortga yo‘l yo‘qligini anglatib turadi. Keyin menda shaxsiy rekordlar, yangi marralarni zabt etishga bo‘lgan ishtiyoq juda yuqori.
– Sportchi bo‘lmaganingizda qaysi soha vakili bo‘lardingiz va nima uchun?
– To‘g‘risi, buni bilmadim. Maktabda ham, kollejda ham a’lo baholarga o‘qiganman. Ko‘proq til o‘rganishga qiziqaman. Ehtimol sportni tanlamaganimda tilni mukammal o‘rganib, Buyuk Britaniya yoki AQShdagi oliygohlardan birina ta’lim olgan bo‘lardim.
– Sportda omadga qanday qaraysiz?
– Menimcha, omad sportchiga juda zarur. Lekin atlet faqat omadga ishonib qolmasligi ham kerakda. Sababi omad kuchlilarga kulib boqadi deyishadi. Shunday ekan, iqtidor, tinimsiz mehnat ham omadni etaklaydi.
– Kelajakdagi rejalaringiz...
– Eng katta rejalarimdan biri bahodirlar o‘yini bo‘yicha “Arnold Classic” turnirida ishtirok etib, unda g‘olib chiqish va “Prof Cart”ga ega bo‘lish. “Prof Cart”ni qo‘lga kiritgan sportchilar jahon kubogi va shunga o‘xshash nufuzli musobaqalarda ishtirok etish imkoniyatini qo‘lga kiritadi. Bundan tashqari kelajakda murabbiylar sohasida ish olib borishni o‘z oldimga maqsad qilganman. Shuncha yiqqan tajribalarimni yoshlarga o‘rgatib, Osiyo va jahon chempionlarini tarbiyalashdir.
– Sportchining hayotida oila qanday o‘rin tutadi?
– Albatta, sportchining hayotida oila muhim o‘rin tutadi. Sababi muntazam mashg‘ulotlar odamni charchatadi. Shunday vaqtda oilangizdagilarning qo‘llab-quvvatlashi kerak bo‘ladi. Bu unga katta dalda bo‘ladi. Umuman oila sportchining birinchi jamoa hisoblanadi.
– Boshqa o‘zbek sportchilarining faoliyatini ham kuzatib borasizmi?
– Deyarli barcha professional sportchilarimiz faoliyatini kuzatib boraman. Ularning erishayotgan natijalari va bu yo‘ldagi harakatlari menga qiziq. Og‘ir atletika bo‘yicha Ruslan Nuriddinov Olimpiada chempioni. Iqtidorli sportchi. Faoliyati medallarga juda boy. Oldinda yana ko‘plab turnirlarda muxlislarni xursand qiladi. Shuningdek, dzyudochi Rishod Sobirovga havas qilaman. Uningdek uchta Olimpiadada ketma-ket sovrindor bo‘lishni va o‘z sport formasini saqlay bilishni har kim ham eplayvermaydi. Ularni juda hurmat qilaman. Bokschilarimizni ham shu qatorga qo‘shish mumkin.
– Garchi hozir faoliyatlarini yakun yasagan bo‘lishsada, o‘z vaqtida Ruslan Chagaev, O‘tkirbek Haydarov, Artur Taymazov singari sportchilarimiz faoliyatini katta qiziqish bilan kuzatib borganman. O‘zimga ulardan o‘rnak olishga intilganman. Ular bilan faxrlanaman.
– Sportchilik faoliyatingizda eng yuqori erishgan natijalaringiz qanday?
– Og‘ir atletikani hisobga oladigan bo‘lsak, bunda toshni ko‘tarishda ikkita usul bor – dast ko‘tarish va siltab ko‘tarish. Dast ko‘tarishda shaxsiy rekordim bu 174 kg, siltab ko‘tarishda 240 kg. Bahodirlar o‘yinida esa “Atlas shari” deyiladi. Yumaloq tosh bu. 180 kg. Yana karameslo (bahodirlar o‘yinidagi mashqlardan biri – SPORTS.uz) 450 kg. Gantelda (bir qo‘llab ko‘tarish) – 103 kg. Umuman bahodirlar o‘yinida mashqlar juda ko‘p.
– Siz uchun mashhur bo‘lish osonmi yoki yaxshi inson?
– Mashhur bo‘lishga intilish mening rejalarimga umuman kirmaydi. Jamiyatda insoniylik hislatlariga ega bo‘lish kishilar asosiy va kerakli narsalardan biri. Inson jamiyatda boshqalarga nafi tegmasa, uning keragi yo‘q.
– Sportdan tashqari nimalar bilan shug‘ullanasiz?
– Madaniy hordiq chiqarishga harakat qilaman. Kino, teatrga boraman. Premeralar bo‘lsa, qoldirmayman odatda. Musiqani yoqtiraman. Ayniqsa jonli ijro ishqiboziman. Odamlarning ichida bo‘lishga intilaman. Shuningdek, boshqa sport turlaridan futbol o‘ynashga qiziqaman. Bu juda yoqimli sport turi.
Suhbatingiz uchun tashakkur.
Fikrlar