Farhod Bekmurodov: Kelasi yili ham faoliyatimni “Andijon”da davom ettiraman

  • 29 noyabr, 2018, 20:57
  • Baxtiyorjon Toshtemirov
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

“Andijon” klubi 2019 yilgi mavsumni Superligada o‘tkazishidan xabaringiz bor. Buning uchun ular joriy chempionatda pro-ligada etakchilarga xos tarzda o‘yin ko‘rsatdi va natijada qilgan mehnatlariga yarasha munosib ravishda rag‘batlantirilgan holda Superliga yo‘llanmasiga ega bo‘ldi. Andijonliklarning o‘z maqsadiga erishishida barcha futbolchilarning hissalari bor, albatta. Lekin bu borada gap ketganda Farhod Bekmurodovning xizmatlarini alohida e’tirof etsak arziydi. Shahrixonlik ushbu futbolchi mavsumni avvaliga “Lokomotiv” tarkibida boshlagandi. U erda bir davra to‘p surgach, yozdagi transfer oynasi vaqtida “Andijon” jamoasi uni yana ortga qaytardi va shu tariqa Bekmurodov “Burgutlar”ning Superligaga yo‘l olishida katta hissa qo‘shgan futbolchilaridan biriga aylandi. Shu sababli Farhod avvalo yakuniga etgan mavsum to‘g‘risida o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi.

Tecno

- Joriy mavsum o‘ziga yarasha qiyin o‘tdi, - deb gap boshladi, Farhod Bekmurodov. - Ikkinchi o‘rindagi jamoa bilan o‘rtamizda sakkiz ochkolik farq bor edi. Biroq shundan so‘ng kerakli ochkolarni yo‘qotdik. Yutishimiz mumkin bo‘lgan o‘yinlarda muvaffaqiyatsizlikka uchradik. Shu tariqa qiyinchiliklarga uchradik. Lekin biz taslim bo‘lmadik va oxirigacha kurashdik. Natijada mavsum tugashiga bir tur qolganda oldimizga qo‘yilgan vazifani bajardik.

Aytish mumkinki, “Andijon” jamoasining o‘z maydonida Farg‘onaning “Istiqlol” klubiga qarshi o‘tkazgan o‘yini hal qiluvchi ahamiyatga ega edi. Natijada andijonliklar chempionat yakuniga bir tur qolganida Superliga yo‘llanmasini naqd qildi. O‘z navbatida Bekmurodov mazkur o‘yin haqida ham eslab o‘tdi.

- “Istqilol” bilan uchrashuv haqida to‘xtaladigan bo‘lsam, o‘sha bellashuvni ham aslida yaxshi boshlagandik. Biroq o‘zimiz yaratgan imkoniyatlarimizdan foydalana olmadik. Raqib esa bizga qarshi asosan himoyadan o‘ynadi. Ular darvozamiz tomon bitta hujum qilishdi va shundan foydalanib qolishdi. Biz uchun oldinda 45 daqiqa vaqt bor edi. Futbolchilar bilan yanada hamjihat bo‘lib, qanday bo‘lmasin bor imkoniyatimizga ishga solib vaziyatni o‘z tomonimizga o‘zgatirmasak bo‘lmasdi. Hayriyatki, mehnatimizga yarasha muhim g‘alabani qo‘lga kirita oldik.

E’tiborli jihati, ushbu o‘yinchi joriy mavsumda ikki marta chempionlikka erishdi. Mavsumni “Lokomotiv”da boshlagani sababli temiryo‘lchilarning bu yil chempionlikni qo‘lga kiritishida ushbu o‘yinchining ham oz bo‘lsa-da, hissasi bo‘ldi. Shuningdek, “Andijon” bilan pro-ligada qatnashib ham chempion bo‘lib, Superligaga yo‘l olgani ham ajoyib ko‘rinish oldi. Futbolchidan esa qaysi chempionlik muhimroq ekanligi haqida so‘radik.

- Men uchun ikkalasi ham muhim hisoblanadi. “Lokomotiv” klubiga ham befarq emasman. Ularning O‘zbekiston chempionligini qo‘lga kiritgani bilan tabriklayman. Lekin “Andijon”ni Superligaga qaytarish uchun ko‘proq mehnat qildik. O‘z navbatida bizni qo‘llab-quvvatlagan barchaga minnatdorchiligimni bildiraman. Umuman olganda, bu yilgi mavsum men uchun yaxshi o‘tdi. Mamlakatimizning eng kuchli jamoasi

– “Lokomotiv” safida debyut o‘yinimni o‘tkazdim va bir qator uchrashuvlarda ishtirok etdim. Yozda esa “Andijon”ga yordam berish maqsadida qaytdim. O‘tgan yilgi xatolarni takrorlamasligimiz kerak edi. Xudoga shukrki, to‘g‘ri yo‘nalishda ish olib borganimiz sababli Superligaga yo‘llanmani qo‘lga kiritdik.

Shu o‘rinda undan “Lokomotiv” chempionlikni qo‘lga kiritgach, dastlab kimni tabriklagani borasida ham qiziqdik.

- “Lokomotiv” chempionlikni qo‘lga kiritgach, birinchi bo‘lib u erda bir xonada istiqomat qilgan futbolchi Idris Bikmaykinni qutladim. Keyin boshqa futbolchilarni ham tabrikladim. O‘z navbatida “Andijon” bilan Superligaga qaytganimiz uchun Islom To‘xtaxo‘jaev, Sanjar Shoahmedov, Sardor Mirzaev kabi o‘yinchilar ham meni tabriklashdi, - deya javob qaytardi, Farhod.

Xo‘sh, Bekmurodov kelasi yili ham “Andijon”da o‘ynashda davom etadimi? Agar “Lokomotiv” unga yana taklif bilan chiqsa qanday yo‘l tutadi? Bu borada uning o‘zi quyidagilarni aytdi.

- Nasib qilsa, 2019 yilgi mavsumni ham “Andijon”da o‘tkazaman. Lekin vaqti kelib “Lokomotiv”ga qaytish imkoniyati tug‘ilsa bundan foydalanishim mumkin. Axir kim ham bunday jamoada o‘ynashni xohlamaydi?!

Shuhratbek Jo‘raev suhbatlashdi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!