Dostonbek Tursunov: Maqsadimiz - finalga qadar borish
Xabaringiz bor bugun Xitoyda bo‘lib o‘tayotgan U-23 terma jamoalar o‘rtasidagi Osiyo chempionatining “A” guruhida hal qiluvchi 3-tur bahslari bo‘lib o‘tdi.
Hususan, bugun Ravshan Haydarov boshchiligidagi terma jamoamiz ummonlik tengdoshlariga qarshi maydonga chiqishdi. Dostonbek Tursunovning 36-daqiqada kiritgan yagona goli jamoamizga muhim g‘alabani taqdim etdi. Shu tariqa O‘zbekiston U-23 terma jamoasi tarixda ilk bor Osiyo chempionatining chorak finaliga yo‘llanma oldi.
Ushbu muhim bahsdan so‘ng Dostonbek Tursunov SPORTS.uz internet-portali muhbiriga o‘zining o‘yin haqidagi qisqacha fikrlarini bildirib o‘tdi.
“Bugungi bahs qiyin kechishini va shu bilan birga o‘ta muhim ekanligini avvaldan bilgan edik. Shukurki, ko‘zlagan maqsadimizga erishdik.
Kiritgan golim avvalo jamoamning foydasiga xizmat qilganidan xursandman. Fursatdan foydalanib shuni aytmoqchimanki, ushbu g‘alabamizni kuni kecha o‘z bayramlarini nishonlagan Vatan himoyachilariga bag‘ishlaymiz.
Ayni damda terma jamoadagi yigitlarning kayfiyati a’lo darajada. Bizning maqsadimiz finalga qadar borish. Bu yo‘lda qo‘limizdan kelgan barcha ishni qilamiz”, - deydi iqtidorli futbolchi.



Fikrlar