
36 yoshli Modrichga Evropa grandlari qiziqmoqda
Marca nashri xabariga ko‘ra, Luka Modrich bir muddat oldin Madrid klubi bilan hamkorlikni davom ettirishga og‘zaki kelishib olgan, biroq hali yangi shartnoma imzolanmagan. Evropaning top-klublari 36 yoshli yarim himoyachi atrofidagi vaziyatni kuzatib borishmoqda.
Xorvatiyalik futbolchi bilan yangi shartnoma imzolanishi haqiqatga ancha yaqin deb hisoblanmoqda. Boisi, "Real" rahbariyati Modrichning jamoada muhim rol o‘ynashini yaxshi biladi.
Lukaning o‘zi ham Ispaniya poytaxtida qolmoqchi, ammo kerakli hujjatlar hali imzolanmagan. Bu holat esa Evropa klublarining e’tiborini tortmoqda.
Qayd etilishicha, joriy yil Qatarda bo‘lib o‘tadigan jahon chempionati Modrich uchun muhim hisoblanadi. 2012 yildan buyon “Real” safida to‘p surayotgan futbolchining amaldagi shartnomasi esa yozda tugaydi.
Luka Modrich joriy mavsum “Real” safida barcha turnirlar doirasida 32 ta o‘yinda maydonga tushib, 3 ta gol urdi va 7 ta golli uzatmani amalga oshirdi.
Fikrlar