
Professional boks olamidagi muhim janglar ( Anons)
Joriy yil oxiriga qadar professional boks ixlosmandlari bir qator ajoyib janglarning guvohiga aylanishadi. Chempionlik janglari, kamarlarni birlashtiruvchi qarama-qarshiliklar bizni kutib turibdi. Ta’bir joiz bo‘lsa, so‘ngi yillar mobaynida professional boksning nufuzi bir muncha tushdi desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Chunki, super janglar kamdan-kam tashkil etildi. Muxlislar anchagina zerikib qolishdi. Aslida, ular katta-katta janglarni istashadi.
Bu jihatni mazkur sport olami rahbariyati tushunib etgan chog‘i. To‘g‘rirog‘i, bunga yana bir muhim omil sabab bo‘ldi. Ya’ni, yakkakurash olamida MMA asta-sekin o‘z o‘rniga ega bo‘lib bordi. UFC, Bellator promoushenlari jiddiy raqobat ko‘rsata boshladi. Ushbu sport turidagi super to‘qnashuvlarning tez-tez uyushtirilishi, professional boks ravnaqiga ta’sir qildi desak yanglishmagan bo‘lamiz.
Xullas, professional boks olamida ham jonlanish paydo bo‘ldi. Bunga ushbu yil o‘tkazilayotgan bir qator ajoyib, to‘qnashuvlar misol bo‘la oladi. Bugunga qadar bir qator e’tiborga molik janglar bo‘lib o‘tdi. Yil oxiriga qadar ham yuqorida ta’kidlab o‘tganimizdek, bizni bir-biridan qiziq bahslar bizni kutib turibdi. Quyida, ushbu qarama-qarshiliklarni e’tiboringizga havola etamiz.
14 sentyabr
Las- Vegas T-Mobile Arenada AQSh
Tayson Fyuri ( Buyuk Britaniya) va Otto Vallin (Shvetsiya)
Ushbu jang 90.7 kgdan yuqori ya’ni super og‘ir vazn toifasida o‘tkaziladi.
Bu jang haqida nima deyish mumkin. To‘g‘ri, Otto mag‘lubiyat bilmay kelmoqda. Uning hisobida 20 ta g‘alaba mavjud. Ularning 13 tasida raqiblarini nokautga uchrata olgan. Shunday bo‘lsada, Fyuri “klass” borasida raqibidan anchagina yuqori. Qolaversa, britaniyalik ham mag‘lubiyatsiz odimlamoqda. U 28 ta jang o‘tkazgan ularning bittasida durang qayd etgan edi. U ham bo‘lsa, WBC chempioni Deontey Uaylder bilan. Demak, 27 ta g‘alaba ularning 20 tasida nokaut qayd etgan. Shved bokschisi hali Fyuri saviyasidagi raqib bilan to‘qnash kelmagan. Britaniyalik esa qanday daxshatli bokschilarga duch kelganligi barchaga ayon.
Vladimir Klichko, Deontey Uaylderning o‘zi ko‘p narsani anglatadi. Vallinning birgina yutug‘i, uning chapaqayligida desak bo‘ladi. Odatda, bu toifadagi charmqo‘lqop ustalari ba’zi noqulayliklarni keltirib chiqaradi. Lekin, Tayson ko‘p bora bunday raqiblar bilan ham to‘qnash kelgan. Xullas, bu jangda Fyurini imkoniyati anchagina yuqori nazarimizda.
Foizlar borasida esa, 70/30 deb baholagan bo‘lardik.
28 sentyabr
Los-Andjeles, Steplz Tsentr, AQSh.
Errol Spens (AQSh) – Shon Porter(AQSh)
Ushbu jang 66.7 kg vazn toifasida WBC hamda IBF kamarlari uchun kechadi.
Darhaqiqat, mazkur to‘qnashuv barchaning diqqat markazida desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Balki, yil jangiga ham da’vogar bo‘lishi mumkindir. Ayniqsa, yurtimiz boks ixlosmandlari ushbu qarama-qarshilikni orziqib kutayotganligi aniq. Chunki, mazkur bahsning g‘olibi bilan yurtdoshimiz Qudratullo Abduqahhorovning ringga ko‘tarilish ehtimoli yuqori. Albatta, hamyurtimiz ham oktyabr oyida Luis Kollazoni mag‘lubiyatga uchrata olsa, chempionlik tituli uchun ringga ko‘tariladi. To‘g‘ri, ushbu jang g‘olibi Qudratulloga rad javobini berishi mumkin. Lekin, qaysidir kamardan voz kechish evaziga. Shunday holat yuzaga kelsa, vakant qolgan kamar uchun, Abduqahhorov o‘zidan bir pog‘ona pastdagi bokschi bilan jang olib boradi. Qisqasi, juda-juda e’tiborga molik bo‘lgan to‘qnashuv. Biroz mavzudan chalg‘ib ketdik chamamda.
Asosiy mavzuga qaytadigan bo‘lsak, bir-biriga munosib raqiblar. Kichik Spens faoliyati davomida mag‘lubiyatga uchragan emas. U 25 ta jang o‘tkazib, ularning 21 tasini nokaut bilan yakunlagan. O‘ziga hos “pancher” hisoblanadi. Shonda esa aksincha mag‘lubiyat ham durang ham bor. U profi ringda 30 marotaba jang o‘tkazib ularning 27 tasida g‘alaba qozongan. Ikki bor mag‘lubiyatga uchragan bo‘lsa, bir marta durang qayd etgan. 17 bor raqiblarini nokautga uchratgan. Umuman olganda, ushbu to‘qnashuvda Errol Spensning imkoniyati yuqori baholanmoqda. Bunga etarli sabablar ham bor. Jumladan, bo‘y borasida 7 sm baland. Shon 170 sm, Spens 177 sm. Errolning yana bir e’tiborli jihati chapaqay hisoblanadi. Porter esa asosiy zarbani o‘ng qo‘lda beradi.
Shunday ekan, Shon uchun jigarni himoya qilish qiyin bo‘ladi. Ular orasidagi tafovutni yaqqol bilib olish uchun har ikkisining Kell Brukka qarshi o‘tkazgan jangini kuzatish kifoya. Mazkur jangda Shon Porter faoliyatidagi mag‘lubiyatlardan birini qabul qilib oladi. Errol esa aksincha unga xech qanday imkoniyat qoldirmagan. Yana bir omil Shon faoliyati davomidagi boshqalarga nisbatan kuchliroq bo‘lgan ikki bokschi yuqorida ta’kidlab o‘tganimiz Kell Bruk hamda Kit Turmanlarga qarshi jang olib borgan va har ikkisiga mag‘lub bo‘lgan. Ular saviyasidagi Denni Garsiya hamda o‘z vaqtidagi Pol Molinyajini mag‘lub etganligini e’tirof etmasak, qolganlari u qadar yuqori saviyadagi bokschilar deb aytmagan bo‘lardim.
To‘g‘ri, so‘ngi jangida kubalik Ugas Yordenisni mag‘lubiyatga uchratdi. Shunday bo‘lsada, baribir raqiblari orasida eng kuchlisi deya o‘sha mag‘lub eta olmagan bokschilarni e’tirof etgan bo‘lardim. Porterning kuchli tarafi, u ochiq jang olib borishdan qo‘rqmaydi. Va yana jangning borishiga qarab, taktik holatini tez o‘zgartira oladi. Extimol, ushbu jihatlari foyda keltirar... Albatta, bu shaxsiy fikrimiz. Bular haqida yana ko‘p faktlarni keltirsak bo‘lardi. Lekin shu erda to‘xtay qolaylik.
Demak, Errol Spensda imkoniyati yuqori, 60/40 .
5 oktyabr
Nyu-York, Medison-skver-garden, AQSh
Gennadiy Golovkin( Qozog‘iston) – Sergey Derevyanchenko (Ukraina)
Professional boks olamida ukrainaliklar yana porlamoqda. Aka-uka Klichkolardan keyin Vasiliy Lomachenko, Aleksandr Usik, Aleksandr Gvozdik va Sergey Drevyanchenkolar muxlislar diqqat e’tiborini o‘ziga qarata oldi. Ushbu avlod vakillari orasida Sergey ham o‘z o‘rniga ega. Professional ringda 13 ta jang o‘tkazib, ularning 12 tasida g‘alaba qozona olgan. Bir bora mag‘lubiyatga uchragan. GGG esa, 39 ta jang 37 ta g‘alaba, bir mag‘lubiyat va yagona durang. 35 marotaba nokaut qayd etgan. Haqiqiy “pancher”. Natijalar ushbu jangda kim “favorit” ekanligini ko‘rsatib turibdi. Barcha jabhada Genaning ustunligi bor.
Nisbiy tushuncha sanaluvchi bo‘y hamda qo‘llar uzunligi borasida ham qozoq bokschisi yaxshi imkoniyat hosil qilgan. Golovkinning bo‘yi 177 sm ukrainalik bokschi esa 171 sm. Ulkan tajriba ham Golovkinni ushbu jangda imkoniyati yuqori ekanligini anglatib turibdi. Qolaversa, ukrainalik charmqo‘lqop ustasi ham Gennadiy saviyasidagi bokschiga duch kelmagan.
Birgina Daniel Jeykobs bilan to‘qnash kelgan va mag‘lubiyatga uchragan. Golovkin esa, Saul Alvaresga qadar har bir raqibini er tishlatib kelayotgan edi. Derevyanchenkoning ushbu jangdagi kuchli tarafi deya, ishtiyoqni aytib o‘tishimiz mumkin. Lekin bu bir taxmin holos. Boksda har doim hayratlanarli natijalar bo‘lib turadi.
Xullas, imkoniyatlarni 60/40 degan bo‘lar edik.
12 oktyabr
Chikago, Vintrast Arena, AQSh
Aleksandr Usik (Ukraina) – Tayron Sping (Niderlandiya)
Ukrainalik bokschining super og‘ir vazn toifasidagi debyuti bo‘ladi. Aslida, Usik Karlos Takam bilan uchrashish kerak edi. Lekin Takam keyinchalik bu jangdan voz kechdi. Usikni avvalgi vazn toifasidagi ajoyib, betakror harakatlarini ko‘rib, yangi vazn toifasida ham zafarli odimini davom ettira oladi degan taassurotlar uyg‘onishi mumkin. Lekin bu aldamchi tasavvur. Bu vaznga moslashib olgunga qadar Sashaga juda qiyin bo‘ladi.
O‘z vaqtida afsonaviy Roy Jons ham xuddi shunday yo‘l tutgan va qiyinchiliklarga duch kelgandi. Qolaversa, UFC da Maks Xollouey misolida ham bunday holatni ko‘rish mumkin. Xabaringiz bor, o‘z divizionini etakchisi Maks bir vazn yuqorida jang o‘tkazib, dvizionning o‘sha vaqtdagi o‘rtamiyona jangchisi Dastin Porega xech qanday qarshilik qila olmagan edi. Albatta, bu boks! Lekin bu sport turida ham shunday holat yuz berishi mumkin deb ayta olamiz.
Ularning natijasiga e’tibor qaratsak, har ikkisi ham mag‘lubiyat bilmay kelmoqda. Usik 16 ta jang o‘tkazgan va ularning 12 tasida nokaut qayd etgan. Tayron esa, 13 marta ringga ko‘tarilib, u ham 12 bora raqiblarini nokautga uchrata olgandi. Qisqasi, ikki nokautchi bir-biriga qarshi jang olib boradi. Ukrainalik bokschi chapaqay, Sping esa asosiy zarbani o‘ng qo‘lida beradi.
Aleksandrning yana bir yutug‘i, oyoqda ajoyib harakatlana olishidir. Gollandiyalikning bu vazn toifasiga begona emasligi, Usikning debyut jangi bo‘lganligi uchun imkoniyatlar deyarli teng ko‘rinish olganday. Shunday bo‘lsada, Tayronning hozirgi kunga qadar bo‘lgan raqiblari orasidagi eng jiddiysi Aleksandr Usik ekanligiga shubha yo‘q. Demak, ushbu jang g‘olibligi uchun ukrainalik bokschiga qisman ustunlik bergan bo‘lardik.
Imkoniyatlar 55/45. (Davomi bor)
Albatta, bu shaxsiy qarashlarimiz asosidagi taxminlar holos. Sport olamida ko‘plab sensatsiyalar, mo‘jizalar yuz berganligiga ko‘p bora guvoh bo‘lganmiz. Ushbu janglarda kim g‘alaba qozonishini esa, vaqt ko‘rsatadi.
Ahmadbek EShMATOV tayyorladi.
Fikrlar