Xoland Ronalduni pastga surib yubordi
- 20-декабр 2025, 22:12
- Zohir Toshxo’jayev
- 0
- Futbol
Angliya Premer-ligasining 17-turida “Manchester Siti” o‘z maydonila “Vest Xem Yunayted” jamoasini qabul qilib, raqib ustidan yirik 3:0 hisobida g‘alaba qozondi.
“Shaharliklar” safida Erling Xoland dubl qayd etgan bo‘lsa, Tijani Reynders bitta to‘p kiritdi.
Norvegiyalik hujumchining ikki goli uni Angliya Premer-ligasi to‘purarlari ro‘yxatida yana bir pog‘ona yuqori ko‘tardi. 25 yoshli forvardning APLda urgan umumiy gollari soni 104 taga etdi.
Xoland bu ko‘rsatkich bo‘yicha Krishtianu Ronalduni ortda qoldirib, Dide Drogba bilan tenglashib oldi. Angliya chempionatida ikki marta o‘ynagan Ronalduning “Manchester Yunayted”dagi umumiy gollari soni 103 tada to‘xtagan edi.
Erling bu natijaga erishish uchun raqobatchilaridan ancha kam vaqt sarflagan. Xoland 2022 yilning yozida “Manchester Siti”ga kelganidan buyon milliy chempionatda 140 ta uchrashuvda 104 ta to‘p kiritishga muvaffaq bo‘ldi.
Joriy mavsumda Erling Xoland Angliya chempionatida 17 ta o‘yin o‘tkazib, 19 ta gol urdi va 3 ta natijali uzatmani amalga oshirgan holda to‘purarlar bahsida etakchilik qilmoqda.