Ronaldу bir gol bilan ikkita “dahshatli” rekord o‘rnatdi
- 12-апрел, 07:57
- Zohir Toshxo’jayev
- 0
- Futbol
41 yoshli Krishtianu Ronaldu Saudiya Arabistoni futboli tarixini qayta yozishda davom etmoqda.
Saudiya Arabistoni Professional ligasining 28-turida portugaliyalik yulduz yetakchiligidagi “An-Nasr” futbolchilari safarda “Al-Uhdud” jamoasiga qarshi maydonga tushdi.
Uchrashuvning 15-daqiqasida Krishtianu Ronaldu gol urib, jamoasini hisobda oldinga olib chiqdi va bu gol uning “An-Nasr”dagi jami 124-goli bo‘ldi. Shu tariqa, Ronaldu klub tarixida eng ko‘p gol urgan rekordchiga aylandi.
Avvalgi rekord Muhammad As-Saxlaviyga tegishli bo‘lib, bu futbolchi 123 ta gol bilan “A-Nasr” tarixidagi eng zo‘r to‘purar bo‘lib turgan edi. Buyog‘iga esa, undan o‘zib ketgan Ronaldu “An-Nasr”ning 68 yillik tarixida eng sermahsul o‘yinchi sanaladigan bo‘ldi.
Bundan tashqari, portugaliyalik futbol afsonasi professional faoliyatidagi umumiy gollari sonini 968 taga yetkazdi va o‘zining “dahshatli” rekordini yana yangiladi. Futbol jamoatchiligi Ronaldu qachon minglik marradan o‘tishini kutmoqda.
Eslatib o‘tamiz, “An-Nasr”ga kelishidan oldin Krishtianu Ronaldu Evropada “Sporting”, “Manchester Yunayted”, “Real Madrid” va “Yuventus” kabi grand jamoalarida o‘ynagan.