Evropani zabt etishga ketgan o‘zbek futbolchisi haqida ma’lumotlar

  • 12 sentabr, 2024, 22:30
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Jahonning har qanday burchagidagi charm to‘p ustalarining aksariyati uchun Evropaning eng kuchli ligalaridan o‘ynash orzu hisoblanadi. Shu jumladan o‘zbek futbolchilari uchun ham.

Tecno

Hozircha, top-ligalarda to‘p tepish baxtiga “Roma”dagi Eldor Shomurodov va “Lans”dagi Abduqodir Husanov muyassar bo‘lib turibdi. Lekin bu o‘yinchilarimiz Italiya va Frantsiya ligalariga to‘g‘ridan to‘g‘ri yo‘l olmagan.

Ular uchun Rossiya va Belarus chempionatlari kabi musobaqalar tramplin vazifasini o‘tagan. Ayni paytda Rossiya Premer ligasida TsSKA sharafini himoya qilayotgan Abbosbek Fayzullaev ham terma jamoadagi ikki sherigi ortidan borishni maqsad qilgan.

Yozgi transferlar vaqtida Rossiya Premer-ligasiga yana bir iste’dodli futbolchimiz Alisher Odilov ham ko‘chib o‘tdi. Iste’dodli hujumchining ham asl maqsadi eng kuchli ligalarda to‘p tepish va Rossiya chempionati unga chegara emas.

Sports.uz portali Moskva viloyatining “Ximki” jamoasiga qo‘shilgan legionerimiz haqidagi qiziqarli ma’lumotlarni o‘zbekistonlik futbol ishqibozlari hukmiga havola qiladi.

“Ximki” haqida

O‘tgan mavsum Rossiya chempionati birinchi ligasida g‘olib chiqqan “Ximki” Premer-ligada o‘ynash huquqini qo‘lga kiritdi. Tabiiyki, jamoaning eng muhim vazifasi kuchlilar safidagi o‘rnini saqlab qolishdan iborat.

Klub xo‘jayinlari ana shu maqsadni uddalash uchun ishni tarkibni Premer-liga saviyasiga moslashdan boshladi. Bosh murabbiylikka ispaniyalik Frank Artiga olib kelindi. Uning boshchiligida tarkib deyarli qaytadan tuzib chiqildi. O‘n nafardan ziyod futbolchi ketib, yigirma atrofida yangi ijrochi keldi.

“Ximki” 600 ming evroga baholanayotgan Alisher Odilovni erkin agent sifatida bepul transfer qildi. Frank Artiga boshchiligidagi murabbiylar shtabi bu o‘yinchi ham TsSKAdagi Abbosbek Fayzullaev singari jamoada asosiy figuraga aylanishidan umidvor. Ularning ishonchi keyingi paytda o‘zbek futbolidan noyob iste’dodlar etishib chiqayotgani bilan asoslanadi.

“Paxtakor” – iste’dodlar fabrikasi

“Paxtakor” o‘zbek futboliga juda ko‘p talantlarni kashf qilib bergan. Alisher Odilov ham “sherlar” safida futbol sir-asrorlarini o‘rgangan. Keyinchalik Parij Olimpiadasida ishtirok etish maqsadi uchun kurashgan O‘zbekiston olimpiya terma jamoasiga asos qilib olingan “Olimpik” klubiga jalb qilindi.

Asosiy ampluasi o‘ng qanot hujumchisi bo‘lgan Alisher O‘zbekiston chempionati Pro-ligasida 19 ta uchrashuvda 10 ta gol va oltita assist qayd etganidan keyin muxlisu mutaxassislar e’tiboriga tushgandi. Bu jamoa safida O‘zbekiston kubogida ham beshta o‘yinda uchta to‘p kiritdi.

Olimpiada – unutlmas onlar

2021 yilning kuzida Odilov 23 yoshgacha bo‘lgan futbolchilardan tarkib topgan terma jamoaga chaqirtirildi. Bu terma jamoada jami 27 ta uchrashuvda o‘z  hisobiga 12 ta gol yozdirib qo‘ydi. Jamoadoshlari bilan Osiyo o‘yinlari bronza medalini qo‘lga kiritdi. Uchinchi o‘rin uchun bahsda Gonkong darvozasiga super gol urdi.

Alisher dastlab Parij Olimpiadasida qatnashgan jamoa safiga kiritilmagan bo‘lsa-da, musobaqa davomida Ibrohimxalil Yo‘ldoshev o‘rnini egalladi. Alisherning Dominikan Respublikasi darvozasiga urgan goli terma jamoamizga Olimpiya o‘yinlaridagi birinchi ochkoni keltirdi.

Kamtarin, lekin profi

“Ximki”ning yangi o‘yinchisi doim professional bo‘lishga harakat qiladi. Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarini kuzatsangiz dabdaba, hashamat, manmanlikni umuman ko‘rmaysiz. Dam olsa, tabiat qo‘yniga chiqadi. Vaqtining katta qismini futbolga bag‘ishlaydi va muxlislariga doimo oxirigacha kurashish kerakligini ta’kidlab keladi.

Alisher Odilov “Ximki” nazariga 2024 yilning fevralida Turkiyadagi yig‘inda tushgan. O‘shanda Moskva viloyati jamoasi Toshkentning “Olimpik” klubi bilan o‘rtoqlik uchrashuvida kuch sinashgan.

Bellashuvda toshkentliklar 2:1 hisobida g‘olib chiqqan va o‘shanda Alisher Odilov jamoasining birinchi to‘pini kiritgan edi. Uning faol harakatlari “Ximki” selektsionerlari e’tiborini tortgan.

Baquvvat va tezkor

Alisher Odilov bir qarashda qanot hujumchisiga o‘xshamaydi. Bo‘ydor va gavdali. Uning boshlang‘ich tezligi o‘ta yuqori. U chidamliligi bilan ham ajralib turadi.

Bu o‘yinchi raqiblarini katta tezlikda, chalg‘itib aldab o‘tish va markaz tomon harakat qilib, darvozaga kuchli zarba yo‘llashni yaxshi ko‘radi. O‘naqay bo‘lganiga qaramay, chap oyoqda ham aniq va kuchli zarba beradi.

Odilov to‘p uchun kurashdan qochmaydi. Gavdasi evaziga ko‘pincha yakkakurashlarda g‘olib chiqadi. Qo‘rqmay oxirigacha boradi.

Mutaxassislar Alisherga dribling ishlatishda rang-baranglik etishmasligini ta’kidlamoqda. Futbolchi bu jihat ustida ishlashi kerak. Ular Odilovga kreativlikni oshirishni ham maslahat berishmoqda.

Odilovni Fayzullaev bilan taqqoslamang!

Alisher ham, Abbosbek ham bitta fabrika – “Paxtakor” tarbiyalanuvchilari hisoblanadi. Ikkisi ham legioner maqomiga loyiq o‘yinchilar. Xalqaro maydonda o‘zlarini ko‘rsatib kelmoqda.

Lekin ularni bir biri bilan solishtirishga shoshilmaslik kerak.

Birinchidan, ular ikki xil tipdagi futbolchilar. Abbosbek yuqori texnikasiga tayanib o‘ynaydi, markazga intiladi, hujum vaqtida pozitsiyasini bemalol almashtira oladi. Alisher esa, sof qanot o‘yinchisi. Unga to‘pni qanotdan sherigiga uzatib, o‘zi markazga faqatgina raqib jarima maydonchasi yaqinida ko‘chib o‘tish qulay.  

Ikkinchidan, Fayzullaev o‘yin uslubida xilma-xillik ustun turadi, tasavvuri boy, kreativ harakatlari ko‘p. Odilov bu borada hamyurtiga etib olish uchun ko‘proq mehnat qilishi kerak.

Alisher Odilovning ham salohiyati yuqori. Mutaxassislar o‘zbek legioneri Rossiya Premer-ligasining muhim ijrochilaridan bo‘lishga loyiq ekanini e’tirof etmoqda.

To‘qnashuvlardagi bu raqamlar O‘zbekistonning qudratini ko‘rsatyapti!

Husanov atrofida katta o‘zgarishlar bo‘ldi!

Shomurodov maydonga bir o‘zi tushsa, uni albatta to‘xtata olamiz, lekin...

Otabek Shukurovning ketishi foyda keltirdi!

Bosh murabbiy legionerimizni tanqid qildi!

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!