
Daho, professional va dunyo futbolining haqiqiy javohiri
Orkestrning "repetitsiyasi"
O‘tgan asrning 80 yillarida Frantsiya Evropa chempionati oltin medalini qo‘lga kiritgandi. Tarkibda Mishel Platini to‘p surar edi. Keyingi shohsupaga chiqish uchun esa 14 yil kutishga to‘g‘ri keldi. O‘sha 1984 dan 1998 yilgacha bo‘lgan davrda Frantsiya dirijorlar ansamblini tayyorlagandek, ite’dodli futbolchilar avlodini tarbiyaladi. Ular ichida Zidan ham bor edi. Platini va Zidan. Haligacha bu ikki futbolchidan qaysi biri zo‘r ekanligi haqida bahs ketadi. Qaysi biri Milliy futbolga ko‘proq foyda keltirgani borasida bahs-munozaralar tugamaydi. Ularning solishtirilishi Marks va Engels taqqoslanishini yodga soladi. Tarozining katta pallasi Platini tomonni bosishiga sabab, uning hisobida 3 ta “Oltin to‘p” borligi. Lekin Zidan xalqqa yaqinroqligi uchun uni hamma hurmat qiladi.
Ikkalasi ham sharafli ketishga erishdi. Ikkalasi ham yana ancha payt maydonda mo‘jizalar sodir etishi mumkin edi. Zidan qanday ketdi? Uning Materatstsi bilan bog‘liq vaziyati ko‘pchilikning yodida qolgan. Bunday holatni, Jahon chempionati finalida bo‘lgani, hal qiluvchi pallalar paytida bo‘lgani uchun ham Zidanni hech kim kechirmasa kerak deb hisoblashgandi. Lekin uni qahramon deya atashdi. Eng muhimi uni tushunishdi. Zidanning Materatstsi ko‘kragiga boshi bilan zarba bergani ancha payt shov-shuvga aylandi. Ammo bunda Zidanni hech kim ayblamadi.
2006 yil 9 iyul sanasida Zidan futbolchilik faoliyatini yakunladi. 1993 yil 18 sentabrda esa futboldagi ilk qadamlarini qo‘yayotgan edi. O‘shanda u “Bordo” futbolchisi edi.
O‘sha sanada “Bordo” o‘rtoqlik o‘yini o‘tkazayotgandi. 36 daqiqada Zidan o‘z agressiyasini namoyish etadi. Hakam qizil kartochka berib, uni maydondan chiqib ketishini talab qiladi. Frantsiya maxsus komissiyasi KDK Zidanni 10 ta o‘yinga diskvalifikatsiya qiladi. Keyinroq Zinedin bu haqida: “Men adolatsizlikni yomon ko‘raman, men zarbalarni qabul qilaman, indamayman. Ammo shunday lahza keladiki, men o‘zimni tutib turolmayman. Shunchaki “portlayman”. Men Marselning chetroq hududidanman. U erda tortishuvlar deyarli bo‘lmaydi. Ammo kimdir seni ustingdan kulsa, sen unga indamay jim qarab turolmaysan.”
Vertikal reallik
O‘sha paytlarda Zidan mashhur emasdi. Ammo keyinchalik mashhurlik zinasidan chiqa boshladi. Uni “Yuventus” sotib oldi. Zidan “Yuve” safida 2 ta skudetto (1997 va 1998) yutadi. Oldinda uni asosiy maqsadi kutayotgan edi.
Mishel Platini, undan oldinroq o‘ynagan Raymon Kopalar bu maqsadga erisha olishmagan. Jahonning asosiy kubogi bo‘lgan – Jahon chempionati kubogini qo‘lga kiritish Zidan va uning jamoadoshlariga nasib etdi.
1998 yilgi Jahon chempionati finalida Braziliya 3:0 hisobida tor-mor keltirildi. Finalda 2 ta gol urgan Zidan o‘sha o‘yin qahramoniga aylandi. Undan oldinroq esa u “Oltin to‘p”ni ham qo‘lga kiritgan edi.
Frantsiya va uning eng yaxshi futbolchisining hukmronligi 2 yil o‘tib ham davom etardi. Gollandiyaning Rotterdam shahrida bo‘layotgan Evro-2000 finalida 94 daqiqada hisobni tenglashtirib, qo‘shimcha taymlarga olib borishdi o‘yinni. Qo‘shimcha taymlarda Italiyani mag‘lub etishdi.
O‘sha paytlarda, “Yuventus”da ham Frantsiya terma jamoasida ham uning yulduzli onlari davom etayotgandi. Ammo bir yil o‘tib, faoliyatida o‘zgarish qilishni istab qoldi. Turinliklar bilan 2005 yilga qadar shartnomasi bo‘lsa-da, “Real”ning taklifini rad eta olmadi. “Yuve” o‘sha paytlarda eng super jamoalardan edi. Lekin boshqa super jamoalar ham yo‘q emasdi.
Zidan Ispaniyada!
“Real”ni bekorga 2000 yillarda “Gallaktikos” deb atashmagan. Peres rahbarlikka kelgandan so‘ng, jamoaga yulduz futbolchilarni yig‘a boshladi. Birinchi Figu sotib olindi. Asosiy raqib jamoadan futbolchini olish uchun 71 mln evrodan voz kechishga to‘g‘ri kelgandi. Bir yildan so‘ng esa Zidanga 75 mln to‘landi. O‘sha vaqtda “Yuventus”ga bu narxni faqatgina “Real” taklif qila olardi. Keyinchalik esa, Ronaldo. Bekxem, Ouen kabi yulduzlar sotib olindi. Raul, Roberto Karlos va Kasilyaslar allaqachon jamoada edi.
Qanchalik yulduzlarni jamoaga yig‘masin, Peresning 2000-2006 yilgi birinchi davri maqtangulik darajada bo‘lmadi. Bu vaqt oralig‘ida 2 marta Ispaniya chempionligi (2001,2003) va 1 marta Chempionlar ligasi (2002) qo‘lga kiritildi. Bu g‘alabalarda qahramonimiz katta hissasini qo‘shgan. Ayniqsa, Chempionlar ligasi finalida “Bayer” darvozasiga ajoyib gol urgandi.
"Kalla qo‘yilgan" kubok!
Asta-sekinlik bilan Frantsiya Zidanga bog‘lanib qolgani sezilib qoldi. 2002 yilgi mundialdan oldin Zizu jarohat oldi. Guruh bosqichini Frantsiya usiz boshlashiga to‘g‘ri keldi. Birinchi o‘yinda Senegalga sensatsion tarzda yutqazib qo‘ydi. Keyingi o‘yinda esa Urugvay bilan durrang o‘ynadi. Hal qiluvchi o‘yinda Zidan ukol yordamida maydonga tushishga majbur bo‘ldi. Garchi Daniya ustidan g‘alaba qozonishgan bo‘lsa-da, guruh bosqichida hammasi hal bo‘lib, Frantsiya o‘z yurishini to‘xtatishga majbur bo‘lgandi.
Zidan Frantsiya termasini bir o‘zi oldinga tortayotgandek taassurot qoldirdi. Oradan 4 yil o‘tib 2006 yilgi mundialda Frantsiyani finalgacha olib chiqdi. Ammo finaldagi Materatstsi bilan bog‘liq vaziyat tufayli maydonni erta tark etishga majbur bo‘lgandi.
Hozirda Zidan futbolchilik faoliyatidagi singari, murabbiylik faoliyatida ham muvaffaqiyatga erishyapti. “Real” bilan ketma-ket 3 marta Chempionlar ligasida zafar quchdi.
Zizu futbol olamining haqiqiy javohiri.
Fikrlar