
AGMK DXX kubogi kashfiyoti bilan 3 yillik shartnoma imzoladi
Yaqinda bo‘lib o‘tgan DXX kubogi kashfiyoti — Asadbek Ahmadjonov AGMK futbolchisiga aylandi. Bu haqda klub matbuot xizmati xabar berdi.
AGMK jamoasi murabbiylar shtabi butun yil davomida selektsiya ishlarini jadallik bilan olib bordi. Aynan selektsiya ishlari jarayonida yaqindagina Respublika bo‘yicha yoshlar o‘rtasida mahallalar bo‘ylab o‘tkazilgan DXX kubogi musobaqasida olmaliqliklar murabbiylari e’tiboriga tushgan iqtidorli futbolchi bilan professional shartnoma imzolagan.
Manbaga ko‘ra, Yoshlar o‘rtasida o‘tkazilgan DXX kubogining Respublika bosqichida 1-o‘rinni qo‘lga kiritgan, Toshkent viloyatining "Do‘stlik" MFY jamoasi sharafini himoya qilgan 17 yoshli iste’dodli futbolchi, musobaqada 10 ta gol urib to‘purar bo‘lgan — Asadbek Ahmadjonov bilan 3 yillik professional shartnoma imzolandi.
AGMK futbol klubi ushbu iqtidor egasiga professional futbolga yo‘l ochib, unga bu borada ko‘makchi bo‘lishga tayyor, deya qo‘shimcha qilinadi xabarda.
Fikrlar