
Yutolmayotgan va yutqazmayotgan jamoalardan kimdir seriyaga chek qo‘yadimi? Superligada kashfiyot bo‘lishi kutilayotgan klub yoxud 10-tur mutaxassis nigohida
12-15 may kunlari Superliganing 10-tur uchrashuvlari o‘tkaziladi. Bu safar ham keskin o‘tishi kutilayotgan hamda markaziy maqomdagi bellashuvlar bor.
Muxlislar bo‘lajak o‘yinlarni kutishyapti. Shu bois iqtidorli mutaxassislardan biri Diyor Mirzaboev 10-tur juftliklari borasida o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.
12 may
“Qizilqum” – “Olimpik”
- Oxirgi turda “Qizilqum” yirik hisobda OKMKdan mag‘lubiyatga uchradi. Bosh murabbiy Asror Aliqulovni o‘yindan keyingi intervyusida shu ma’lum bo‘ldiki, jamoani ichki muhiti a’lo darajada emas. “Olimpik”ga kelsak, yosh va tezkor futbolchilar jamoaga yig‘ilgan. “Olimpik” Navoiyga ko‘tarinki ruhda boradi. O‘yinga kelsak, mening fikrimcha, “Olimpik” ushbu bahsda mag‘lub bo‘lmaydi, imkoniyatlar 40%60.
13 may
“So‘g‘diyona” – “Turon”
- Oxirgi ikki turda “So‘g‘diyona” Ivan Boshkovich boshchiligida 6 ochko jamg‘ardi. Jamoa o‘yini tubdan o‘zgargan. “Andijon” bilan bahsda tan olish kerak, jamoaning omadi chopdi. “Andijon” safida Farhod Bekmurotov qizil kartochka oldi. Shu vaziyat o‘yinda burilish yasadi, aks holda jamoa ushbu o‘yinda mag‘lub bo‘lmasdi.
“Turon” oxirgi 2 turda mag‘lubiyatga uchradi. Chempionat etakchilariga imkoniyatni boy berdi. Lekin “Paxtakor” bilan o‘yin teng kurashlar ostida o‘tdi, ikkala jamoa ham g‘alabaga loyiq edi. Afsus, “Turon” o‘z penaltisini urolmadi, “Paxtakor” esa aksincha. “Turon” jamoasida Germaniya futbolida murabbiylikni boshlagan mutaxassis ish boshladi. Oxirgi “Paxtakor” jamoasi bilan bo‘lgan o‘yinda “Turon” o‘yinida katta o‘zgarishlar ko‘zga tashlandi. Murabbiy o‘z falsafasini jamoaga singdira boshladi. Imkoniyatlarga kelsak, 50%50.
“Paxtakor” – “Buxoro”
- “Paxtakor”da chempionat starti omadli chiqmadi. Jamoa o‘yindan-o‘yinga har tomonlama qo‘shib, kerakli ochkolarni qo‘lga kirita boshladi va hozirda 1-o‘ringa ko‘tarilib oldi. Hozirgi kunda “Paxtakor” klubida kadrlar muammosi mavjud. Shunday bo‘lsa-da, yuqori malakali futbolchilar yig‘ilgan.
“Buxoro”ga kelsak, Superliga debyutanti qolgan autsayder jamoalari ichida oxirgi 2 turda 4 ochko jamladi. Ulug‘bek Baqoevni qaytishi albatta jamoa o‘yinida ko‘zga tashlandi. “Paxtakor” qiyinchilik bilan g‘alaba qozonadi.
14 may
“Navbahor” – “Surxon”
- Namangan jamoasi o‘z muxlislari oldida qanday o‘yin namoyish etishini hammamiz yaxshi bilamiz. “Navbahor” chempionlik uchun kurashmoqda. Bunday o‘yinlarda jamoa maksimum ochko olishi lozim. “Surxon” bu yilgi chempionatni kashfiyot jamoasi bo‘lishi mumkin. Ammo bu juftlikda “Navbahor” g‘alaba qozonadi.
OKMK – “Andijon”
- OKMK jamoasi oxirgi turda “Qizilqum”ni ayab o‘tirmadi. “Andijon” esa tan olish lozim, omadsiz o‘yin o‘tkazdi. Aleksandr Xomyakovni yaqindan yaxshi bilganim uchun u qanday qilib kuchli jamoalarga qarshi o‘z jamoasini tayyorlashini bilaman. Kurashlarga boy o‘yin bo‘ladi, imkoniyatlar esa 50%50.
15 may
“Metallurg” – “Nasaf”
- Hozirda “Metallurg” jamoasida ishlar ko‘ngilgidek emas. “Nasaf” esa asta-sekin o‘z o‘yinini topmoqda. O‘zaro o‘yinlarga kelsak, “Nasaf”ga oson bo‘lmasligi aniq. Ammo imkoniyatlar 40%60 “Nasaf” foydasiga.
“Neftchi” – “Bunyodkor”
- “Neftchi” bu yilgi chempionatda hali mag‘lub bo‘lmagan yagona jamoa hisoblanadi. To‘g‘ri, oxirgi turlarda jamoa durang o‘ynamoqda, ba’zi o‘yinlarda yaqqol ustunlik qila turib omadi kelmadi. Ikkala jamoa Kubok o‘yinlari doirasida bir-birlarini sinab olishdi. “Neftchi”ning malakali futbolchilariga qarshi “Bunyodkor”ning yosh futbolchilari o‘rtasidagi bu bahs Farg‘ona jamoasi g‘alabasi bilan yakunlanadi, degan taxmindaman.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar