
Yaxshiboevning davri keldimi? Chempion murabbiy uni dastlab Rossiya chempionatida ko‘rmoqchi...
Bugungi kunda Belarus chempionatida o‘z o‘yinlari bilan barchaning e’tiborini tortayotgan Jasur Yaxshiboev alohida mavzuga aylanib qoldi. Natijada ko‘pchilik hamyurtimizni maqtovli so‘zlar bilan “siylamoqda”. Ayniqsa, Yaxshiboev to‘g‘risida xorijlik mutaxassislarning bildirayotgan fikrlari barchamiz uchun qiziq tuyulmoqda.
Jasurning ichki imkoniyatlari va nimalarga qodirligini esa o‘zimizning murabbiylar boshqalardan ko‘ra yaxshiroq bilishini ham eslatib o‘tsak arziydi. Ayniqsa, 2018 yili O‘zbekiston U-22 terma jamoasi Ravshan Haydarov bosh murabbiyligi ostida Osiyo chempionligini qo‘lga kiritganini yaxshi bilasiz. O‘sha tarkibda esa Jasur Yaxshiboev ham bo‘lgan. Umuman olganda, Ravshan Akmalovich ushbu o‘yinchini yoshligidan yaxshi biladi. Shu bois ham o‘z jamoalarida Jasurga ham albatta imkoniyat berib kelgan.
“Jasur xarakteri bola, uning ko‘ngliga yo‘la topa bilish kerak”
Ravshan Haydarov ushbu o‘yinchining qobiliyatlarini ochib bera olgandi. Shu bois ham Yaxshiboev bir necha yil oldin ko‘zga tashlanishni boshlagan. Uning Belarusdagi o‘yinlari esa Haydarov uchun yangilik emas. Shu nuqtai nazardan olib qaraganda, murabbiy bu borada Jasurning legioner sifatida o‘zini ko‘rsatayotgani syurpriz emasligiga to‘xtaldi.
- Avvalambor, Jasurning Belarus chempionatida ko‘rsatayotgan o‘yini men uchun syurpriz emas. Iqtidori va mahorati bo‘yicha o‘z o‘yinini namoyish etyapti. Balki Belarus futboli hamda uni yaxshi bilmaganlar uchun uning o‘yinlari syurprizdek ko‘rinishi mumkin. Jasurning iqtidorini yanada ochishga jamoa ham, murabbiy ham ishonch bildirishi kerak.
- Yaxshiboev xarakterli bola. Uning ko‘ngliga yo‘l topa olishni ham bilish lozim. Agarda yonidagilarning ishonchini his qiladigan bo‘lsa, u butun iqtidorini namoyish etadigan futbolchi. O‘z vaqtida uni 1995 yilda tug‘ilgan futbolchilardan iborat jamoamga qo‘shgan paytimda ham boshida Jasurga qiyin bo‘lgandi. O‘zini tutishi va yana boshqa holatlar bo‘yicha muammolar ko‘ringanida ham buni jamoa bo‘lib hal qilganmiz. Tarkibdagi etakchi yigitlarga Jasur haqida u iqtidorli o‘yinchi, faqat biroz xarakteri bor, jamoaga birdaniga qo‘shilib ketishi qiyin, buning uchun uni jamoamizga moslashtirishda yordamlashishimiz kerak, deb aytganman.
- Futbolchining butun mahoratini ko‘rsatishi uchun albatta jamoa kerak. O‘shanda bizning jamoamizga yaxshi kirishib keta olgandi. Yodingizda bo‘lsa, 2018 yilgi Osiyo chempionatida o‘z o‘yinlari va gollari bilan terma jamoaga katta foyda keltirgan. Belarusda ham u jamoa va murabbiyning ishonchini sezib, nimalarga qodirligini ko‘rsata olyapti.
“Nostandart futbolchilar ko‘pchilikka yoqadi,
Yaxshiboev esa ana shunday ijrochi”
So‘nggi paytlarda Jasurga bo‘lgan qiziqish hamda e’tibor oshib borayotgani tufayli Evropa klublari tomonidan hamyurtimizni kuzatuv ostiga olayotganliklari haqidagi xabarlar chiqmoqda. O‘z o‘rnida Ravshan Haydarov shogirdining bu boradagi imkoniyatlari, ko‘proq qaysi chempionatlarga mos ekanligi borasida o‘z fikrlari bilan ham o‘rtoqlashdi.
- O‘ylashimcha, u har qanday chempionatda o‘ynab keta oladi. Individual mahoratga ega. Jasur nostandart o‘yinchi. Bunday futbolchilar esa ko‘pchilikka yoqadi. Qaerga borsa ham avvalo unga o‘zini ko‘rsatishi uchun ishonch bildirish lozim. Yaxshiboev kerak bo‘lsa himoyada ham yordam bera oladi. Ilgari esa himoyaga qaytib yordam bermasdi. U bilan birga ishlagan paytimizda ham ko‘p narsalarni tushuntirganman. Futbolda hujumni yakunlash qiyin masala hisoblanadi. Ammo to‘pni yo‘qotdimi, uni yana qaytarish uchun kurashish kerak. Bir-ikki vaziyatda to‘pni yo‘qotganida orqaga qaytmagan paytlari bo‘lgan. O‘shanda unga yaxshilab tushuntirganman. Doim unga yaxshi gaplar bilan uqtirilsa, hammasini tushunadi.
- Albatta, Jasur Yaxshiboevni Evropa chempionatlarida to‘p surishini barchamiz istaymiz. Ammo bu borada u bosqichma-bosqich ko‘tarilishga erishishini xohlardim. Masalan, oldin Rossiya chempionatida o‘ynab o‘zini ko‘rsatishi muhimroq. Balki boshqa mamlakatga borib, til muammosiga duch kelsa, o‘z o‘yinini yo‘qotib qo‘yishi ham mumkin. U biroz tortinchoq. Shuning uchun avvalo ko‘tarilishni Rossiya chempionatidan boshlagani yaxshiroq deb o‘ylayman. Eng muhimi, qaerga borsa ham unga ishonch bildiradigan murabbiy bo‘lishi muhim.
“Uning “Paxtakor”dagi faoliyatini
u qadar yomon o‘tdi demagan bo‘lardim”
Bilamizki, Jasur “Paxtakor”da o‘zini to‘liq ko‘rsata olmadi. Futbolchi yaqinda bergan intervyusida bosh murabbiy Shota Arveladze bilan o‘rtasidagi munosabatga ham to‘xtalib, etarlicha ishonch bildirmagani haqida aytgandi. O‘z vaqtida “Paxtakor”da uzoq yillar ishlagan Haydarov esa Yaxshiboevning sobiq klubidagi faoliyatini tahlil qilar ekan, shunday dedi:
- Balki “Paxtakor”da unga katta ishonch bildirilmagandir. Uning o‘yinda qilgan xatolari keyinchalik zaxiraga olinishiga sabab bo‘ldi. Bunday paytlarda unga individual suhbatlar ham etishmagan bo‘lsa kerak. U erda nima bo‘lganini men yaxshi bilmayman. Lekin bunday futbolchilarga o‘ziga yarasha yon bosish kerak.
- Shuningdek, “Paxtakor”da raqobat katta. Doim 10-15 daqiqa o‘ynash futbolchiga yoqmaydi. Doimiy o‘yin amaliyotiga ega bo‘la olmagani bois o‘zini ko‘rsata olmadi. Lekin “Paxtakor”da ham gollari bilan jamoasiga yordam bergan paytlari bo‘ldi.
- Shunga o‘xshash holat Hojiakbar Alijonov bilan ham yuz berdi. U o‘z vaqti soatini kutdi. Imkoniyat berilganidan keyin bundan foydalandi va hozir jamoasining etakchilaridan biriga aylandi. Balki Jasurning o‘zida ham biroz sabrli bo‘lish etishmagandir. O‘sha muhitga yarasha o‘zini o‘zgartirish va moslashtirish degan tushunchalar bor. Biroq uning “Paxtakor”dagi faoliyatini unchalik yomon bo‘ldi deya olmayman. Ishonamanki, qaerda bo‘lsa ham hali o‘zbek futboliga foydasi tegadi. O‘ylaymanki, uning davri keldi va uni ushlab qolish kerak.
Fikrlar