Yaralangan sherlar uchun "Mash’al" qulay raqibmi yoki...

  • 1 aprel, 08:12
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
BEPUL PROPAN

27-29 mart kunlari Superligada 3-tur o‘yinlari bo‘lib o‘tdi. Barcha ishtirokchilarda uchtadan o‘yin bor deb o‘ylayapsizmi? Unda emas. Yodingizda bo‘lsa, 1-turdan o‘rin olgan “Paxtakor” – “Mash’al” qarama-qarshiligi mezbonlarning OChLdagi ishtiroki tufayli qoldirilgandi. 2 aprel kuni aynan ushbu o‘yin o‘tkaziladi.

Tabiiyki, boshqalardan farqli o‘laroq, ikkala ishtirokchi hisobida ikkitadan o‘yin bor. Kutilmagan jihati, “Paxtakor” klubi uchun chempionat omadsiz boshlandi. 2-turda Olmaliqda OKMKga 2:0 hisobida yutqazgan, “Sherlar” 29 mart kuni Jar stadionida “Dinamo”ni qabul qildi va 0:1 natijasida engilib, yana muxlislarini xafa qildi. Portugaliyalik yangi murabbiy boshchiligidagi “Paxtakor”dan bunday startni kim ham o‘ylabdi deysiz?! Ayniqsa, yaqinda OChL doirasida Toshkentda Saudiya Arabistonining “Al-Hilol” klubiga qarshi bahsda “Paxtakor”ning ko‘rsatgan o‘yini barchada iliq taassurot qoldirgan bo‘lib, jamoaning xarakteri va kuchiga yuqori baho berilgani rost edi. Yana Arveladze davridagi “Paxtakor” qaytayotgani haqida gapirila boshlangandi. Lekin bu gaplar Superligada o‘z tasdig‘ini topmayapti.

“Sherlar” hozir yaralangan holatda turibdi. 2 aprel kuni “Mash’al”ga qarshi o‘tadigan uchrashuvda, balki ko‘pchilik ana endi “Paxtakor” bor alamini muborakliklardan oladi va ilk g‘alabasini qo‘lga kiritadi, degan taxminlarga borishayotgandir (ayniqsa, “Paxtakor” ishqibozlari). Lekin “Sherlar” ruhiy tushkunlikdan qutulib keta olarmikin? Hozirgi paytda har bir raqibga hurmat bilan qarash kerak, hamma futbol o‘ynashni biladi.

“Mash’al” “Dinamo”ga qarshi chempionatdagi birinchi o‘yinida yagona gol evaziga mag‘lub bo‘ldi. Lekin o‘tgan turda Asror Aliqulov jamoasi Jizzaxda “So‘g‘diyona”ni 1:0 hisobida taslim qilishning uddasidan chiqdi. “Mash’al” kichik sensatsiya ko‘rsatdi. Albatta, 2 aprel sanasidagi bellashuvda nom va tarkib jihatdan favorit “Paxtakor” hisoblanadi. Lekin boya aytganimizdek, klub ruhiy tushkunlikdan qanchalik xalos bo‘la olarkin?

Asosiy gap shundaki, “Paxtakor” yutishi shart va majbur. Hatto durang ham ularga yoqmaydi. “Mash’al” bu bahsda yutqazadigan bo‘lsa, bizningcha ularni aytarli hech kim koyib urushmaydi. Chunki raqib “Paxtakor”. Bu bilan nima demoqchimiz? “Mash’al” maydonda erkin, ortiqcha bosimsiz o‘ynaydi. “Paxtakor” ikkita uchrashuvda ham o‘z o‘yinini ko‘rsata olmadi. Ularga nimadir etishmayotgani aniq. Aliqulov jamoasi birinchi navbatda mudofaa chizig‘ini mustahkamlab qarshi hujumlarda omadini izlab ko‘rishini taxmin qila olamiz.

Shunday ekan, 2 aprel kuni 19:30 da boshlanadigan o‘yin uchun intriga etarli darajada va uni kuzatish ancha qiziqarli. “Mash’al” yana syurpriz ko‘rsatadimi yoki “Paxtakor” omadsizliklariga bo‘lajak bellashuvda barham beradimi?  

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!