Xurshidbek Muxtorov: “Navbahor” tarkibida OChL yo‘llanmasini qo‘lga kiritish niyatidaman

  • 7 may, 2020, 12:13
  • Bekzod Isayev
  • 1
  • Futbol
CHERY AUTO

Barcha sportchilar singari futbolchilar ham karantin davrini o‘z uylarida, oila davrasida o‘tkazishmoqda. Ushbu imkoniyatdan foydalangan holda, “Navbahor” klubi matbuot xizmati jamoa himoyachisi Xurshidbek Muxtorov bilan telefon orqali bog‘lanib, u bilan suxbatlashdi.

Tecno

- Karantin davrini qanday o‘tkazyapsiz? Futbolni sog‘indingizmi?

- Barcha futbolchilar singari karantin paytini uyda, oilam davrasida o‘tkazyapman. Jamoamiz murabbiylar shtabining mashg‘ulotlar jadvali asosida uyda yakka tartibda mashqlarni bajaryapman. Ayni paytda yuzaga kelgan imkoniyatdan foydalangan holda, oilam davrasida ko‘proq bo‘lish, suhbatlashishga intilyapman. Boisi, biz – futbolchilarning asosiy vaqtimiz ko‘proq safarlarda kechadi hamda oila davrasida kam bo‘lamiz. Menimcha, har qanday futbolchi futbolni sog‘insa kerak. Ammo birinchi navbatda sog‘liqni asrash kerak va karantin ham shu niyatda e’lon qilindi. Xudo xohlasa, ushbu sinovli kunlar tezda ortda qolib, barchamiz yana millionlar o‘yinidan bahramand bo‘lamiz, degan umiddaman.

- Karantindan so‘ng, futbolchilarning jismoniy holatlarini tiklash qiyin kechmaydimi?

- Yakka tartibda mashqlar olib borish bilan jamoaviy tarzda mashg‘ulotlarda ishtirok etishning katta farqi bor, albatta. Shu bois, yuzaga kelgan karantin davri futbolchilarning jismoniy holatlariga salbiy ta’sir ko‘rsatishi bor gap. Biroq, Superliga bahslari davom ettirilsa, asta – sekin jismoniy holatimizni tiklab olamiz.

- Karantin davri yakunlaganidan keyin davom ettiriladigan Superliga bahslarida sensatsiyalar yuzaga kelishi ehtimoliga qanday qaraysiz?

- Karantin tugaganidan so‘ng, barcha jamoalarning imkoniyatlari teng, bir xil kuchga ega bo‘ladi, sensatsiyalar yuz berishi ehtimoli yuqori. Bunday holat yuz bersa ajablanishga hojat yo‘q. Axir, millionlar o‘yini sensatsiyalar bilan qiziqarli-ku!

- Sizningcha, joriy mavsumda “Navbahor”ga sovrinli o‘rinlar uchun kurashda qaysi jamoalar asosiy raqib bo‘lishi mumkin?

- Qayd etib o‘tganimdek, karantin davri yakunlanganidan keyin barcha klublar teng kuchga ega bo‘ladi. Shunday ekan, har qanday jamoa “Navbahor”ga munosib raqib bo‘la oladi hamda o‘yinlar oson kechmaydi. Shuningdek, Superligada kuchsiz klub yo‘q. Har bir o‘yinda maydonga g‘alaba ishtiyoqida tushamiz.

- Bolaligingizda kumiringiz kim bo‘lgan? Hozirgi futbolchilardan qaysinisiga havas qilasiz?

- Bolaligimda xorijliklardan Ronaldino, Zidan va Bekxem, o‘zimizning futbolchilardan esa Maksim Shatskix, Aleksandr Geynrix hamda Odil Ahmedovning o‘yinlarini ko‘p tomosha qilardim va ularga havas qilardim. O‘z pozitsiyamda o‘ynaydigan o‘yinchilardan “Real”ning braziliyalik futbolchisi Marselo hamda bir paytlari “Manchester Yunayted”da to‘p tepgan frantsiyalik Patris Evraning o‘yinlarini ko‘proq tomosha qilardim. Mazkur futbolchilardan Marselo va Odil Ahmedov hozir ham faoliyatlarini davom ettirishmoqda. Tabiiyki, ularning o‘yinlarini kuzatishga harakat qilaman.

- Joriy mavsumda “Navbahor”ning oldiga Osiyo Chempionlar Ligasi yo‘llanmasini qo‘lga kiritish vazifasi qo‘yildi. Jamoaning ushbu maqsadni amalga oshirish imkoniyatini qanday baholaysiz?

- “Navbahor”ning ayni paytdagi tarkibi ushbu vazifani amalga oshirishga qodir. Boisi, jamoa safidan mamlakatimizning eng mahoratli hamda tajribali futbolchilari, shuningdek, legionerlar o‘rin olishgan. Jamoani o‘z davrining mashhur o‘yinchilaridan biri bo‘lgan rossiyalik mutaxassis Andrey Antanasovich Kanchelskis boshqarmoqda. Klub rahbariyati, jumladan, Namangan viloyat hokimi Xayrulla Hayitbaevich Bozorov, klub vitse-prezidenti Oybek Arifovich Samatov jamoamizga barcha sharoitlarni yaratib berishmoqda. Men ham “Navbahor” tarkibida OChL yo‘llanmasini qo‘lga kiritish niyatidaman va jamoa tarkibiga shu maqsadda qo‘shildim. Barchamiz ushbu yuksak maqsad yo‘lida birlashib, oldimizga qo‘yilgan vazifani bajarib, muxlislarga quvonch ulashamiz, degan umiddaman.

- Nima uchun aynan himoyachi bo‘lgansiz. Axir, himoya chizig‘i a’zolariga boshqa amplua vakillariga qaraganda, maydonda ancha qiyin bo‘ladi-ku!

- Bolalikdan murabbiylar meni himoya chizig‘iga qo‘yishgan. Oldin markaziy himoyada o‘ynardim. Keyinchalik chap qanot himoyasiga o‘tdim. To‘g‘ri, himoyachiga qiyin. Boisi, raqibning ko‘plab xavfli hujumlarini bartaraf etib, uchrashuv yakunida bitta xatoga yo‘l qo‘yib, sizning aybingiz bilan jamoangiz darvozasiga gol urilsa, muxlislarga yomon ko‘rinishingiz mumkin. Shu bois, biz – himoyachilar o‘yinlarda iloji boricha xatoga yo‘l qo‘ymaslikka intilamiz.

- Himoyachi sifatida “Darvozabon – yarim jamoa” degan gapga qanday qaraysiz?

- Haq gap. Boisi, ortingizda tajribali yoki mahoratli, shuningdek, ishonchli posbon bo‘lsa, maydonda o‘zingizni erkin his qilasiz, qo‘rqmay to‘p tepasiz.

O‘tkir Yusupov mamlakatimizning tajribali darvozabonlaridan biri. Shu bois, biz – himoyachilar maydonda o‘zimizni erkin his qilgan holda o‘ynaymiz.

- Muxlislarga qanday tilaklaringiz bor?

- Ayni paytda yurtimizda muqaddas Ramazon oyi hukmron. Jamoamiz ishqibozlariga ushbu muborak oyda tutgan ro‘zalari va ibodatlarini Alloh o‘z dargohida qabul qilishini tilab qolaman. Jamoamiz muxlislaridan yana shuni iltimos qilardimki, “Navbahor”ga ishqibozlik qilishdan charchashmasin. Biz esa sizlarning ishonchingizni oqlashga intilamiz. Baxtimizga muxlislar hamisha sog‘ bo‘lishsin.

Ma’lumot uchun

Xurshidbek Muxtorov – 1994 yil 9 fevralda Guliston shahrida tug‘ilgan.

Futbol bilan 9 yoshidan shug‘ullanishni boshlagan.

Birinchi murabbiyi – Mahmud Abduraimov.

Guliston BO‘SM va “Paxtakor” BO‘SMda tahsil olgan.

Ampluasi – himoyachi.

O‘ynagan jamoalari: “Guliston” (Guliston, 2013 yil), “Lokomotiv” (Toshkent, 2014 – 2015 yillar va 2016 yilning 1-davrasi), “So‘g‘diyona” (Jizzax, 2015 yilning 2-davrasi), “Olmaliq” (Olmaliq, 2016-2017 yillar va 2018 yilning 1-davrasi), “Nasaf” (Qarshi, 2018 yilning 2-davrasi – 2019 yil), 2020 yildan “Navbahor”da.

Muxlislik qiladigan jamoalari: “Liverpul” (Angliya), “Real” (Ispaniya).

Havas qiladigan futbolchilari: Marselo va Odil Ahmedov.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
fc.navbahor
07/05/2020 13:19
Albatta super ligada adolatli xakamlik bolsa ochlig chiqadi navbahor