
Vaqtida qilinmagan muolaja o‘z so‘zini aytmoqda! "Real"ga endi himoyachi kerak
La Liganing 12-turida "Real" "Osasuna"ni o‘z maydonida qabul qildi va yirik 4:0 hisobida zafar quchdi. Ketma-ket katta mag‘lubiyatlardan keyin bu jamoa muxlislari uchun yaxshi sovg‘a bo‘ldi. Ammo bitta uchrashuvning o‘zida "qaymoqranglilar" bir nechta o‘yinchisidan ayrildi.
Dastlab, 20-daqiqada Rodrigo mushaklaridan jarohat olganligi uchun maydonni tark etdi. U deyarli bir oy jamoasiga yordam bera olmaydi.
Oradan ko‘p o‘tmay yana bir katta yo‘qotish. Uchrashuvdagi birinchi jarohatga hali ko‘nikmagan muxlislar Militaoning maydonda yotishiga guvoh bo‘lishdi. Vaziyat taxmin qilinganidan ham jiddiyroq, himoyachi kamida 9 oy futbol o‘ynay olmaydi. Uning ikkinchi marta xochsimon paylari yirtilib ketdi. Qo‘shimchasiga Vaskes ham 3 haftaga safdan chiqdi. Bu esa o‘z navbatida klub uchun yangi muammolarni keltirib chiqaradi. Ayni paytda lazaretdagi fulbeklar: Alaba, Karvaxal, Vaskes va Militao. Markaziy himoyachilardan faqatgina Ryudiger, Valexo va Raul jarohat olmagan.
"Real" so‘nggi marta qachon himoyaga katta pullar sarflagani esingizdami? Bu voqea sodir bo‘lganiga 5 yildan oshmoqda. Madrid klubi oxirgi marta 2019 yilda Militao ("Portu"dan 50 million evroga) va Mendi ("Lion"dan 48 million evroga) transferlarini amalga oshirdi. Shundan keyin jamoani Ramos, Varan, Marselo kabi muhim futbolchilar tark etdi. "Qaymoqranglilar" esa erkin agentlar, ya’ni Alaba va Ryudiger kabi o‘yinchilarni o‘z tarkibiga qo‘shib oldi. Bu mudofaa bilan jamoa "yomon bo‘lgani" yo‘q. Ammo o‘tgan mavsum klub so‘nggida qiyin vaziyatda yordamga keladigan Nacho bilan xayrlashdi. Uning o‘rniga futbolchi olinmadi. Endi esa rahbariyat transferlar oynasida aynan himoyachi sotib olishga harakat qilishi kerak bo‘ladi.
So‘nggi kunlarda chiqayotgan Ramos va Lyaport haqida mish-mishlar yolg‘on, deya xabar bermoqda "Marca" insayderi Xose Feliks Dias. Uning so‘zlariga ko‘ra, ispaniyalik futbolchi uchun "An-Nasr" 30 million evro so‘ramoqda. Bu esa "Real"ni fikridan qaytarish uchun etarli. Serxioning qaytish imkoniyati juda past.
Jamoa jiddiy qiziqish bildirayotgan himoyachi bu "Leyptsig" a’zosi Lukeba. 21 yoshli frantsuz 2 mavsumdan beri Bundesligada to‘p tepib keladi. Bundan oldin esa u "Lion"da harakat qilgan. Madrid tomoni duch kelishi mumkin bo‘lgan yana bir muammo bu qishda katta transferlarni amalga oshirish qiyinligida. Ayniqsa, o‘z ambitsiyaliga ega bo‘lgan "Leyptsig"dan talantli yosh futbolchini sotib olish oson bo‘lmaydi.
Fikrlar