
"UFC 315" dagi super to‘qnashuv muddatidan avval yakunlanadi(mi?), g‘olib... (So‘rovnoma)
11 may kuni Kanadaning Monreal shahri "UFC 315" turniriga mezbonlik qiladi. Mazkur oqshomning asosiy to‘qnashuvi yarim o‘rta vazn(77,1 kg)da amaldagi chempion Belal Muhammad va da’vogar Jek Della Maddalena o‘rtasida kechadi. Biz ushbu qarama-qarshilik borasida an’anaga muvofiq o‘zbek yakkakurash olami vakillarining fikri bilan qiziqdik.
Farruh Madaminov - O‘zbekiston pankration va greppling assotsiatsiyasi Andijon viloyat bo‘limi rahbari:
- Menimcha bu jangda yaqqol favorit Belal Muhammad. Chunki u kurashda raqibini shunchaki "eb" qo‘yadi. "Stoyka"da ham u raqibidan aslo qolishmaydi. Qolaversa, unda harakter kuchli. Maddalenada bittagina imkoniyat bor. U ham bo‘lsa omadli "daydi musht" orqali nokaut. Boshqachasiga yuta olmaydi. O‘ylaymanki, jang muddatidan avval Belalning g‘alabasi bilan yakunlanadi. Imkoniyatlarni 80-20% degan bo‘lardim.
Jahongir Bo‘riev - bloger:
- Belal Muxammad - Jek Della Maddalena! "UFC 315" rakamli turnirining yarim o‘rta vaznda kamar uchun kechadigan asosiy jang.
To‘g‘risini aytsam, "UFC 315" juda katta shov-shuvli turnir emas, sababi bu erda katta yulduzlar va yukori elitadagi sportchilar katnashmaydi. Jang uchun ochiq fikrim, Belal Muxammad albatta favorit, 60%- 40% deb baxoliyman. Belal, agar parterda ko‘proq ishlasa, 5 raundlik jangda, hakamlar qaroriga ko‘ra g‘olib chikadi. Chunki Maddalena kurashda va himoyalanishda oddiy jangchilar bilan ham qiynaladi. Agar jang "stoyka"da ko‘proq davom etsa, Belal Jek Maddalenani texnik nokautga uchratadi, taxminan 3-4 raundlar oralig‘ida. Belal Muhammad o‘zi zerikarli chempion, agar Maddalena g‘alaba qozonib chempion bo‘lsa, UFC ning eng zerikarli chempioniga aylanadi. Bu fikrim bilan Maddalenani mehnatlarini erga urmoqchi emasman, lekin UFC chempionligi xaqida gap ketganda afsuski, bu sportchiga yuqori baxo bera olmayman. Ko‘ramiz,hammasi jangchilarni bu bahs uchun jismoniy va ruhiy tayyorgarligiga bog‘liq !!!
Mavlon Mavlonov - murabbiy:
- Belal Muxammad - Jek Della Maddalena. Bu juda kuchli to‘qnashuv bo‘ladi. Belal oxirgi vaqtlarda haqiqiy jangchi sifatida o‘sishga erishdi. Shu bois uning imkoniyatlarini yuqori baholayman. Menimcha, amaldagi chempion 2 yoki 3-raundda texnik nokaut evaziga g‘alaba qozonadi.
Mirafzal Axtamov - PFL jangchisi:
- Bu erda imkoniyatlarni 50/50 baholayman. G‘olibni oldindan aniq aytish qiyin. Agar bahs to‘liq davom etsa, Belal g‘alaba qozonadi. Biroq Maddalena nokaut qiladigan kuchli zarbaga ega ekanini ham unutmaslik kerak. Belal birinchi raunddan raqibni kurashga tortsa, yakunda qo‘li baland keladi. Agar tik turib jang qilsa, Jek uni "uxlatib qo‘yadi".
Abdurahmon Fozilov - LFA jangchisi:
- Belal Muxammad va Jek Della Maddalena jangi muxlislarni zeriktirib qo‘ymasligi aniq. Bu erda faqat ular yutadi. O‘ylashimcha, imkoniyatlar 60/40 Belal foydasiga.
Fikrlar