
"Turon" safidagi yangi legioner va mahalliy futbolchilar nega "Hokim kubogi"da maydonga tushmayapti? Murabbiy javob berdi
Superliga debyutanti "Turon" o‘z safiga legioner qo‘shib oldi. Serbiya va Gretsiya davlatlarida to‘p tepgan yarim himoyachi Sinisha Babich yaypanliklar bilan bir yillik bitimga imzo chekdi.
Jamoa bosh murabbiyi Islombek Ismoilov «Hokim kubogi-2021» musobaqasidan o‘rin olgan «Bunyodkor»ga qarshi bahsdan so‘ng, ushbu futbolchi qachondan mashg‘ulotlarga kirishishi borasida ma’lumot berdi. Murabbiy tarkibdagi xorijlik boshqa o‘yinchilarga ham e’tibor qaratdi. Bu haqda klub rasmiy sayti xabar chop etdi.
— Serbiyalik legioner Sinisha Babich bilan bugun kelishuvga erishdik. Nasib bo‘lsa, hujumkor yarim himoyachi ertadan boshlab, biz bilan mashg‘ulotlarga kirishadi.
— Jamoa tarkibida bir qator futbolchilar maydonga tushmayapti. Jumladan, legioner Umarjon Sharipov, to‘purar futbolchilardan biri Doniyor Ismoilov…
— To‘g‘ri, hozir ayrim futbolchilarimizda jarohat bor. Xususan, Tojikiston chempionatidan jamoamiz tarkibiga jalb etilgan Umarjon Sharipov, shuningdek, Abduqahhor Hojiakbarov, Jasur Xakimov, Fozil Musaev, G‘iyos Komilov kichik jarohatlar tufayli maydonga tusha olmayapti. To‘purar futbolchilarimizdan biri Doniyor Ismoilov kuni kecha farzandli bo‘lgan, shu sababdan unga ma’lum bir muddat uyga javob berganmiz, u ertadan jamoamiz yig‘iniga kelib qo‘shiladi. Fursatdan foydalanib, Doniyor Ismoilovni jamoamiz a’zolari va muxlislari nomidan tabriklaymiz.
Fikrlar