
Superligada tarixi yaqinda boshlangan to‘qnashuv
13 iyun kuni Superligada bitta o‘yin bo‘lib o‘tadi. 6-turning qoldirilgan bellashuvi doirasida “Dinamo” - “Olimpik” qarama-qarshiligiga guvoh bo‘lamiz. FIFA kunlari ham nihoyalanib boryapti. Bugun terma jamoalar ishtirokidagi o‘yinlar bo‘lib o‘tadi va shundan so‘ng yana chempionat bahslari davom ettiriladi. Superliganing navbatdagi tur o‘yinlari esa 14 iyundan boshlanadi. Shuning uchun ushbu sanadan bir kun oldin o‘tkaziladigan bahsga boshqalarning ham e’tibori qaratiladi.
“Dinamo” ushbu uchrashuv bilan zaxira o‘yinini tugatadi, “Olimpik”da esa yana bitta zaxira o‘yini qoladi. Ayni paytga kelib jamoalarni bir ochko ajratib turibdi. Samarqandliklar 9 uchrashuvdan so‘ng 2 g‘alaba, 4 durang va 3 mag‘lubiyat qayd etib, 10 ochko bilan 9-o‘rinda. “Olimpik” 8 o‘yin o‘tkazib, 2 g‘alaba, 3 tadan durang hamda mag‘lubiyatga uchragan. Ochkosi 9 tani tashkil qilyapti. Egallab turgan o‘rni esa 11.
Bu juda qiziqarli va hujumlarga boy o‘tsa kerak. Vadim Abramov va Timur Kapadzening o‘yin uslublari bir-biriga zid emas. Ikkalasi ham hujumkorlikni yoqtirishadi. “Dinamo” garchi 9-pog‘onada bo‘lsa-da, ularning ko‘rsatayotgan o‘yini ko‘pchilikka manzur bo‘lyapti. Aytish kerakki, Abramov jamoasi chempionatda ketma-ket oltita o‘yindan buyon yutqazmayapti. 2 g‘alaba va 4 durang o‘ynadi. Bu esa “Dinamo”ning to‘g‘ri yo‘lga tushib olgani va bosh murabbiyning taktikasi asta-sekin ish berayotganidan darak. Albatta, “Olimpik” ham jiddiy raqib. Har xolda o‘tgan turda Namanganda “Navbahor” bilan durang o‘ynadi. Umuman aytganda, oxirgi uchta uchrashuvda Kapadze jamoasi bir g‘alaba va ikki durang o‘ynadi. Bir-biriga munosib raqiblar.
“Dinamo” va “Olimpik”ning o‘zaro o‘yinlar tarixi yaqindagina boshlangan. Bilasizmi, hozirga qadar bu klublar chempionat doirasida faqat ikki marta to‘qnash kelishgan. Bu 2022 yilgi mavsumga to‘g‘ri keladi. Ularning ilk o‘yini mazkur yilning 5 may sanasida Toshkentda o‘tkazilgan. O‘shanda 1:1 hisobi kuzatilgan. 2 oktyabr kuni ikkinchi davra doirasidagi Samarqandda o‘tgan bahsda ham yana 1:1 natijasi qayd etilgan. Ko‘rib turganingizdek, jamoalar ikki bor kuch sinashishgan va hali g‘olib aniqlanmagan.
Bu zaxiradagi o‘yin ikkala jamoa uchun qo‘shimcha imkoniyat. “Dinamo” duranglar epidemiyasidan keyin nihoyat o‘tgan turda g‘alaba qozondi. Samarqandlik muxlislar endi jamoasining g‘alabali seriyasi boshlanishidan umidvorlar. “Olimpik” istalgan raqibga muammo tug‘dira oladi. Buni Namangandagi bellashuvda ham ko‘rdik. Hech qanday bosimsiz faqat o‘z o‘yinini o‘ynayotgan jamoadan har narsani kutsa bo‘ladi. “Dinamo” esa yutishga majbur. Ko‘ramiz, Jizzaxdagi ushbu o‘yinda kimning ko‘chasida bayram bo‘larkin?
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar